Jahon | 09:41 / 05.12.2021
9954
2 daqiqa o‘qiladi

Merkel Germaniya xalqiga so‘nggi bor murojaat qildi

Germaniya hukumatiga 16 yil davomida rahbarlik qilib kelgan Angela Merkel siyosatdan ketishidan oldin hamyurtlariga so‘nggi videomurojaatini yo‘lladi. 

Foto: imago

Siyosatchi o‘z murojaatida koronavirus pandemiyasi sababli butun dunyo to‘qnash kelgan vaziyat jiddiyligini eslatib o‘tdi va fuqarolarni inqirozga qarshi kurashish uchun birlashishga chaqirdi.

 “Pandemiyaning 4-to‘lqini avji pallasida biz juda jiddiy vaziyatda qoldik. Afsuski, bizni oldinda bir necha og‘ir hafta kutmoqda. Biz undan faqat birgalikda o‘ta olamiz”, deb ta'kidlab o‘tgan siyosatchi. U navbatdagi marta faqatgina emlash mamlakatni avvalgi hayotga qaytara olishini takrorlab o‘tgan.

“Bu birinchi yoki qayta emlash bo‘lishi muhim emas. Har bitta emlash yordam beradi. Emlashning imkoni boricha yuqori darajasi mamlakatimizga pandemiyani yengib o‘tishda ko‘mak beradi”, deb aytgan Merkel va bu “og‘ir damlarda” mulohazakor bo‘lib, qoidalarga amal qilgan barcha germaniyaliklarga minnatdorlik bildirgan. 

Siyosatchi o‘zining so‘nggi murojaatida kansler lavozimini egallagandan beri xalqqa 600 martadan ko‘proq videomurojaat yo‘llaganini eslab o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, u birinchi videomurojaatini 2006 yil iyunda Germaniyadagi futbol bo‘yicha jahon chempionati oldidan yo‘llagan. U keyingi murojaatlarida asosan xavfsizlik, madaniyat, raqamlashtirish, jinslar tengligi masalalariga to‘xtalib o‘tgan. 

Merkel 8 dekabrda bundestag yangi kansler sifatida Sotsial-demokratik partiya yetakchisi Olaf Sholtzsni tasdiqlagandan keyin o‘z lavozimini tark etadi. 

2 dekabrda Merkelni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Berlinda “temir frau” sharafiga harbiylar tomonidan Der Große Zapfenstreich — “Kechki shafaq” deb nomlangan tantanali tadbir uyushtirildi. Unda 200ga yaqin kishi, jumladan Merkel boshqaruvi vaqtida vazir lavozimini egallagan 52 kishi ishtirok etdi.

Mavzuga oid