Jahon | 20:41 / 19.12.2021
2507
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Britaniyadan keluvchilarga 14 kunlik karantin kiritdi

Foto: RIA Novosti

Germaniya 20 dekabrdan boshlab Britaniyani koronavirus mutatsiyalari tarqalishi hududi deb qabul qiladi. Bu esa ushbu davlatdan keluvchilarga nisbatan qat’iy cheklovlar kiritilishini anglatadi, deb ma’lum qilindi Robert Kox institutida.

Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligiga bo‘ysunuvchi institutda ta’kidlanishicha, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan qirolligi, qirollikning barcha dengizorti hududlari, Men va Normand orollari 20 dekabr soat 00dan boshlab koronavirus mutatsiyalari tarqalishi hududi deb tasniflanadi.

Bu hududlardan keluvchi barcha Germaniyada 14 kunlik karantin o‘tishi kerak bo‘ladi. Jumladan, bu talablar koronavirusga qarshi emlangan va undan sog‘ayganlarga ham nisbatan amal qiladi. Ta’kidlanishicha, karantinning muddatini qisqartirish hozircha ilojsiz.

Hozirda Kox instituti tomonidan tuzilgan bunday davlatlar ro‘yxatiga Botsvana, Esvatini, Lesoto, Malavi, Mozambik, Namibiya, JAR va Zimbabve kiritilgan. Ro‘yxat 3 yanvargacha amal qiladi va ushbu muddatdan keyin unga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Avvalroq Britaniya poytaxti Londonda “koronavirusning omikron shtammi jadal tarqalayotgani bilan bog‘liq holda shifoxonaga yotqizilish holatlari soni o‘sayotgani” sababli favqulodda holat e’lon qilindi.

18 dekabrda Britaniyada 90,4 ming kishida koronavirus aniqlangan. Bir kun avval bu raqam 93 mingdan ortiqroq bo‘lgan. Birlashgan qirollikda oxirgi kunlarda “omikron” yuqtirish holatlari soni keskin ko‘paymoqda. Qirollikda 17 dekabrda ushbu shtammni yuqtirish bilan bog‘liq 10059ta holat aniqlangan va “omikron” yuqtirganlar jami soni 24968 nafarga yetgan. Taqqoslash uchun, 13 dekabrda bu ko‘rsatkich 4713 nafarni tashkil etayotgandi. Shuningdek, ushbu shtammdan 7ta o‘lim holati qayd etilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid