Tojik–qirg‘iz chegarasidagi ziddiyat: ildiz va yechim qayerda?
Bizga qo‘shni va qardosh bu ikki davlat chegaralaridagi o‘zaro ziddiyatlar tez-tez takrorlanib turadi. Achinarlisi, otishmalar ko‘pincha qon to‘kilishgacha boradi. Sababchi kimligi esa doim ayon bo‘lmay qoladi, har ikki tomon bir-birini ayblaydi...
SSSRning tarqalishi dastlabki yillarda u qadar sezilmagan. Chegaralar ochiq bo‘lgan, ko‘pchilik endi boshqa davlat hududiga o‘tib qaytayotganini bilmagan hatto. Asta-sekin dastlab xavfsizlik, keyin iqtisodiy nuqtayi nazardan chiziqlar tortildi, chegaralar mustahkamlandi, tikanli simlar va askarlar paydo bo‘ldi. Ana shunday bir paytda kechagina bir davlat nomi ostida yashab kelganlarning o‘zaro chegara tushunchasi turlicha ekani ayon bo‘lib qoldi va mojarolar ham ko‘p kuttirmadi.
Bunday ziddiyatlar possovet hududida bir necha soatlik tosh otishlar va mushtlashishlardan, uzoq davom etgan haqiqiy urushlar ko‘rinishiga qadar kuzatilgan. Arman-ozar chegarasidagi mavhumlik bir necha bor haqiqiy urush va qon to‘kishlar bilan tarixga muhrlangan bo‘lsa, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ziddiyatlar so‘nggi yillarda ancha tez-tez va tobora kuchliroq namoyon bo‘lmoqda
- Delimitatsiya – davlatlar o‘rtasida bahsli hududlar bo‘yicha kelishuvga erishish va hujjatlar tasdiqlanishi;
- Demarkatsiya – delimitatsiya asosida chegaralarni fizik belgilar yordamida ajratish, ya’ni panjara tortish, belgilar qo‘yish, chegarachilarni joylashtirish va masalaga yakuniy nuqta qo‘yilishi.
Bu ziddiyatlar sabablari turlicha:
1. Birinchi va eng asosiy sabab – tomonlar uchun chegara degan tushunchaning asli mavhumligi, har bir taraf o‘zicha talqin qilishida.
2. Markaziy Osiyo davlatlari qardoshlik, hamjihatlik va totuvlikka harakat qilsalar-da, baribir milliy adovat saqlanib qolgan holatlar ham ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa turkiy tilli qirg‘izlarning ba’zilari va forsiyzabon tojiklardan ayrim kishilar ko‘zdek qo‘shni bo‘laturib, bir-birlarini mutlaqo tan olmaganlari holda kamsitishga, imkon borida tig‘ sanchib olishga urinishlari bor gap;
3. Davlatlar boshqaruvida ham keskin tafovut ko‘zga tashlanadi. Biri o‘taketgan demokrat qiyofasida biror murosaga kelishni istamaydi, oldingi rahbar imzo chekkan hujjatni keyingisi tan olmaydi, yana biri esa avtokratik boshqaruv usulini qo‘llab, kimningdir oldida bosh egishni tasavvur qilmaydi;
4. Bahsli hududlardagi aholining aksariyati chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Yer nisbiy bo‘linsa-da, suv, yaylov, tog‘ degan tushunchalar azaldan umumiy bo‘lib kelgan. Oddiy mushtlashuvlar ham qishloqlar o‘rtasida janjalga, ortidan chegarachilar aralashgan otishmalarga aylanib ketaveradi;
5. Vorux masalasi. Tojikistonning Vorux anklavi to‘lig‘icha Qirg‘iziston hududida va unda 35 mingdan ortiq aholi yashaydi. Voruxga koridor masalasi bu ikki davlat uchun hamisha tortishuvlar mavzusi bo‘lib kelgan.
Chegara muammosining ildizi
Bu ikki davlat Markaziy Osiyoning nisbatan kichik va iqtisodiy jihatdan quyidagi davlatlari bo‘lish bilan birga, 950 kilometrga yaqin o‘zaro chegaraga ega. Bundan deyarli yarmi – 375 kilometri delimitatsiya qilinmagan.
