«Real» - «Atletiko», Jyerrard «Liverpul»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi
Yuqori o‘rinlar uchun kurashuvchi jamoalar nisbatan ko‘p bo‘lgan Italiya va Angliyada bu safar katta afishalar yo‘q. Tig‘iz dekabrni boshlab olish uchun top-klublar kuchsizroq raqiblarga qarshi maydonga tushadilar. Shunday bo‘lsa-da, u yerdan ham e'tiborga molik uchrashuvlar topa oldik. La Liga esa e'tiborimizga ajoyib klassik uchrashuvlardan tashqari, chempionlik uchrashuvi deb ta'riflasa bo‘ladigan Madrid derbisini taqdim etadi.
LIVeRPUL – ASTON VILLA (11 dekabr, 20:00)
Yil boshida «Liverpul» qatorasiga mag‘lubiyatlar uchrab, kutilgan o‘yinni namoyish eta olmayotgan paytlarda Stiven Jyerrard bosh murabbiy sifatida «Enfild»ga kelishi haqida ham fikrlar yangray boshlagandi. Klopp vaziyatni o‘nglay oldi, mavsumni kuchli to‘rtlikda tugatdi, hozir jamoa Yevropada ehtimol eng yaxshi jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Jyerrard esa baribir «Enfild»ga kelmoqda, ammo raqib bosh murabbiyi sifatida.
«Aston Villa» o‘tgan mavsumni yuqori o‘rinlarda yakunlagan bo‘lsa-da, Grilishning ketishi jamoaga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Aslida o‘yinlarda birmingemliklar yomon ko‘rinishmadi, hatto yetakchi jamoalarga qarshi ham munosib harakat qila olishdi. Lekin natijalardagi beqarorlik «Villa»ni xavfli zonaga yaqinlashtirib qo‘ydi. Jyerrard aytish mumkinki, vaziyatni o‘ngladi – 4 o‘yin va 3 g‘alaba. Yagona mag‘lubiyat «Manchester Siti» bilan o‘yinda sodir bo‘ldi, xolos. Jamoa o‘tgan mavsum kabi yana xavfli, har qanday raqibga boshog‘rig‘i bo‘ladigan darajada kuchli.
Avvalgi mavsumda aynan «Enfild»da o‘tgan uchrashuv juda qiziq o‘tgandi. Mehmonlar hisobni ochgan ssenariyda avval Saloh hisobni tenglashtirgan, mezbonlarning g‘alaba goli esa eng so‘nggi daqiqada Trent Aleksandr-Arnold tomonidan urilgandi. Birinchi davradagi o‘yin esa yodingizdan chiqmagan bo‘lsa kerak - «Aston Villa» chempion darvozasiga 7ta gol urishning uddasidan chiqqandi. Liverpulda birmingemliklar oxirgi marta 2014 yilda 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgan.
Tarkiblarga kelsak, «Liverpul»da uzoq muddatga safdan chiqqan futbolchilardan tashqari, Firmino va Jonsning maydonga tushishi so‘roq ostida qolgan. Shuningdek, Diogo Jota ham hafta davomida mashg‘ulotlarda qatnashmadi. Kloppning matbuot anjumanidagi so‘zlariga qaraganda, portugaliyalik hujumchi kechadan mashg‘ulotlarga qaytgan va o‘yinda sheriklariga yordam berishi mumkin. Ammo ilk daqiqalardan maydonga tushmasa kerak. Mehmonlardan esa Beyli va Traorelarning safga qaytishlariga bir oyga yaqin vaqt bor. «Liverpul» hafta o‘rtasida YeChL doirasida Milanga safar qilganini, ya'ni jismoniy tiklanishga vaqt kamroq bo‘lganini ham e'tirof etish kerak. Bu ham mehmonlarga qo‘shimcha ustunlik berishi mumkin.
