O‘zbekiston | 12:56 / 13.01.2022
3625
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ko‘zi ojiz shaxslarning kitobdan foydalanishi to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shildi 

“Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga (2013 yil 27 iyun, Marokash) qo‘shildi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.

2013 yil 27 iyunda qabul qilingan Marokash shartnomasi “global kitob ochligi” muammosini hal qilishga qaratilgan. Har yili dunyo bo‘ylab chop etiladigan millionlab kitoblarning atigi 7 foizi ko‘rish qobiliyati buzilgan 285 million odamga taqdim etiladi, ularning 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi.

Shu munosabat bilan, Marokash shartnomasiga qo‘shilish gumanitar va ijtimoiy jihatlarga ega bo‘lib, shartnomaning imzolanishi ko‘rish qobiliyati va boshqa nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilgan kitoblar, jurnallar va boshqa bosma materiallar ishlab chiqarilishini kengaytiradi va ijtimoiy zaif guruhlar ta’lim olishi, madaniy-ma’rifiy rivojlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. 

Ayni paytda dunyodagi 68 davlat, jumladan, MDHga a’zo mamlakatlardan Qirg‘iziston (2017), Rossiya (2018), Ozarboyjon (2018), Tojikiston (2019) Marokash shartnomasi ishtirokchisi hisoblanadi.

Mavzuga oid