Delimitatsiya qilinmagan chiziqlarning aksariyat qismi – yetib borish qiyin bo‘lgan tog‘lar, aralash aholi punktlari, yo‘llar va suv sathlaridan o‘tganki, hatto zamonaviy qurilmalar, mukammal kartalar bo‘lganda ham aniq chegara chizig‘ini topish muammo bo‘lib qoladi.
Xo‘sh, nega shuncha muzokaralarga qaramay, bu ikki davlat chegara masalasini to‘liq hal eta olmayapti?
Gap shundaki, chegara muammosini hal qilishda har bir davlat o‘z manbalariga, o‘zining qo‘lidagi hujjatlarga va eng muhimi – o‘z prinsiplariga suyanadi. Chegara liniyasini aniqlashda har ikki davlat asos sifatida SSSR belgilab bergan hududlarni olish zarurligiga tan berishadi. Ammo mana shu nuqtada yana bir nozik jihat bo‘y ko‘rsatadi – o‘tgan asrning birinchi yarmida, hali aniq texnologiyalar bo‘lmagan, bu hududlarda aholi bunchalik ko‘p yashamagan va umuman chegaraning ahamiyati bugungi darajaga yetmagan paytlarda tuzilgan xaritalar bir biridan keskin farqlanadi.
Tojikiston 1924 yildan boshlab 1939 yilgacha tuzilgan xaritalar asosida ish yuritish zarurligini ta’kidlasa, Qirg‘iziston 1959 yilda tuzilgan xarita yakuniy ekanini bildiradi. Tabiiyki, bu xaritalar tuzilayotganda ham ularga kimdir jiddiy e’tibor qaratmagan, ularni tuzgan odamlar ham allaqachon boqiy dunyoga ketishgan.
Shundan beri deyarli har yili, hatto ayrim yillarda bir necha marta otishmalar sodir bo‘ladi, qon to‘kiladi, tomonlar uchrashadilar, muzokara stoliga o‘tiradilar. Ammo deyarli siljish bo‘lmaydi, siyosiy iroda yetmaydi, lokal ziddiyatlar ma’lum muddatga “ko‘mib” qo‘yiladi xolos.
“Katta og‘a” ta’siri
Qizig‘i, ikkala davlat ham – KXShT a’zosi. Ular nazariy jihatdan umumiy dushmanga qarshi birgalikdan kurashishlari kerak. Ammo ularning fuqarolari va chegarachilar o‘q uzgan paytda bu tashkilot ham biror yordam bera olmaydi. To‘g‘ri, so‘nggi otishma chog‘ida KXShT bosh kotibi Stanislav Zas tomonlarni chegara hududida o‘t ochishni bas qilishga chaqirgan. U Tojikiston xavfsizlik kengashi kotibi Nasrullo Mahmudzoda hamda Qirg‘iziston xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imankulov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazib, KXShT mojaroni hal qilishda Bishkek va Dushanbega yordam berishga tayyorligini bildirgan.
Biroq tashkilotning o‘zi ham, bu ikki davlat ham bunday takliflar faqat tavsiyaviy xarakterda ekanini yaxshi anglashadi.
Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari turli sammitlarda bir necha marta muzokaralar o‘tkazishgan, muammo bo‘yicha keng vakolatli komissiyalar tuzilgan. Lekin voqealar rivoji hozircha kutilgan samarani bermayotganini ko‘rsatyapti.
O‘zbekiston pozitsiyasi
O‘zbekiston o‘z odaticha bunday holatlarda neytrallikni afzal biladi va qon to‘kilishining har qanday shaklini qoralaydi.
O‘rni kelganda aytish kerakki, muammoli hududlar masalasi nafaqat Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida, balki O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ham bo‘lgan va hanuz qisman saqlanib turibdi. Bir necha o‘n yilliklar davomida “unutilgan” bu muammo bo‘yicha so‘nggi yillarda kuchli siyosiy iroda tufayli jiddiy siljishlarga erishildi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida 8 ta hujjat imzolandi
21:34 / 05.11.2024