ATLeTIK – SeVILYa (12 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
Umuman bu haftada Ispaniyada qiziqarli uchrashuvlar ancha ko‘p bo‘lib, Baskoniya va Andalusiya qarama-qarshiligi ham shular jumlasidandir. «Sevilya» ma'lum muddat yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha chempionatning yashirin peshqadami edi, ammo so‘nggi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsiz natijalar oqibatida «Real»ni ancha oldinga o‘tkazib yubordi. «Malorka» va «Alaves» bilan kutilmagan duranglar, madridliklar bilan o‘zaro o‘yindagi mag‘lubiyat natijasida «Sevilya» hozirda «Real»dan 8 ochko orqada qolib ketdi. To‘g‘ri, andaluslarda bir o‘yin zaxirada, lekin o‘sha o‘yin ham «Barselona» bilan ekanini unutmaslik kerak. Buning ustiga Chempionlar Ligasidagi mag‘lubiyat natijasida Lopetegi shogirdlari endi faqat Yevropa Ligasida davom etishlari mumkin.
Bu to‘qnashuv shuningdek, Ispaniya chempionatidagi eng yaxshi ikki himoya chizig‘i bahsiga ham aylanadi. Ha, «Atletiko» emas, aynan mana shu ikki jamoa turnirda eng kam – 11 tadan gol o‘tkazib yuborgan, xolos. «Sevilya»da-ku, urilgan gollar yetarli, ammo bilbaoliklar hujum chizig‘ida ham muammoga duch kelmoqdalar. Jamoa o‘tkazgan 16 o‘yinda atigi 13 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol qilgan xolos - Ligada bu ko‘rsatkich bo‘yicha 17-o‘rin. Umuman «Atletik» so‘nggi turlarda qoniqarli natijalar qayd eta olmayapti, jamoaning g‘alabasiz o‘yinlar seriyasi 7 o‘yinga yetdi. Bilbaoliklar ligada eng ko‘p – 9 marotaba durang qayd etgan.
Tarkiblarga kelsak, «Sevilya» jarohatlar girdobiga tushib qolgan. Lamela va Suso bu yil maydonga tusha olishmaydi. An-Nosiri va Navas to‘liq tiklanib ulgurishmagan. Akunaning qaytishi oy oxiriga mo‘ljallangan. Buning ustiga Rakitich «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda beshinchi sariq kartochkasini oldi va ushbu o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Mezbonlar tarkibida esa Vilyalibre, Vivian hamda Berchichelar sheriklariga yordam bera olmaydilar.
BeTIS – ReAL SOSeDAD (12 dekabr, 22:30)
«Reallar derbisi» har doim alohida voqea, lekin bu safar o‘zgacha – har ikki jamoaning ham turnir jadvali yuqori qismida bo‘lishi ko‘p ham sodir bo‘lavermaydi. «Real Betis» «Kamp Nou»dagi g‘alabasidan keyin, hatto uchinchi o‘ringa ko‘tarilib ketdi. «Sosedad» esa mavsum boshidan beri jiddiy o‘rinlar uchun kurasha olishini namoyish etmoqda va hatto ma'lum vaqt turnir jadvalini boshqarib ham bordi.
Lekin basklarning so‘nggi uch La Liga o‘yinidagi muvaffaqiyatsiz natijalar – «Espanol» va «Real»dan mag‘lubiyat, «Valensiya» bilan durang, jamoani beshinchi o‘ringa tushirib yubordi. Shunday bo‘lsa-da, ushbu o‘yindagi g‘alaba Alguasil shogirdlarini hatto 2-o‘ringa olib chiqishi mumkin. «Betis» esa qatorasiga besh g‘alabadan so‘ng, ham La Ligada o‘rnini mustahkamladi, ham Ispaniya kubogi, Yevropa Ligasi musobaqalarida ham keyingi bosqich masalasini hal qildi. Darvoqe, san-sebastianliklar ham Yevropa Ligasida so‘nggi turni asosiy raqibga qarshi g‘alaba bilan yakunlab, guruhda 2-o‘rinni olishdi va bahorgi yevrokuboklarda ishtirok etish imkoniyatini saqlab qolishdi. Demak, bu borada har ikki jamoaning jismoniy holati teng – har ikki jamoa ham payshanba oqshomida Yevropada maydonga tushishgan.
