Jahon | 21:25 / 25.05.2025
1995
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Kaspiy dengizi sohilidan 100 dan ortiq o‘lik tyulen topildi

Tegishli organlar xodimlari chirigan jasadlarni to‘plab, tegishli sanitariya normalariga rioya qilgan holda, ularni poligonda yo‘q qilgan.

Foto: Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligining Baliqchilik qo‘mitasi

Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati Fort-Shevchenko shahridan Kaspiy dengizi sohillariga chiqarib tashlangan 117 ta tyulen jasadi topildi. Bu haqda mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi Baliqchilik qo‘mitasi xabar berdi.

«Ural-Kaspiy baliqchilik xo‘jaligi inspeksiyasi reyd davomida 117 ta tyulen jasadini aniqladi. Jasadlarning chiriganlik holatidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, tyulenlar o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida nobud bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tegishli organlar xodimlari dengiz qirg‘og‘idan 5 kilometr uzoqlikda yotgan tyulenlar jasadini to‘plab, sanitariya normalariga rioya qilgan holda ularni poligonda yo‘q qilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oxirlarida Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida so‘nggi uch haftada Kaspiy dengizi qirg‘og‘idan mingdan ortiq, joriy yilning may boshlarida esa yuzga yaqin tyulenning jasadi topilgandi.

Kaspiy tyuleni Qozog‘iston Qizil kitobiga kiritilgan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektori akvatoriyasida 240 mingdan ortiq individ yashaydi. Bu hayvonlarning ommaviy qirilishi deyarli har yili kuzatiladi. Mutaxassislar buning ehtimoliy sabablari sifatida kemalar qatnovi, dengizning ifloslanishi, mikroplastik va baliq ovlash to‘rlarini ko‘rsatmoqda. Tyulenlar to‘rlarga o‘ralib qolib, jarohatlanadi.

Mavzuga oid