Jahon | 09:10 / 10.12.2021
7259
1 daqiqa o‘qiladi

Meksikadagi yo‘l-transport hodisasida 53 migrant halok bo‘ldi

Meksikaning Chyapas shtatida migrantlarni olib ketayotgan yuk mashinasi bilan yuz bergan yo‘l-transport hodisasida 53 kishi halok bo‘ldi, yana o‘nlab odamlar jarohat oldi.

Foto: Reuters

Shtatning fuqaro himoyasi agentligi boshlig‘i Luis Manuel Garsiyaning ma'lum qilishicha, yuk mashinasida Lotin Amerikasi davlatlaridan 100dan ko‘proq migrant bo‘lgan. Qurbonlar orasida ayollar va bolalar bor.

Ma'lumotlarga ko‘ra, mashinaning tormozi ishlamay qolgan va u keskin burilish joyida ag‘darilib ketgan. Barcha jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador halok bo‘lganlar oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan hamda barcha zarur yordam ko‘rsatilishini aytgan.

Mashinada AQSh chegarasigacha yetib olmoqchi bo‘lgan gvatemalalik va honduraslik migrantlar bo‘lgan. Chyapas gubernatori Rutilio Eskandonning ta'kidlashicha, yo‘l-transport hodisasi sinchkov tergov qilinadi. Gvatemala prezidenti Alexandro Jammattei halok bo‘lganlar jasadlarini vatanga qaytarishda yordam berilishini aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid