Vodiyda metan uchun soatlab navbatlar
28 dekabr kuni Farg‘ona viloyatidagi ko‘plab AGTKSlar ishlamagan. 29 dekabrdan esa gaz «zapravka»larda kilometrlab navbatlar paydo bo‘lgan. Haydovchilar avtomobiliga gaz quyish uchun 5-6 soatlab kutishga majbur bo‘lmoqda. Zapravka hududiga kirib olishning o‘zi baxt. Chunki endi navbati yetib kelganda zapravka eshiklari yopilib, qaytib ketganlar qancha. AGTKS hududiga bir amallab kirib olgan haydovchilar ham 100 bosimda avtomobiliga gaz quyib ketishga majbur bo‘lmoqda.
Farg‘ona shahridagi Metan «zapravka»lar holatini kuzatdik. Barcha joyda turnaqator navbatlar vujudga kelgan. AGTKSlardan biriga borib haydovchilar bilan suhbatlashdik.
Haydovchilardan biri Fayozjon Muxtorov zapravkalarda kuzatilayotgan holat bo‘yicha quyidagilarni so‘zlab berdi:
«Zapravkaga tong sahar 5:00 da kelgan edik. Navbatimiz yetib kelganida esa 12:00 da zapravkani berkitib qo‘yishdi. Xohlaysizmi, yo‘qmi buning oqibatida yo‘lkira narxi oshdi. Xalq “dod” deyapti. Qishning kuni, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida gaz yo‘q, benzin qimmat bo‘lsa.
Mashinam benzinga yurmaydi, gazga moslashib qolgan. Endi gazni qayerdan quyamiz? Mashinamizni zapravka hududiga tashlab ketib bo‘lmaydi. Bu yerda qolib ketsa, ishonib bo‘lmaydi. 6 soatdan beri navbatda turibmiz. Ertaroq borib navbat olish maqsadida uydan tong saharda choy ham ichmay chiqib ketgan edik.
Kirakashlik qilaman. Gaz taqchilligi tufayli yo‘lkira narxini oshirsak, odamlar pulni og‘rinib beradi. Mana endi noilojlikdan uyga qaytyapmiz. Qishning kunida ish yo‘q. Gaz boshqa zapravkalarda ham yo‘q. Qachon yaxshi bo‘ladi gaz? Xalq nima qilishi kerak?» – deydi Fayozjon Muxtorov.
Navbati kelay deganda zapravka eshiklari berkilib uyga qaytayotgan haydovchi Abror Abdullayev ham AGTKSlarda yuzaga kelayotgan holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi:
«3-4 kundan beri zapravkalarda shunday holat kuzatilyapti. AGTKS ga erta sahar 4:30-5:00 larda kelgan edim. Navbatda turdik. 4 marta navbat siljidi. Shu bilan soat 12 da zapravka darvozasini berkitib qo‘yishdi. Kecha ham, undan oldingi kuni ham shu ahvol edi.
Zapravkani yopib qo‘yishgandan keyin ertalabdan navbatda turgan mashinalar noilojlikdan chiqib ketishdi. Navbat kutib orqada turgan haydovchilar ham qaytib ketishdi. Boshqa zapravkalar ham berkitilgan.
Soat 12:00 da berkitib qo‘yishyapti. Nima sababdan berkitib qo‘yayotganliklarini bilmaymiz. Oldindan e’lon qilib “berkiladi” deb aytishsa, shunga qarab harakat qilamiz.
Yarim kechasi uyqudan turib harakatni boshlab, zapravkaga kelasiz. Soat 6:00-7:00 da ochiladi. Tushlikkacha 4-5 soat ishlaydi. Bosim juda past. Gaz quyganingiz bilan 100 kilometrga bormay tugaydi. Yana gazga borish kerak. Navbatda turish kerak. Umrim zapravkada o‘tyapti qishda. O‘tgan yili ham shu ahvol edi. Undan oldingi yili ham shu ahvol. Qachongacha bunday bo‘ladi, Xudo biladi?» – deydi Abror Abdullayev.
AGTKSlarda navbatini kutib o‘tirgan haydovchilar eshiklar yopilgach, qaytib ketishga majbur bo‘lmoqda. Ayrim haydovchilar esa «zapravka» yana ishlab qolishiga umid qilib, joylaridan jilmay kutib turishibdi.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, havoning keskin sovib ketishi natijasida gaz quvurlarida bosim pasayishi sababli AGTKSlarning ishlash vaqti cheklangan. Tabiiy gaz eng avvalo aholi va ijtimoiy soha obektlariga yetkazib berilmoqda.
Rasmiylar yuzaga kelayotgan holat bo‘yicha har yili mana shunday bayonot beradi. Vodiylik haydovchilar esa hali-hanuz bu borada vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishini kutib yashamoqda.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
15:18 / 20.11.2024
Yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalari bo‘yicha mobil ilova ishga tushirildi
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
13:10 / 10.11.2024
“Bahordan boshlab qishga tayyorlanamiz” – qish qarshisidagi farg‘onaliklar
10:06 / 10.10.2024