O‘zbekiston | 08:08 / 01.01.2022
4071
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi iqtisodiy kengash tuziladi 

O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va yillik inflatsiya darajasini bosqichma-bosqich 5 foizgacha pasaytirish rejalashtirilmoqda.

Foto: Getty Images

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasiga ko‘ra, xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda kelgusi 5 yil uchun bir nechta ssenariyli makroiqtisodiy prognoz (makromodel) ishlab chiqiladi. Bunda: 

  • yalpi ichki mahsulotni 100 mlrd AQSh dollariga yetkazish va aholi daromadlarining yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
  • tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda iqtisodiyotga ta’sirini baholash;
  • iqtisodiy o‘sish uchun zarur bo‘lgan energiya manbalari bilan ta’minlash;
  • tashqi bozorlardagi o‘zgarishlarni prognozlashtirish va iqtisodiy o‘sishga tashqi omillar ta’sirini yumshatish;
  • hududlar va tarmoqlarning iqtisodiy o‘sishdagi hissasini aniqlash orqali “o‘sish nuqtalari”ni belgilash;
  • barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda tavsiyalar va asosiy makroiqtisodiy yo‘nalishlar bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqish nazarda tutiladi.

2023-2025 yillar uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi ham ishlab chiqiladi. Bunda:

  • iqtisodiy o‘sish darajasining o‘rtacha 6,5 foizdan yuqori bo‘lishi;
  • inflatsiyaning 2024 yildan 5 foiz target ko‘rsatkichi darajasida ushlab turish;
  • pul-kredit, budjet-soliq siyosatlari va tarkibiy islohotlarni o‘zaro muvofiqlashtirish;
  • hududlarning muvozanatlashgan rivojlanishi va ishlab chiqarish quvvatlarini samarali joylashtirishni ta’minlash mo‘ljallangan.

Shuningdek, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha iqtisodiy kengash tuziladi va unga:

  • makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab turish maqsadida pul-kredit, fiskal va tarkibiy islohotlarni takomillashtirish;
  • inflatsiyaning asosiy omillarini tahlil qilgan holda, narx-navoning oshishini oldini olish choralarini belgilash;
  • davlat investitsiyalarining samarali amalga oshirilishi bo‘yicha choralar belgilash vazifalari yuklanadi.

Inflatsiyaning monetar omillarini pasaytirish hisobiga doimiy inflyatsion maqsadga (target) erishish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Bunda:

  • qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish, shu jumladan, iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari o‘sish sur’atini (16-18 foiz) yalpi ichki mahsulot nominal hajmi o‘sish sur’atlari bilan mutanosib bo‘lishi;
  • pul-bozoridagi operatsiyalar bo‘yicha 2-3 foizlik real ijobiy foiz stavkalari shakllanishini ta’minlash;
  • Markaziy bankning pul-kredit instrumentlarining inflatsiyaga ta’sirini kuchaytirish;
  • iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarni pasaytirishga qaratilgan kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish ko‘zda tutiladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid