O‘zbekiston | 13:03 / 16.12.2021
16631
9 daqiqa o‘qiladi

Adolatsizlik davom etyapti. Oliy sud ko‘z yumgan haqiqatga nazar

Pop tuman hokimligi Qamchiq dovonidagi “Burgut” maskani bo‘yicha sudlarda yutqazavergach, endi da’vo “Qamchiqavtoyo‘l” nomidan kiritildi. Agar bu korxonaning niyati xolis bo‘lsa, buzishni tadbirkorning mulkidan emas, o‘z binolaridan boshlashi kerak. Ana shundagina bu keysni qonunlar barchaga barobar emasligini ko‘rsatuvchi yorqin dalillar qatoriga qo‘shmaslik mumkin.

Bu safar Qamchiq dovoniga “Burgut” maskani bilan bog‘liq muammoli holatni o‘rgangani qo‘limizda uzunlik va masofani o‘lchaydigan zamonaviy uskuna bilan bordik. Buning sababini esa keyinroq tushuntiramiz...

Mana ikki yildirki, Toshkentni vodiy bilan bog‘lab turuvchi Qamchiq dovonidagi yo‘lovchilar “Burgut” deb ataydigan “Bir zumda” kafesi va uning hududini tadbirkordan olib qo‘yish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Pop tuman hokimligi sudlarda mag‘lub bo‘lib, bu “o‘yin”dan chiqqach, “Burgut”ga qarshi “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi “jang”ga kirdi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

“Qamchiqavtoyo‘l”ning “Burgut”ga ajratilgan hududni olib qo‘yish va unda qurilgan obektlarni buzdirishga qaratilgan harakatlari Norin tuman ma’muriy sudida ham, Namangan viloyat ma’muriy sudida ham “naf” bermadi.

Qasdga ahd juda ham jiddiy shekilli, “Qamchiqavtoyo‘l” ortga chekinay demadi va Oliy sudga kassatsiya shikoyati kiritdi.

Buni qarangki, Oliy sud quyi instansiya sudlari qarorlarini bekor qilib, tadbirkorning zarariga ishlaydigan qaror qabul qildi.

Foto: Kun.uz

Oliy sud ajrimiga ko‘ra, “Burgut” kafesini buzish uchun yagona sabab bor, u ham bo‘lsa kafe va unga yondosh bino-inshootlar yo‘l muhofaza zonasidan 25 metr emas, balki 18 metr masofada qurilgan. Bu esa transport xavfsizligiga tahdid soladi, deb topilgan.

Shu safar Oliy sud qarorini muhokama qilishdan tiyilgan holda, “pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa birovga” degan naqlga amal qilmagan “Qamchiqavtoyo‘l”ga qarashli binolarning muhofaza zonalari o‘zi qay ahvolda ekanini taftish qildik.

Dovonning 220-kilometridagi “Qamchiqavtoyo‘l” korxonasiga qarashli 524-yo‘l bo‘limi binosi yonidamiz. Bino va muhofaza zonasi masofasini o‘lchab ko‘ramiz. Yo‘l chetidan binogacha bo‘lgan masofa 9 metrdan oshiq chiqdi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

 “Qamchiqavtoyo‘l”ga qarashli yana bir bino muhofaza hududidan 3 metr-u 94 santimetr, 550-yo‘l bo‘limi binosi 3 metr, 258-yo‘l bo‘limi binosi 7 metr, dovonning 230 kilometrida joylashgan “Qamchiqavtoyo‘l” ma’muriy binosi esa yo‘l chetidan 8 metr uzoqlikda joylashganini aniqladik.

 

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Ko‘rib turganingizdek, “aybdor” “Burgut” maskani binolari yo‘l cheti, muhofaza hududidan 18 metr uzoqlikda qurilgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Davlat korxonasi tadbirkorga qarshi chiqib, uning obektlari yo‘l muhofaza zonasida joylashganiga da’vo qilgan edi. Ammo, guvohi bo‘lganingizdek, ularning o‘zlariga qarashli bir nechta binolar ham xuddi o‘shanday muhofaza zonalari ichida yotibdi.

Korxona nima deydi?

Biz “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi yuristi Rohatali Boyto‘rayevga “Qamchiqavtoyo‘l”ning binolari muhofaza zonasi ichida joylashgan bu xavfsizlik qoidalariga xilof emasmi?” degan savol bilan murojaat qildik.

Korxona yuristi: “Bino-inshootlar “Qamchiqavtoyo‘l” balansida bo‘lgani uchun xavfsizlik mintaqasida qurilishi mumkin”, deya qisqa javob berdi. Lekin Rohatali Boyto‘rayev bu qoidalar qaysi qonun hujjatlarida asoslantirilgani haqida aniq javob ayta olmadi. Taajjub... Korxona xavfsizlik mintaqasi hududiga bino qursa, xavfli emas, tadbirkor qursa xavfli ekan.

Tadbirkor nima qilsin?

Oliy sudga ishni takroriy kassatsiya tartibida ko‘rish to‘g‘risida ariza bergan Amonjon Matkomilov bilan suhbatlashdik.

“Prezidentimizning oxirgi yillarda “Tadbirkorga nisbatan to‘siqlar, siyosatga xiyonat deya baholanadi” degan gaplari qayoqqa ketdi? Tasavvur qiling. Pop tumani hokimi qaror chiqarib bergach, tadbirkor tog‘ tepasida katta mablag‘ni sarflab odamlar uchun shart-sharoitlar qilsa, bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari olib borsa-da, oxirida yana tadbirkor kuyib qolsa. Bu qanaqasi?

Davlat xokimiyati organlarining qarorlariga, nufuzli tashkilotlar muhr bosib, imzo chekib bergan bosh rejaga, texnik shartlarga, umuman hujjatlarga ishonish kerak emasmi? Tadbirkor qanday yo‘l bilan faoliyat yuritsin?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori mening zararimga chiqqanidan emas, adolat qaror topmaganidan noroziman.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Bungacha bo‘lgan 2020 yil avgustdagi Pop tumanidagi sud jarayonida, 2020 yil dekabrda Norin tumani ma’muriy sudida, o‘tgan yil noyabr oyida Namangan viloyat ma’muriy sudida yutib chiqqandim. O‘sha yerda sud mukammal bo‘lgan. Taalluqli bo‘lgan barcha soha mutaxassislari sud majlisida ish batafsil ko‘rilgan.

Yana bitta eng qiziq joyi, Namangan viloyati ma’muriy sudining raisi o‘rinbosari o‘sha sud majlisida raislik qilgan. Sud majlisini o‘zi olib borgan. O‘sha Narzullayev Abdurasul degan odam olib borgan sud qarorlari, barcha quyi instansiya sud qarorlari Oliy sudda bekor bo‘ldi. Bu nima degani? Qamchiq dovonidan naryog‘ida, aynan Namangan viloyatida sudlar yo‘q deganimi?” deydi Amonjon Matkomilov.

Tadbirkorning taxminiga ko‘ra, “Qamchiqavtoyo‘l” mutasaddilari Oliy sudda jarayon qanday yakun topishini oldindan bilgan. Chunki korxona vakillari “qizil chiziq” ichidagi hududga Oliy sud majlisi bo‘lishidan uch kun oldin, ya’ni 2021 yil 1 noyabr kuni daraxt ko‘chatlari ekishni boshlashgan.

“Men qurgan binolarni muhofaza zonasi ichida joylashgan deyishdi. O‘tgan yilgi Namangan viloyat ma’muriy sudidagi jarayonda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tarafidan mutaxassis jalb qilingandi. Mutaxassis “Burgut” maskani hududida hech qanaqa xavf-xatar, avariya holati kuzatilmaganini aytgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qonun hamma uchun barobarligi belgilangan, biroq “Qamchiqavtoyo‘l”ning o‘zining ma’muriy binosi yo‘l chetidan 8 metr masofada joylashgan. Yana boshqa yo‘l bo‘limlari binolari borki, yo‘ldan 2 metr chetda xolos. Nimaga qonun faqat tadbirkorga ta’sir qilishi kerak. Qonun agar hamma uchun barobar bo‘lsa biz isloh qilishni, islohotlarni o‘zimizdan boshlashimiz kerak emasmidi?” deydi u.

Foto: Kun.uz

Hokim qaroriga ishonib, milliard so‘mlik majmua qurgan va ayni paytda ko‘p yillik mehnati va katta summadagi mablag‘iga kuyib qolayotgan tadbirkor Amonjon Matkomilov kuchi bor ekan haqiqat izlab kurashishini bildirdi. Tadbirkor Oliy suddan adolat kutmoqda.

Biz esa maqolamiz so‘ngida sudlar mustaqilligi va mulk huquqi eng, eng, eng og‘riqli muammolarimizdan ekanini ming afsus bilan qayd etamiz.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Элмурод Эрматов
Muallif Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid