Jahon | 21:43 / 06.05.2025
1581
11 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning yangi kansleri Fridrix Mers haqida nimalar ma’lum?

70 yoshni qarshilayotgan Fridrix Mers Germaniya kansleri etib saylandi. U hech qachon hukumatda ishlamagan, shuning uchun ba’zilar uni siyosatchi sifatida kansler bo‘lish uchun yetarli tajribaga ega emas deb hisoblaydi. Ammo AQSh-Yevropa munosabatlarining murakkab davrida Germaniya rahbarligini qo‘lga olgan siyosatchi mamlakatni inqirozdan olib chiqishni xohlashini aytmoqda.

Foto: Bloomberg

Fridrix Mers 1955 yil 11 noyabrda Brilonda (Shimoliy Reyn-Vestfaliya, Ikkinchi jahon urushidan keyin Britaniya nazorati ostida edi) advokatlar Yoaxim va Paula Mers oilasida tug‘ilgan. U oiladagi to‘rt farzandning eng kattasi. RBK nashri yangi kansler faoliyatiga oid shu va boshqa faktlar bilan o‘rtoqlashdi.

Mersning otasi protestant nasroniy oilasidan; 1970-yillarda u sobiq natsistlarga qarshi sud jarayonlarini boshqargan va mahalliy o‘rta maktabda huquqdan dars bergan. Yoaxim Mers keyinchalik viloyat sudi sudyasi bo‘ldi va Christlich Demokratische Union Deutschlands (nasroniy-demokratlar, CDU) partiyasiga qo‘shildi. Hali maktab o‘quvchisi bo‘lganida, 1972 yilda Fridrix otasidan o‘rnak olib, nasroniy-demokratlarning yoshlar tashkilotiga a’zo bo‘lishga qaror qildi va faolligi bilan ajralib turdi.

Mers 1975 yilda Ryuten shahri gimnaziyasini tamomladi, keyin bir yil davomida o‘ziyurar artilleriya harbiy qismida xizmat qildi.

1976 yilda bo‘lajak siyosatchi CDU partiyasiga yaqin bo‘lgan Konrad Adenauer jamg‘armasidan stipendiya oldi va Bonn bilan Marburg universitetlarida huquqshunoslik bo‘yicha o‘qishni boshladi.

Mers 1985 yilda davlat imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib, Saarbryuken tuman sudida bir yil sudya bo‘lib ishladi, keyin Germaniya kimyo sanoati uyushmasida advokat lavozimini egalladi va advokatlik faoliyatini boshladi.

Siyosiy martaba

Mersning siyosiy faoliyati 1989 yilda CDU partiyasidan Yevropa parlamentiga deputat etib saylanishi bilan boshlandi, u yerda 1994 yilgacha Janubiy Vestfaliya mintaqasi bo‘yicha vakillik qildi. Keyin u Xoxzauerland okrugida (Shimoliy Reyn-Vestfaliya) saylovda g‘alaba qozondi va Germaniya Bundestagi deputati bo‘ldi. U yerda 1994 yildan 2009 yilgacha ishladi.

Deputat sifatida saylanganidan to‘rt yil o‘tib, o‘sha paytdagi CDU/CSU fraksiyasi rahbari Volfgang Shoyble o‘rinbosari bo‘ldi va 2000 yilda uning o‘rnini egalladi. Biroq Mers hech qachon hukumatda ishlamadi, shuning uchun ba’zilar uni siyosatchi sifatida kansler bo‘lish uchun yetarli tajribaga ega emas deb hisoblaydi.

2002 yilgi saylovda markazchilarning mag‘lubiyatidan so‘ng, Mers fraksiya rahbari lavozimini tark etdi va uning vorisi Angela Merkel uch yildan so‘ng Germaniya kansleri bo‘ldi. O‘zining birinchi muddatida u Mers qonun loyihalari bilan boshlangan soliq islohotlarining ashaddiy tanqidchisi bo‘ldi va shuningdek, uning fraksiya rahbari o‘rinbosari lavozimidan chetlatilishini yoqladi. Ular orasidagi ziddiyat kuchaydi, chunki Merkel CDU partiyasini so‘lga siljitishga harakat qildi, Mers esa partiyaning konservativ yo‘nalishini himoya qildi.

