Jamiyat | 19:45 / 01.01.2022
33679
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda qo‘lbola o‘t o‘chirish moslamasi portlatilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

«Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida qo‘lbola «ognetushitel» portlatilgani bo‘yicha 4 kishiga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrida joylashgan «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida 1 yanvar kuni fuqarolar Yangi yilni nishonlash maqsadida qo‘lbola «ognetushitel» portlatgani, oqibatda holatni videoga olayotgan 3 kishi jarohatlangani xabar qilingandi. Shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Portlash shu kuni soat 00:45 atrofida Shayxontohur tumani Qoratosh ko‘chasida sodir bo‘lgan. Bayram bahona yig‘ilgan bir nechta fuqarolar avtoyo‘lni ajratib turuvchi to‘siqqa mushakbozlik qilish maqsadida qo‘lbola usulda yasalgan o‘t o‘chirish moslamasini joylashtirgan. Tagidan olov yoqilishi oqibatida moslama portlab, bo‘laklarga bo‘linib ketgan.

Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, portlash oqibatida M.S. (1997 yilda tug‘ilgan) qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, M.A. (1999 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati hamda X.N. (2006 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi tashxisi bilan turli ko‘rinishdagi tan jarohati olgan.

Toshkent IIBB esa ikki fuqaro (1996 yilda tug‘ilgan M.A. va 2006 yilda tug‘ilgan X.N.) jarohatlanganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan I.A., U.M., A.L., Z.X. ismli fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 250-moddasi (portlash xavfi bo‘lgan moddalar yoki pirotexnika buyumlaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid