Jahon | 16:33 / 13.12.2021
14150
5 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy va Janubiy Koreya urush tugaganini e'lon qilishga kelishib oldi

Janubiy Koreya prezidenti Mun Je Inning ta'kidlashicha, Shimoliy va Janubiy Koreya urushni tugatishga prinsipial jihatdan kelishib olishgan. Bu jarayon to‘liq amalga oshishi uchun AQSh Shimoliy Koreyaga nisbatan «dushmanlik siyosatidan» voz kechib, bir necha shartlarni bajarishi kerak.

Foto: Getty Images

Shimoliy va Janubiy Koreya, AQSh va Xitoy vositachiligida Koreya urushi rasman yakunlanganini e'lon qilishga prinsipial jihatdan kelishib oldi, deya xabar bermoqda BBC. Bu haqda Janubiy Koreya prezidenti Mun Je In Avstraliyaga davlat tashrifi davomidagi matbuot anjumanida aytib o‘tgan.

Janubiy Koreya prezidentining ta'kidlashicha, Shimoliy Koreyaning ayrim talablari tufayli muzokaralar hali boshlanmagan.

1950 yildan 1953 yilgacha davom etgan urush Koreya yarimorolini ikkiga bo‘lib yuborgandi. Ikki davlat o‘shandan beri texnik jihatdan urush holatida bo‘lib, o‘zaro munosabatlardagi keskinlik saqlanib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida ikki koreys davlati mos ravishda Xitoy va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Shimol bilan aloqalarni yaxshilashni o‘z prezidentlik dasturining eng ustuvor yo‘nalishiga aylantirgan Mun Je In uzoq vaqtdan beri mojaroning yakuni bo‘yicha rasmiy deklaratsiya tayyorlash ustida ishlab kelmoqda. Ammo ko‘pchilik kuzatuvchilarning fikricha, bunga erishish juda qiyin bo‘ladi.

Shimoliy Koreya nimani xohlamoqda?

Sentabr oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning «qudratli» singlisi, mamlakatda katta ta'sirga ega bo‘lgan Kim Yo Chjon Pxenyan Seul bilan Koreya urushi bo‘yicha kelishuvning rasman yakunlanish deklaratsiyasi bo‘yicha konstruktiv muloqotga tayyorligini ma'lum qilgandi. Pxenyan AQSh Shimoliy Koreyaga nisbatan «dushmanlik siyosatidan» voz kechsagina, muzokaralar stoliga o‘tirishga roziligini bildirgan.

Shimoliy Koreya tomoni doimiy ravishda AQSh qo‘shinlarining Janubiy Koreyada bo‘lishi (28,5 ming AQSh askari), ikki davlat tomonidan har yili o‘tkaziladigan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar, shuningdek Shimoliy Koreyaning yadroviy qurol ishlab chiqarishga qaratilgan dasturiga qarshi AQSh tomonidan joriy qilingan sanksiyalarga e'tiroz bildirib keladi.

Ammo AQSh Shimoliy Koreyaga qarshi qo‘llanayotgan sanksiyalar bekor qilinishi uchun Pxenyan yadro quroli ishlab chiqarish bo‘yicha dasturidan butunlay voz kechishi kerakligini bir necha bor ta'kidlagan.

Munning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘z talablari bajarilishini muzokaralar oldidan qat'iy shart sifatida qo‘yishda davom etmoqda.

«Shimoliy Koreyaning qo‘yayotgan talablari sabab tinchlik deklaratsiyasini muhokama qilish yoki muzokaralar stoliga o‘tirishga qodir emasmiz... Ammo bu jarayon boshlanishiga umid qilishda davom etamiz», dedi u.

Janubiy Koreya yetakchisining fikricha, urushni tugatish to‘g‘risidagi rasmiy deklaratsiya Shimolni yadro qurolidan voz kechishga undashi mumkin.

Ayni paytdagi muzokaralar urushni tugatish to‘g‘risidagi kelishuv stoliga o‘tirish uchun Mun Je Inning so‘nggi imkoniyatidir. Chunki u 2022 yilning mart oyida prezidentlik lavozimini tark etadi. Ammo muzokaralar bu safar ham qiyinchiliklarga duch kelishi ehtimoli yuqori. Bayden ma'muriyati Shimoliy Koreya talablarini bajarishga xayrixohlik bildirmagan.

AQSh va Xitoyning munosabati qanday?

Oktabr oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSh milliy xavfsizlik kengashi maslahatchisi Jyeyk Sallivan tinchlik deklaratsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishish uchun Qo‘shma Shtatlar «turli shartlarining aniq ketma-ketligi yoki vaqti bo‘yicha biroz boshqacha nuqtayi nazarga ega bo‘lishi mumkinligi»ni aytgandi.

Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi Pekindagi janubiy koreyalik diplomatlarga tayanib xabar berishicha, mamlakatida katta mavqega ega bo‘lgan diplomat Yang Jiyech «Xitoy hukumati urush tugagani haqidagi deklaratsiyani qo‘llab-quvvatlashga va'da bergani»ni ma'lum qilgan.

Ma'lumot uchun, 1950 yilning 25 iyunida Shimoliy Koreya armiyasi chegarani buzib o‘tib, Janubiy Koreyaga hujum qilgandi. Shundan so‘ng Janubni qo‘llab-quvvatlash maqsadida AQSh urushga qo‘shildi. Buning oqibatida esa Shimol armiyasi orqaga chekina boshladi, Pxenyan shahri ham Qo‘shma Shtatlar tomonidan egallandi. Shundan so‘ng Xitoy o‘z harbiy kuchlarini Shimoliy Koreyaga yordamga yubordi. SSSRning ham Koreya urushiga aralashishi mumkinligi aniq-ravshan bo‘lib qoldi. Oqibatda AQSh Shimoliy Koreyaga qarshi urush harakatlarini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. To‘qnashuvlarda besh million askar va tinch aholi halok bo‘ldi. 1953 yilda esa ikki o‘rtada yarash bitimi imzolangan. Unga ko‘ra, har ikki koreys davlati chegarasi urushgacha bo‘lgan holatida (38-parallel kenglikda) tiklandi. Natijada Koreya yarimorolida ikkita mustaqil davlat paydo bo‘ldi va ular o‘rtasidagi ziddiyatli munosabatlar bugungi kungacha davom etib kelmoqda.

Mavzuga oid