O‘zbekiston | 07:54 / 07.12.2021
7635
2 daqiqa o‘qiladi

Bog‘dorchilik shirkatlari binosi turar joy toifasiga qanday o‘tkazilishi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasining “Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini tartibga solishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini tartibga solish, shuningdek, jamoa bog‘dorchiligi va uzumchiligi yuritish uchun ajratilgan yer uchastkasida joylashgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlarini tashkil etishga qaratilgan.

Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari hududida binolarni turar joy toifasiga o‘tkazish obektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi.

Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari hududidagi binolar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab mulk huquqi bilan  turar joy sifatida e'tirof etiladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tgan shirkatlar to‘g‘risida Davlat xizmatlari agentligi va Kadastr agentligi o‘rtasida elektron hamkorlik orqali ma'lumotlar almashinuvi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali amalga oshiriladi.

Mavzuga oid