Markaziy Osiyo davlatlarining energetika tizimlari o‘zaro qanday bog‘langan?
25 yanvar kuni Markaziy Osiyoning uch davlati – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda blekaut yuz berdi. Bunga Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida yuz bergan nosozlik sabab sifatida ko‘rsatilgan. Ushbu tizim nima maqsadda tashkil etilgandi?
Qirg‘iziston blekaut tufayli Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimidan chiqdi, deb xabar berdi «24.kg» mamlakat Energetika vazirligi matbuot kotibi Jiyde Zootbekovaga tayangan holda.
Ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston yagona energiya halqasidan chiqqanidan so‘ng mamlakatda elektr ta’minoti bosqichma-bosqich tiklana boshlagan. Ammo rasmiy Bishkek umumiy energiya halqasidan butunlay chiqqani haqida ma’lumot bermagan. “Toqtogul” suv omborining suv sathi “o‘lik chegara” darajasigacha tushishi ehtimoli borligi sabab qo‘shni mamlakatlar tomonidan Qirg‘izistonga elektr energiya yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi. Mantiqan o‘ylab qaralsa, ayni paytda energiya ta’minoti boshqa mamlakatlarga bog‘liq bo‘lib qolgan Qirg‘izistonning umumiy energetika tizimdan chiqqani nosozliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtinchalik holat bo‘lishi mumkin.
Umuman olganda, tugatilib, yana qayta tashkil etilgan yagona energetika tizimi mintaqa mamlakatlari uchun qanchalik ahamiyat kasb etadi?
Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi
Sobiq ittifoq vaqtida Markaziy Osiyoning gidroenergetikasi va dehqonchiligini rivojlantirish yagona tizimga birlashtirilgan edi. Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Janubiy Qozog‘istonni qamrab olgan Markaziy Osiyo energetika tizimi operatori rolini Toshkent bajargan. Aynan O‘zbekiston boshqa to‘rt davlat bilan chegaradosh bo‘lib, bu hol uni tabiiy ravishda mintaqaviy energiya habiga aylantirgan. SSSR parchalanganidan keyin 1997 yilda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasida energiya tizimlarining parallel ishlashi to‘g‘risida shartnoma imzolanadi. Murakkab tizim beshta davlatning 83 ta elektr stansiyasini birlashtirgan va Toshkentdagi Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilgan.
Tizim elektr energiyaga mavsumiy talab va suvga ehtiyojlar o‘zgarishlarini muvozanatlashtirishga imkon bergan. Tojikiston va Qirg‘iziston qishki vaqtda o‘zidagi suv omborlarida suv yig‘ib, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistondan elektr energiya va energiya zaxiralari (ko‘mir va tabiiy gaz) olgan. Yozgi vaqtda Tojikiston va Qirg‘iziston yig‘ilgan suvni O‘zbekiston va Qozog‘istonga yerlarni sug‘orish uchun yo‘naltirgan.
Ammo 2003 yilda Turkmaniston elektrga bo‘lgan ehtiyojini o‘zi qondirishga qaror qilib, yagona tizimdan chiqadi. 2009 yil dekabr oyida Markaziy Osiyoning energetik halqasi o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Asosiy sabab sifatida O‘zbekistonning tizimdan chiqishi keltirib o‘tilgan (mintaqadagi boshqa davlatlar tarmoqdan avtomatik ravishda uzilib qolgan). Bunga ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan Toshkent va Dushanbe o‘rtasida Rog‘un GESining qurilishi tufayli yuz bergan ziddiyatlar sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Tizimning qayta tiklanishi
Yagona energetika tizimini tiklash zarurati birinchi marta 2014 yilda O‘zbekiston va Qirg‘izistonda yuzaga kelgan elektr energiyasi taqchilligi tufayli muhokama qilingan. Ammo bu kutilgan natija bermagan. 2017 yilda Ostona shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika idoralari rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va ular o‘rtasida yagona energetika tizimini tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.
2018 yilda Toshkentda O‘zbekiston hukumatining tashabbusi bilan Energetika islohotlari bo‘yicha Markaziy Osiyo birinchi konferensiyasi o‘tkaziladi. 2019 yilda Istanbulda o‘tkazilgan ikkinchi konferensiyada mintaqa davlatlari yagona elektr energiyasi bozorini yaratish bo‘yicha deklaratsiya imzolashadi. O‘tkazilgan muzokaralardan keyin Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston birlashgan energiya tizimiga qaytishga qaror qiladi. Energiya halqasi uchun infratuzilmalar saqlanib qolingani bu tashabbusni amalga oshirishda ortiqcha muammolarni yuzaga keltirmaydi. Birlashgan energiya tizimlari iqtisodiy nuqtayi nazardan barcha tomonlarga foyda keltiradi, sababi bir mamlakatlardagi uzilishlar boshqa tomonning profitsitlari hisobiga qoplanadi.
2021 yil dekabr oyi boshida Moskvada bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo kongressida Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir 2022-2023 yillarda Tojikiston ham yagona “energetika halqasi”ga qaytishni rejalashtirayotganini aytib o‘tgan.
Mutaxassislarga ko‘ra, agar bir mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshib ketsa, tizimga og‘ir yuk tushmasligi va nosozlik yuz bermasligi uchun o‘zining zaxira quvvatidan foydalanishi kerak (O‘zbekistonda ular katta ehtimol bilan mavjud). Agar zaxira quvvati bo‘lmasa (ehtimol Qirg‘izistonda), iste’molchilarning muayyan qismi uchun elektr ta’minotini vaqtincha o‘chirish lozim.
O‘zbekistonning energetika tizimi
O‘zbekistonda energotizim bo‘yicha ilk qadamlar bundan 112 yil muqaddam, 1909 yilda qo‘yilgan. Toshkentning Dizelnaya ko‘chasi bo‘ylab qatnovchi tramvay uchun 135 kVt soatli dizel elektrostansiya ishga tushirilgan. 1913 yilga kelib aholiga ham elektr energiyasi yetkazila boshlangan va 2 kmlik dastlabki liniya tortilgan. O‘sha paytda Turkiston o‘lkasi hududida umumiy quvvati 3,3 mln kVt.ga teng bo‘lgan 6 ta dizel elektr stansiya ishlagan. O‘tgan asrning 20-30 yillarida faol tarzda gidroelektrostansiyalar qurila boshlangan va eng qizig‘i ularning aksariyati hozirgi kunda ham ishlab turibdi. Ulardan birinchisi 1926 yilda qurilishi boshlangan Bo‘zsuv GESi bo‘lgan.
Oxirgi 5 yillik davr olib tahlil qilinganda, O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 21 foizga o‘sgan.
- 2016 yilda 59 mlrd kVt.soat;
- 2017 yilda 60,7 mlrd kVt.soat;
- 2018 yilda 62,8 mlrd kVt.soat;
- 2019 yilda 63,6 mlrd kVt.soat;
- 2020 yilda 66,4 mlrd kVt.soat;
- 2021 yilda 71,3 mlrd kVt.soat.
Shuningdek, 2018–2021 yillarda O‘zbekiston xorijga 496,5 million dollarlik elektr toki eksport qilgan. Bu davr mobaynida eng ko‘p eksport 2018 yilga (165,8 mln dollar), eng kami esa 2021 yilga (93,9 mln dollar) to‘g‘ri kelgan.
Mavzuga oid
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
17:21 / 06.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida 8 ta hujjat imzolandi
21:34 / 05.11.2024
Qirg‘izistonlik ayollar 10 nafargacha farzand ko‘rishga chaqirildi
19:40 / 05.11.2024