Jahon | 10:59 / 26.12.2021
47703
10 daqiqa o‘qiladi

SSSR tugatilganiga 30 yil bo‘ldi. Zulm imperiyasining parchalanish sabablari

Zo‘ravonlik va inson erkini cheklashga qaratilgan totalitar tartib hukmronlik qilgan davlatlarning hech biri uzoq yashamagan. SSSR ham bundan mustasno bo‘lmadi. Kun.uz sobiq ittifoq parchalanishi va bunga sabab bo‘lgan omillar haqida eslaydi.

Foto: Regnum

Shubhasiz, XX asrning eng muhim voqealaridan biri 69 yil davomida dunyoning ikkinchi qutbi sifatida yashab kelgan SSSRning parchalanib ketishi hisoblanadi. Bu hodisani SSSRga tobe bo‘lishni xohlamay jahon hamjamiyatidagi boshqa davlatlar bilan o‘zaro teng huquqli, mustaqil sub’yekt sifatida munosabat o‘rnatishni xohlaydiganlar ulkan quvonch bilan, kommunistlar va KPSS g‘oyalariga sodiqlar esa «haqiqiy zarba va fojia» sifatida qabul qildi.

SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti

Ko‘pchilik SSSR parchalanishini 1985 yilning 11 mart sanasida KPSS Markaziy Qo‘mitasi Bosh sekretarligiga kelgan 54 yoshli Mixail Gorbachyov bilan bog‘laydi.

Uning siyosati tarixga «qayta qurish» nomi bilan kirdi va vaziyatni o‘nglash uchun bir qator islohotlar o‘tkazishga urindi. 1989 yil 15 fevralda SSSR qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish tugatilib, bu harbiy mojaroga nuqta qo‘yildi. Mamlakatda senzura deyarli olib tashlandi. Hatto 1990 yilda KPSSning gegemonligiga chek qo‘yilib, unga muxolif bo‘lgan partiyalar tuzishga ham ruxsat berildi. Ko‘ppartiyaviylik reallikka aylanib ulgurdi. Ularning ayrimlari KPSS bilan raqobatlasha boshladi va mamlakatdagi siyosiy ahvolning murakkablashuviga sabab bo‘layotgan sotsialistik tuzumni, KPSSning davlat hokimiyatiga bo‘lgan monopol huquqini inkor eta boshladi. Ayni paytda KPSSning o‘zida ham 3 oqimga bo‘linish yuz beradi.

Mamlakatda senzura deyarli olib tashlandi. Biroq bular mavjud tuzumni saqlab qola olmadi. Ana shunday holatda ittifoqdosh respublikalarda milliy uyg‘onish harakatlari boshlandi. Har bir respublikada milliy til davlat tili deb e’lon qilindi. Voqealar, ayniqsa 1990 yildan keyin juda tezlashib ketdi. O‘sha yili nafaqat ittifoqdosh respublikalar, balki ularning tarkibida bo‘lgan avtonom hududlarning aksariyati o‘z mustaqillik deklaratsiyasini e’lon qilgan bo‘lsa, yana bir qismi kengaytirilgan avtonomiya talabi bilan chiqdi. Shu tariqa SSSR so‘nggi kunlarini yashayotgani aniq bo‘la boshladi.

O‘sha mashhur «GKChP»

Gorbachyov ittifoqdosh mamlakatlar xohlagan vaqtida mustaqil bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oyani olg‘a suradi. 1990 yilga kelib Boltiqbo‘yi mamlakatlari Latviya, Litva hamda Estoniyaning o‘zini SSSRdan mustaqil davlat deb e’lon qilishi esa barchasini yanada tezlashtirib yuboradi. Ayni shunday vaziyatda mashhur GKChP hodisasi ro‘y berdi. Bu SSSRni saqlab qolmoqchi bo‘lganlar tomonidan uyushtirilgan davlat to‘ntarishi edi. 1991 yilning avgustiga kelib vaziyat juda murakkablashib ketadi.