O‘zaro o‘yinlarda yaqqol ustunlik yo‘q. «Sosedad» oxirgi 20 o‘yinning 8 tasida g‘alaba qozongan, basklar 5tasida. O‘tgan mavsumda La Liga o‘yinlarida «Sosedad» ustunligini namoyish etib, bir g‘alaba va durangga erishgan. O‘z navbatida «Betis» Ispaniya kubogida 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, raqibini turnirdan chiqarib yuborgan.
Jarohatlar borasida mehmonlarda muammo ko‘proq. Balkim jamoaning so‘nggi paytlardagi omadsiz natijalari ham shu bilan bog‘liqdir. David Silva katta ehtimol bu o‘yinga to‘liq tayyor bo‘lmaydi. Shuningdek, Merino va Monreal ham maydonga tusha olmaydi. Mezbonlar tarkibida esa Kamarasa va Sabali kabi futbolchilar hali tiklanib ulgurganlari yo‘q. Katta ehtimol bilan ularni bir haftadan keyingina maydonda ko‘ra olamiz.
VeRONA – ATALANTA (12 dekabr, 19:00)
Anchadan beri A Seriyaning har turida kamida bittadan katta o‘yinni kuzatdik. «Inter», «Napoli», «Milan», «Yuventus», «Roma», «Atalanta» kabi jamoalar o‘zaro o‘yinlarda orani ochiq qilishdi va Italiya chempionati muxlislar e'tiborida bo‘ldi. Bu safar shunday darajadagi o‘yinlar yo‘q, lekin «Atalanta»ning «Verona» maydoniga safarini alohida e'tiborga olsak arziydi.
Birinchidan, «Atalanta» chempionatda qatorasiga besh g‘alabaga erishdi, mag‘lubiyatsiz o‘yinlar sonini 9taga yetkazdi. Bu yurish bergamoliklarni chempionlik poygasiga qaytardi, zero hozirda «Atalanta»ning peshqadam bilan oradagi farqi atigi 4 ochkoni tashkil qilmoqda. Jamoaning keyingi raqiblari – «Roma» va «Torino» bilan uyda, «Udineze» va «Jyenoa» bilan safarda, ya'ni Gasperini jamoasi yilni bemalol yanada yuqoriroq o‘rinda yakunlash imkoniyatiga ega.
Ikkinchidan esa «Verona» qaysidir ma'noda mavsum kashfiyotlariga aylandi va ayniqsa, Tudor boshqaruvga kelganidan beri, katta o‘yinlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazmoqda. «Roma», «Latsio», «Yuventus» ustidan qozonilgan g‘alabalar, «Napoli» bilan durang ham veronaliklarning har qanday jamoa uchun jiddiy raqib bo‘la olishini ko‘rsatib turibdi. O‘tgan turda esa «Verona» yil kambekini amalga oshirdi: Venetsiyada birinchi taymni 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan tugatgan Tudor shogirdlari yakunda 4:3 hisobida g‘alaba qozonishdi.
«Atalanta»ning kayfiyati biroz yomonlashgani tabiiy. Chempionlar Ligasi to‘qnashuvida avval «Vilyareal»ga qarshi o‘yin bir kunga kechiktirildi, keyin esa ushbu o‘yin 2:3 hisobida mehmonlarning g‘alabasi bilan tugadi. Keyingi bosqich masalasi hal qilingan to‘qnashuvda «Atalanta»ga omad kulib boqmadi. Balki yana bir jiddiy turnirni tark etgan bergamoliklar bor kuchini A Seriyaga tashlab, yanada xavfliroq jamoaga aylanishar?
Jarohatlar veronaliklarda ko‘proq – Gyunter, Kanseleri, Kalinich va Davidovich. «Atalanta» tarkibida esa Gosens hali tarkibga qaytmaganidan tashqari, Malinovskiy o‘tgan turda ogohlantirilgan va sariq kartochkalari soni beshtaga yetgan. Ya'ni u ham diskvalifikatsiya tufayli «Verona» safarini o‘tkazib yuboradi.
ReAL – ATLeTIKO (13 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
O‘tgan mavsumni qariyb bir tekis o‘tkazib, mamlakat chempioni bo‘lgan «Atletiko» Grizmanni ham tarkibga qaytargach, yangi mavsumni yaqqol favorit sifatida boshlagandilar. «Real» va «Barselona»da muammolar yetarli, bunday sharoitda Simeoneda chempionlikni himoya qilish imkoniyati katta edi. Lekin negadir «Atletiko» bu safar o‘ziga uncha o‘xshamayapti. Ayniqsa, himoya chizig‘ining mustahkamligi bilan doim dong taratgan madridliklar hozirda bu ko‘rsatkich bo‘yicha ligada atigi 5-o‘rinda borishmoqda. Chempionlar Ligasida pley-off masalasi hal qilingan bo‘lsa-da, so‘nggi turgacha jamoa ancha ishonchsiz harakat qilib keldi.
«Real» esa aksincha, mavsumni muammolar va qoniqarsiz natijalar bilan boshlagan bo‘lsa-da, Anchelotti sezilmas shaklda barchasini o‘z o‘rniga qo‘ydi va endi «Real» nafaqat Ispaniyada, balkim Yevropada ham katta kuchga aylanib boryapti. «Real» barcha musobaqalarda oxirgi 12 uchrashuvdan 11 tasini o‘z foydasiga hal qildi. La Liga doirasidagi g‘alabalar seriyasi 6 o‘yinga yetdi. Tilga olingan 12 o‘yinda «Real» 27 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilib, o‘z darvozasidan atigi 6 gol o‘tkazdi xolos. Ya'ni «Real» har tomonlama mukammal jamoaga aylanib bormoqda.
Derbidagi g‘alaba ushbu jamoalar orasidagi farqni 13 ochkoga aylantiradi. Bunday ustunlikni boy berish qiyin. «Sevilya», «Betis» kabi klublar barqarorlik borasida u qadar ishonchli emasligini e'tiborga olsak, «Real»ning chempionlik poygasidagi asosiy raqibi baribir «Atletiko». Demak bu o‘yinda qaysidir ma'noda chempionlik taqdiri ham hal bo‘lishi mumkin. «Atletiko» g‘alaba qozona olmasa, keyinchalik, muammolar har qancha barham topib, jamoa o‘z o‘yinini topgan taqdirda ham, «Real»ga yetib olish amaliy jihatdan imkonsizga aylanib qoladi.
Buning ustiga «Atletiko»da tarkib bo‘yicha ham muammolar ko‘p. Butun himoya chizig‘i – Himenes, Tripe, Savich va hatto Vrsalkolarda jarohatlar bor. Shuningdek, Luis Suares ham safdan chiqqan va bir necha hafta sheriklariga yordam bera olmaydi. «Real»ning yo‘qotishi ham jiddiy – Benzema. Lekin «Sosedad» va «Inter»ga qarshi o‘yinlarda madridliklar Benzemasiz ham ishonchli to‘p surdilar. Yovich va Rodrigo hujum chizig‘ida Vinisiusga munosib sherik bo‘la oldilar.
O‘zaro o‘yinlar borasida so‘nggi paytlarda tenglikni ko‘rishimiz mumkin. Oxirgi 33 derbida «Real» 10 marotaba, «Atletiko» ham shuncha g‘alaba qozongan. 13 o‘yin durang bilan yakunlangan. La Liga doirasida aynan «Real» mezbon bo‘lgan uchrashuvlarda «Atletiko» oxirgi marotaba besh yil oldin, Grizmanning goli evaziga g‘alaba qozongan.
BOShQA O‘YINLAR
11 dekabr. MANCheSTeR SITI – Vulverhempton (17:30), BAVARIYa – Mayns (19:30), ARSeNAL – Sauthempton (20:00), CheLSI – Lids (20:00), Norvich – MANCheSTeR YuNAYTeD (22:30), Venetsiya – YuVeNTUS (22:00), Udineze – MILAN (12 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
12 dekabr. Osasuna – BARSeLONA (20:15), NAPOLI – Empoli (22:00), INTeR – Kalyari (13 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45), PSJ – Monako (13 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
13 dekabr. ROMA – Spetsiya (14 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45).
Mavzuga oid
11:53 / 25.11.2024
«Real» «Barsa»ga yetib olmoqda, Saloh «Liverpul»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
10:01 / 10.11.2024
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
00:08 / 07.11.2024
«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala
13:17 / 06.11.2024