2007 yilda Mers federal saylovlarda ishtirok etishdan bosh tortdi va 2009 yilda siyosatni tark etdi. U o‘z qarorini siyosatdan tashqarida «o‘ylab ko‘rish» va professional tajriba orttirish uchun vaqt ajratmoqchi ekanligi bilan izohladi. Biroq, sohani butunlay tark etmadi: ashaddiy amerikaparast bo‘lgan Mers 2009 yilda «Atlantika ko‘prigi» raisi bo‘ldi. Gap partiyadan tashqari tashkilot haqida ketmoqda, unga AQSh va Yevropadan siyosat, biznes va fan vakillari a’zo bo‘lishi mumkin. Mers uni o‘n yil davomida boshqardi.

2018 yil yanvar oyida Mers CDU boshchiligidagi Shimoliy Reyn-Vestfaliya hukumatining Brexit va transatlantik munosabatlar bo‘yicha maslahatchisi bo‘ldi. Shu davrda Donald Tramp Oq uy rahbari edi va Mersning nomzodi AQSh-Yevropa Ittifoqi munosabatlaridagi ushbu qiyin davrga mos tuyuldi.

Mers katta siyosatga qaytishga birinchi urinishini o‘sha yili amalga oshirdi: Hamburgdagi CDU kongressida Merkel saylovda qatnashishdan bosh tortganidan keyin partiyaning yangi raisligi uchun o‘z nomzodini ilgari surdi. Biroq u mamlakatning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri, Merkel himoyachisi hisoblangan Annegret Kramp-Karrenbauerga yutqazdi.

2020 yilda Tyuringiyadagi siyosiy janjaldan so‘ng, Kramp-Karrenbauer partiya yetakchisi lavozimidan iste’foga chiqdi: mahalliy CDU bo‘limi o‘ta o‘ngchi «Germaniya uchun alternativa» partiyasi bilan hamkorlik qilganlikda ayblangan edi. Biroq Mers uning o‘rnini egallay olmadi – Shimoliy Reyn-Vestfaliyaning shu paytdagi bosh vaziri Armin Lashet ikkinchi turda undan 95 ta ovozga o‘zib ketdi.

2021 yilgi Bundestag saylovlari nasroniy-demokratlar uchun falokatli bo‘ldi, bu esa partiya rahbariyatini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishiga olib keldi. Mers uchun bu imkoniyat davriga aylandi: Merkel siyosatni tark etgach, nihoyat CDU rahbari lavozimini egallashga muvaffaq bo‘ldi. U hukumatda ishlash tajribasiga ega bo‘lmagan holda bu partiyani boshqargan birinchi siyosatchi edi.

Germaniya kansleri

2024 yil sentabrida CDU o‘zining Bavariyadagi ittifoqchisi CSU partiyasi bilan birgalikda Mersni kanslerlikka nomzod sifatida ma’qulladi.

2025 yil 23 fevralda bo‘lib o‘tgan Bundestagga navbatdan tashqari saylovlarga bir necha kun qolganida Mers eng istiqbolli nomzodlar reytingida (32 foiz qo‘llab-quvvatlov) birinchi o‘rinni egalladi, Olaf Shols esa Germaniyaning so‘nggi 25 yildagi eng mashhur bo‘lmagan kansleri maqomini oldi. Bu saylov kampaniyasi 2021 yilgi saylovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan CDU/CSU uchun qasos bo‘ldi – bu safar blok birinchi o‘rinni egalladi (28,6 foiz ovoz) va Mers g‘alaba qozongan partiya nomzodi sifatida rahbarlik qiladigan hukumatni tuzish huquqini oldi.

Mers o‘zining saylovoldi tashviqotida 2015 yilda qochqinlar oqimi boshlanganidan beri Germaniyani qamrab olgan migratsiya inqiroziga qarshi kurashga e’tibor qaratdi. Bundan tashqari, bu sohada qat’iy siyosat yuritilishini targ‘ib qildi.

Migratsiya masalasi 2025 yil yanvarida Ashshafenburg shahrida Afg‘onistondan kelgan migrantning hujumi oqibatida kattalar va bir bola halok bo‘lgan fojiadan so‘ng yana kun tartibiga chiqdi. Mers Shols hukumatining bu sohadagi siyosatini tanqid qildi va noqonuniy migrantlarga qarshi kurash bo‘yicha bir qator qat’iy choralar, jumladan doimiy chegara nazoratini joriy etishni taklif qildi. Tegishli tashabbusni Bundestagda qabul qilish uchun CDU/CSU o‘ta o‘ngchi «Germaniya uchun alternativa» (AfD) partiyasidan yordam so‘radi. Bu Mers uchun mojaroga aylandi: CDU yetakchisi o‘ng kuchlar bilan har qanday darajadagi hamkorlikka qo‘yilgan norasmiy taqiqni buzganlikda ayblandi.