4 avgust kuni Gorbachyov Qrimga dam olish uchun ketadi va qaytib kelganidan so‘ng «Mustaqil Respublikalar Ittifoqi» haqidagi shartnoma imzolanishi kerak edi. Bunga chidab tura olmagan SSSR vitse-prezidenti Gennadiy Yanayev hamda KGB raisi Vladimir Kryuchkov rahbarligidagi guruh Gorbachyov ta’tilda ekanidan foydalanib mamlakatda GKChP, favqulodda holat e’lon qilishadi. Xalqqa o‘qib eshittirilgan bayonotda Mixail Gorbachyov salomatligi yomonlashgani uchun o‘z vazifasini bajara olmasligi, shu sabab mamlakatni 6 oy davomida 8 kishidan iborat kengash boshqarishi, yarim yildan so‘ng esa saylovlar o‘tkazilishi ma’lum qilinadi. Mamlakat hududidagi GKChP manfaatiga xizmat qilmaydigan barcha nashrlar vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi. Ishlayotgan boshqa nashrlar ham qattiq senzuraga olinadi, kompartiyadan boshqa qolgan barcha partiyalar faoliyati cheklanadi. GKChP mamlakat nazoratini qo‘lga olishni poytaxt Moskvadan boshlaydi. Ana shunday bir vaziyatda Boris Yelsin katta sahnaga chiqadi va GKChPning harakatlarini konstitutsiyaga zid deb ataydi va sodir bo‘layotgan voqealar davlat to‘ntarishidan boshqa narsa emasligini ma’lum qiladi. Yelsinning murojaatidan keyin Moskvada 200 mingdan ortiq, Peterburgda 400 mingdan ortiq odam markaziy maydonlarga chiqib GKChPga qarshi namoyishlarda qatnashadi. 20 avgustdan 21 avgustga o‘tar kechasi Moskvada GKChPga bo‘ysunuvchi askarlar hamda Oq uy himoyasidagi ko‘ngillilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ladi. 21 avgust tongida SSSR mudofaa vaziri Yazov Moskvadagi barcha qo‘shin va texnikalarni shahardan olib chiqishga buyruq beradi. Bu GKChP tugagani va amalda SSSRni saqlab qolish imkonsiz ekanini ko‘rsatardi. Shu tariqa, SSSRni saqlab qolish uchun tuzilgan GKChP 3 kun o‘tib barbod bo‘ladi.

Belovej bitimi

1991 yil 8 dekabr kuni Belarus o‘rmonlarida joylashgan Belovej qarorgohida Rossiya prezidenti Boris Yelsin, Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk, Belarus Oliy Kengashi raisi Stanislav Shushkevich tomonidan SSSRni tarqatib yuborish va uning o‘rniga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tuzilmasini tuzish haqida hujjatlar imzolanadi. Shu tariqa SSSR parchalanib ketdi. 21 dekabr kuni Qozog‘istonning o‘sha paytdagi poytaxti Olmaota shahrida yana 8 respublika (Ozarboyjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Moldova) bu bitimni imzoladilar. 25 dekabr kuni M. S. Gorbachyov SSSR Prezidenti lavozimidan iste’fo berdi. 26 dekabrda SSSR Oliy Kengashining yuqori palatasi sessiyasida SSSRning mavjudligini tugatish to‘g‘risidagi №142 sonli deklaratsiyani qabul qilindi. Shu tariqa SSSR to‘liq parchalanib ketdi. Rossiya SSSRning xalqaro tashkilotlardagi vorisi etib belgilandi va sovet ittifoqining barcha qarzlari to‘lash va aktivlariga egalik qilish vakolatiga ega bo‘ldi.

Nega SSSR parchalanib ketdi?

Ko‘plab tahlilchi va ekspertlarning fikricha, SSSRning tarqab ketishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:

Iqtisodiy holat. Rejali iqtisodiyot samarasizligi va turg‘unligi eng zarur bo‘lgan tovarlarning ham surunkali taqchilligiga olib kela boshlagan. Ishlab chiqarish hajmi, har bir fuqaroga qancha narsa kerakligi, ularning narxlari to‘liq davlat tomonidan belgilangan. Adolatli bo‘lishi nazarda tutilgan bu tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida fuqarolarning talabi taklifdan ancha yuqori tarzda shakllana boshlagan. Natijada ko‘pchilik nimanidir sotib olish haqida emas, balki shu narsani topish borasida ko‘proq xavotirlangan.

Bundan tashqari, 80 yillarning o‘rtalaridan boshlab Arab mamlakatlarida neft qazib olish karrasiga oshiriladi. Bu esa ushbu mahsulot narxlarining jahon bozorida keskin pasayishiga olib kela boshlaydi. SSSRda esa aynan neft eksportidan keladigan daromad oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish uchun zarur bo‘lgan valuta tushumlarining asosiy manbayi bo‘lgan.

Kommunistik bloklarning qulashi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Sharqiy Yevropadagi Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya, Ruminiya, Albaniya, Bolgariya, Yugoslaviya Ittifoqi va Germaniya Demokratik Respublikasida sotsialistik tuzumlar shakllandi. 1988-1989 yillarga kelib ushbu davlatlarda ham sotsialistik tuzumga nisbatan noroziliklar pishib yetilib keldi va ular sotsializmdan voz kechib, G‘arbga yuzlandi. Buning natijasida SSSR Sharqiy Yevropadagi bir nechta ishonchli sheriklaridan ayrildi. «Dunyo bo‘ylab sotsializm va kommunizm qurish» g‘oyasi doirasida diktator va qo‘g‘irchoq pro-sovet va antiamerika rejimlarini moliyalashtirish va ularga harbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan harakatlar o‘zini oqlamadi.

Yagona mafkura hukmronligiga intilish. O‘tgan asrning 70 yillaridan boshlab mamlakatda insonlarga mafkuraviy tazyiq o‘tkazish, asarlarning g‘oyaviy izchilligini ta’minlashga qaratilgan harakatlar kuchaytiriladi. SSSR tarkibidagi mamlakatlar etnik, madaniy va sivilizatsiyaviy jihatdan turlicha ekani, boshqa ittifoqdosh mamlakatlarda tuzum ilgari surayotgan g‘oyalarga nisbatan nafratni kuchaytiradi. Gorbachyov o‘zidan oldin o‘tgan rahbarlardan farqli o‘laroq, fuqarolar uchun ko‘plab erkinliklar bergan. Ayniqsa, milliy manfaatlar, OAV va so‘z erkinligi masalalarida. Bu esa turli millatga mansub odamlarning ongida mustaqillik g‘oyalari shakllanishida muhim faktor vazifasini bajargan.

Sovuq urush va mablag‘larning nomutanosib tarzda sarflanishi. 1950 yillardan boshlab dunyoning yetakchi davlatlari o‘rtasida qurollanish va kosmosni o‘zlashtirish masalasida tom ma’noda poyga boshlandi. Bu poygada SSSR eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlatlardan biri bo‘ldi. Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandan so‘ng G‘arb dunyosi bilan biroz iliqlashgan aloqalar yana sovuqlashdi. SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kuchaytirildi, ittifoqdan energoresurslar sotib olish to‘xtatildi. Qolaversa, Afg‘onistondagi urushning o‘ziga ham ulkan mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, Sovet siyosiy tizimining totalitar tabiatini saqlab qolish maqsadida noishlab chiqarish sohalariga (davlat apparati, armiya, KGB) juda katta mablag‘lar yo‘naltirildi.

Etnik nizolarning kuchayishi. Bu holatga 1986 yil 16 dekabrda Olmaotada Qozog‘iston rahbari Dinmuhammad Qo‘nayev ishdan olinishi va uning o‘rniga Ulyanovsk viloyati obkomining birinchi kotibi Gennadiy Kolbin rahbar etib tayinlanishi sabab uyushtirilgan namoyishning qonga botirilishi, 1988 yil Qorabog‘da armanlar va ozarbayjonlar o‘rtasida etnik nizoning vujudga kelishi, 1990 yil Farg‘ona vodiysidagi qirim-tatarlari bilan yuzaga kelgan tartibsizliklar, Shimoliy Osetiyaning Prigorodniy viloyatidagi osetinlar va ingushlar o‘rtasidagi qonli mojarolarni misol sifatida ko‘rsatish mumkin.

Ana shu va boshqa bir qancha omillar natijasida SSSR parchalandi va uning o‘rnida mustaqil 15ta respublika tashkil topdi.

Mavzuga oid