O‘qituvchilari o‘quvchilaridan ko‘p maktab
Navoiy viloyatining Uchquduq tumanidagi 14-umumta'lim maktabi respublikadagi eng kichik maktablardan biri. Tuman markazidan 200 km olisdagi ovulda joylashgan mazkur maktabda 5 nafar o‘quvchiga 6 nafar o‘qituvchi dars beradi.
Ko‘kayaz ovuli Qizilqum cho‘li bag‘rida, Qozog‘iston chegarasi yaqinida joylashgan. Bu yerda 14 ta oilada 60 nafardan ortiqroq fuqaro istiqomat qiladi. Aholi kamligi sababli ovuldagi maktabda ham o‘quvchi soni kam. 5 nafar o‘quvchining 3 nafari 4-sinfda, 1 nafari 5- va yana 1 nafari 8-sinfda tahsil oladi. Ta'lim dargohida darslar qozoq tilida o‘tiladi.
Maktab direktori Aqshagul Madrayimovaning ta'kidlashicha, o‘quvchi soni kamligi ayrim hollarda qiyinchilik tug‘diradi.
“Turli tadbirlar tashkil qilganda o‘quvchi yetishmaydi. Masalan, biror tadbirda sahna ko‘rinishi bo‘lsa, o‘qituvchilarimiz ham qo‘shilib rol o‘ynaydi. Tadbirlarda o‘zimiz ham ishtirokchiga aylanamiz. Shuningdek, fan olimpiadalarida qiynalamiz. Maktabimizga viloyat yoki tumandan odam kelsa, ularga qiziq tuyuladi. Chunki 2 ta sinfda 1 nafardan o‘quvchi bor”, — deydi direktor.
Joriy yilda ovulda “Obod qishloq” dasturi asosida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, maktab binosi ham to‘liq ta'mirlangan. Maktabda respublikaning boshqa hududlaridan kelib ishlayotgan o‘qituvchilar ham bor.
“Uyim bu yerdan 600 km uzoqda joylashgan. Har 2-3 oyda uyga borib kelaman. Ovulda uzoqdan kelib ishlaydiganlar uchun yotoqxona tashkil qilingan. Maktabimizda bolalar soni kam. Bu o‘qituvchiga o‘ziga xos mas'uliyat yuklaydi. Bir nafar o‘quvchi bilan ishlash qulay. Biroq savol-javob va boshqa jarayonlarda qiyin tomonlari ham bor”, — deydi Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi Abbos Mannonov.
O‘zbekistonning eng chekka, shimoliy hududlaridan biri hisoblangan ovulda maktabgacha ta'lim tashkiloti filiali ham bo‘lib, bu bog‘chaga 3 nafar tarbiyalanuvchi qatnaydi.
Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Muhiddin Nido.
Mavzuga oid
12:16 / 01.11.2024
Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi
21:27 / 31.10.2024
Navoiy davlat universiteti tashkil etildi
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
16:28 / 31.10.2024