Mers AfD bilan hamkorlikni inkor etdi (o‘ta o‘ng partiya Bundestag saylovlarida 20,8 foiz ovozni qo‘lga kiritib, ikkinchi o‘rinni egalladi) va partiyadoshlari uning Merkel davrida partiya chapga og‘ib ketganidan keyin AfD tarafdoriga aylangan konservativ saylovchilarni qaytara olishiga umid bog‘lamoqda. Mersning o‘zi nafaqat CDU kansleri, balki «butun mamlakat uchun kansler» bo‘lishni va uni inqirozdan olib chiqishni xohlashini aytdi.

Xususiy sektorda o‘n yildan ortiq vaqt davomida ishlagan Mers biznesni rivojlantirish tarafdori hisoblanadi. 2000-yillarda u Germaniyaning soliq qoidalarini soddalashtirishni, jumladan, soliq deklaratsiyasini «bir varaqqa» sig‘dirishni taklif qildi. 2024–25 yilgi saylov kampaniyasida u yana iqtisodiyotni erkinlashtirish va byurokratiyani qisqartirish muhimligi haqida gapirdi. U, shuningdek, kompaniyalar uchun soliq imtiyozlari tarafdori, uning fikricha, bu imtiyozlar immigratsiya siyosati xarajatlarini tejash hisobiga moliyalashtirilishi kerak.

Mersning tashqi siyosatga oid qarashlariga kelsak, transatlantik birdamlik tarafdori sifatida u Donald Trampning Oq uyga qaytishi ortidan AQSh-Yevropa Ittifoqi munosabatlari uchun juda muhim pallada Sholsdan estafeta tayoqchasini qabul qilishga tayyorlanmoqda. Mersning fikricha, Yevropa «davrlar o‘zgarishi» paytida o‘z javobini tayyorlashi kerak, aks holda «juda kech bo‘lishi mumkin».

ZDF nashriga bergan intervyusida u Amerika rahbari NATOning o‘zaro mudofaa majburiyatlarini endi so‘zsiz bajarmasligini tan oldi va Yevropaning ikki yadroviy davlati Fransiya va Buyuk Britaniya bilan bu sohada hamkorlik qilish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi.

Bundan tashqari, Mers AQSh va Rossiya boshlagan muzokaralar jarayonida Ukraina va Yevropaning to‘liq ishtirokiga erishish muhim deb hisoblaydi. Nemis konservatorlari, o‘z navbatida, Mersning keskin immigratsiya siyosati, biznesdagi tajribasi va Qo‘shma Shtatlar haqidagi bilimi Trampni maftun etishiga ishonchi komil. Mers tashqi siyosatni AQSh respublikachilarining Yevropa o‘z mudofaasi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligi haqidagi g‘oyalariga muvofiq olib borishi mumkin. CDU/CSU saylov dasturi mudofaa xarajatlarini YaIM 3 foizigacha oshirishni talab qiladi. Bundan tashqari, partiya harbiy majburiyatni qaytarish tarafdori.

Mers, shuningdek, Ukrainaga harbiy yordam va Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, u bir necha bor Kiyevni uzoq masofaga uchuvchi Taurus raketalari bilan ta’minlash tarafdori bo‘lgan, Olaf Shols esa bunga keskin qarshi chiqqan. Biroq, saylovoldi tadbirlarida Mers qaysidir nuqtada Rossiya bilan muloqotga qaytish zarurligini ta’kidladi.

Saylovlarda CDU/CSU g‘alabasidan so‘ng, Mers «tashqi dunyo kutib turmaydi» va shuning uchun uzoq koalitsiya muzokaralariga vaqt yo‘qligini e’lon qildi. Mers hokimiyat tepasiga kelishi bilan Germaniya nihoyat dadil va tavakkalchi kanslerga ega bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, CDU rahbari murosaga kelishga tayyorligini namoyish etadi. Shu bilan birga, Mers doimiy chegara nazorati g‘oyasidan voz kechishga tayyorligini bildirdi.

6 may kuni Bundestag yangi hukumat rahbarini saylash bo‘yicha ovoz berish jarayonini o‘tkazdi, Mers kansler bo‘lishi uchun talab qilinadigan 316 ovozdan 310 ovoz oldi. Bu kutilmagan holat bo‘ldi, ammo ikkinchi bosqichda Mers Germaniya kansleri etib saylandi.

Shaxsiy hayot

Fridrix Mers 1981 yilda siyosatchi Sharlotta Gass bilan turmush qurgan. Ular universitetda o‘qish paytida tanishgan. Mersning rafiqasi hali ham sudya bo‘lib ishlaydi. Ularning uch nafar farzandi bor: bir o‘g‘il va ikki qiz.

Mavzuga oid