Bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev sud tomonidan jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni saqlash, tarqatish bo‘yicha aybli deb topildi. Poytaxt IIBB u Facebook’da o‘z profilida diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar joylaganini ma’lum qilgandi.
2022 yil 26 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida sudlanuvchi Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 7 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, sudlanuvchi tomonidan esa unga hukmning nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida shu sud orqali Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat berishlari yoki prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2021 yil 26 iyun kuni Olmazor tumanidagi «To‘xtaboy» masjidida Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi Abror Abduazimov (Abror Muxtor Ali) va bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev o‘rtasida nizo kelib chiqqandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev masjidda ma’ruza qilayotgan Abror Abduazimovga qarshi fikrlar bildirgani, masjid jamoati unga qarshilik qilgani, Abror Abduazimov esa uni gapirishga qo‘yib berishlarini so‘ragani aks etgan.
Shundan so‘ng, fuqarolardan kelib tushgan xabar asosida Olmazor tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan va to‘plangan hujjatlar sudga taqdim etilgan. Shunga asosan ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagandi.
Toshkent shahar sudi bergan ma’lumotga ko‘ra, fuqaro Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev «To‘xtaboy» masjidida bo‘la turib, Abror Abduazimovni «munofiqsan» deb haqorat qilgan va baland ovozda baqir-chaqir qilib, jamoat tartibini hamda shu yerda bo‘lgan fuqarolarning osoyishtaligini buzib, mayda bezorilik sodir qilgan.
Keyinroq poytaxt IIBB axborot xizmati tekshiruv jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Fozilxo‘janing telefonida shubhali diniy mazmundagi materiallar mavjudligi va ularni boshqa fuqarolarga namoyish etgani haqida xabar kelib tushganini, materiallarning xususiyatiga aniqlik kiritish uchun uning telefoni protsessual tartibda rasmiylashtirib olingani va dinshunoslik ekspertizasi tayinlanganini, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, blogerning Facebook'dagi profiliga joylashtirilgan ayrim materiallar diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishi aniqlanganini ma’lum qilgandi.
Ushbu holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.