O‘zbekiston | 14:37 / 16.12.2021
8429
5 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Ortiqxo‘jayev daraxtlar kesilishida hokimiyatning ham aybi borligini tan oldi

“Haqiqatda kesilib ketgan joylari bor, shahar hokimligining bunga yordam berolmay qolgan joylari ham bor, aybdor joylari ham bor. Men buni tan olaman”, dedi Toshkent hokimi. Shu bilan birga, shahar meri daraxtlarning qurib qolayotgani sug‘orish tizimlariga zarar yetkazilayotgani bilan bog‘liqligini rad etib, yerosti suvlari sathi pasayayotganini aytdi.

Senatning ekologiyaga mas’ul qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga poytaxtdagi daraxtlar kesilishi va shahar ekologiyasi bo‘yicha savol berdi.

Tojiyevning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahrida 1,2 millionga yaqin daraxt xatlovdan o‘tkazilgan, ammo ularning 20 foizi ham yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan. Natijada moratoriyga qaramay daraxtlarni kesish holatlari hali ham davom qilmoqda.

“2021 yil yanvar-noyabr oylarida 33 609 tup daraxtni kesish uchun Ekologiya qo‘mitasiga 2 479ta ariza kelgan. 1 483ta arizaga rad javobi berilib, 22 145ta daraxt saqlab qolingan. Bu – ma’lumot, lekin ko‘p joylarda qurilishlar daraxt bor joylarda olib borilyapti. Hokimlikda daraxtlarni saqlab qolish masalasida qanday ishlar qilinyapti?

Ikkinchi masala – qurilish, rekonstruksiya ishlari davomida sug‘orish tizimlariga shikast yetkazilishi natijasida daraxtlarning qurishi, kasallanishi holatlari ko‘payib ketyapti. Masalan, Chilonzor tumanida joylashgan G‘afur G‘ulom bog‘ida 15ta daraxt, Olmazor tumanidagi Abdulla Qodiriy bog‘ida 35ta daraxt qurishi holatlari aniqlangan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev va Bahodir Tojiyev
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Tabiiy omillar ta’sirida qurigan va insonlar hayotiga xavf solyapti deb, 852ta ariza bilan 9 739ta daraxt kesilib ketgan. Yashil hududlarning kamayishi kabi ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘lgan holatlar bo‘yicha Toshkent shahar hokimligida aniq rejalar bormi?” – so‘radi senator palataning 16 dekabr kungi yalpi majlisida.

Bunga javoban Jahongir Ortiqxo‘jayev daraxtlar shu vaqtgacha egasiz bo‘lib kelgani tufayli kesilish hollari ko‘p bo‘lganini aytib, bunda shahar hokimligining ham aybi borligini tan oldi.

Oxirgi yillarda umuman daraxtlarning aniq egasi bo‘lmagan. Na ekologiyaga qarashli bo‘lgan, na hokimiyatga qarashli bo‘lgan, raqamlashtirilmagan. Kim qayerda xohlasa, daraxt ekilgan. Ekish kerakmas bo‘lgan joyda ham daraxt ekilgan, ekish kerak bo‘lgan joyda ekilmagan holatlar ham bor.

Hurmatli prezidentimiz tashabbuslari bilan hozirda ekologik politsiya tashkil qilingan. Holat nazoratga olindi hamda Toshkent shahar hokimligi qoshida Raqamlashtirish markazi tashkil qilindi. Hozir Raqamlashtirish markazida har bitta daraxtni aniq hisobga olib, boshqaruvini yo‘lga qo‘yyapmiz.

Foto: Oliy Majlis Senati

Haqiqatda, kesilib ketgan joylari bor, shahar hokimligining bunga yordam berolmay qolgan joylari ham bor, aybdor joylari ham bor. Men buni tan olaman. Qurilish maydonlarida nobud bo‘lgan daraxtlar bor, uni ham tan olaman. Lekin oxirgi paytda yerosti suvlari sathining qochishi shahardagi qurilishlarga aslo bog‘liq emas. Butun dunyoda ekologiya o‘zgarib boryapti, faqat Toshkentda emas, butun dunyoda yerosti suvlari sathining pasayishi yuzaga kelyapti. O‘ylaymanki, ekologlarimiz buning ustida ishlashadi.

Bu borada biz 200 varaqqa yaqin loyiha ishlab chiqqanmiz. Agar batafsil tanishmoqchi bo‘lsangiz, sizga bu boradagi barcha ma’lumotlarni yuboramiz”, – dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Foto: Oliy Majlis Senati

Poytaxtda xatlovga kiritilgan 1,2 mln daraxtning bor-yo‘g‘i 20 foizi elektron reyestrga kiritilgani haqida takroran berilgan savolga shahar meri quyidagicha javob berdi.

“Aytdim-ku, chunki bu daraxtlarning aniq egasi bo‘lmagan. Na ekologiya qo‘mitasi, na shahar hokimligi... Hisobi yuritilmagan. Yillar davomida [shaharda] 1,2 mln, 1,5 mln, kimdir esa 2 mln daraxt bor degan, lekin qayerda bor, qanaqa daraxtlar ular – hech qanaqa ma’lumot olinmagan. Mana endi Toshkent shahar hokimligi qoshida biz Raqamlashtirish markazini qurib ishga tushirdik. U yerda Ekologiya qo‘mitasi bilan birgalashib, birma-bir daraxtlarni raqamlashtiryapmiz. [Markazni] ishga tushirganimizga 3-4 oy bo‘ldi”, – dedi hokim.

Avvalroq, Kun.uz yashirin qarorlar bilan Abdulla Qodiriy bog‘i va G‘afur G‘ulom bog‘ining TTZ mavzesida joylashgan shoxobchasi abgor ahvolda qolayotganini yoritgandi.

Mavzuga oid