Jamiyat | 16:15 / 29.01.2022
111018
8 daqiqa o‘qiladi

Zooparkdagi qizcha va ayiq voqeasi: tafsilotlar

Toshkent hayvonot bog‘ida ona 3 yashar qizini ayiqning oldiga tashlab yuborgani ko‘pchilikni larzaga soldi. Kun.uz muxbiri holat yuzasidan zoopark xodimlari, tergovchi va shifokor bilan suhbatlashdi. Manbalarimizga ko‘ra, ona ruhiy xastalikka chalingani bois tegishli ro‘yxatda turadi.

Ro‘y bergan hodisa haqida birinchi bo‘lib hayvonot bog‘ining xavfsizlik bo‘limi xodimi xabar topgan. U ayol kishining chinqiriq ovozini eshitgan va ovoz kelgan tomonga qarab yugurgan.

“Tushlik payti oshxonadan qaytishda ayiqlar saqlanadigan bo‘limdan sherlar saqlanadigan volerga yetganimda, orqa tarafdan ayol kishining qattiq ovozda chinqirgani eshitildi. Tezda orqaga qaytib, ovoz kelgan tarafga yugurdim. Yo‘lda 10 yashar atrofidagi o‘g‘il bola chiqib ayiqlarning voleriga yosh bola tushib ketgani haqida xabar berdi. Men zudlik bilan Yirtqichlar bo‘limi mudiriga telefon qildim”, deydi Toshkent hayvonot bog‘i xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ergash Mamatov.

Ergash Mamatov, hayvonot bog‘i xavfsizlik xizmati xodimi
Voqea qahramoniga aylangan Zuzu laqabli ayiq

“3-4 yoshlar atrofidagi qizcha ayiqlar saqlanadigan volerga tushib ketgani haqida xabar berilgandan so‘ng zudlik bilan voqea joyiga yetib keldik. Xodimlarimiz ikkiga bo‘linib, ularning bir qismi ayiqni qafasiga kiritish bilan shug‘ullanishgan bo‘lsa, qolganlar voler hovuziga tushib ketgan qizchani olib chiqishga harakat qilishdi.

Taxminan 2-2,5 daqiqalar ichida ayiqni ichki qafasiga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Biz voler hovuziga tushgunimizcha bola o‘rnidan turdi. Qizchaning boshi yorilgandi. Uni tezda hayvonot bog‘i hamshirasining xonasiga olib chiqdik. Birinchi yordam ko‘rsatilgunga qadar tez tibbiy yordam xizmati xodimlari yetib kelishdi va bolani shifoxonaga olib ketishdi.

Nodir Bahromov, hayvonot bog‘ining Yirtqichlar bo‘limi mudiri

Tez yordam xodimlari yetib kelganda qizaloq haqidagi ma’lumotlar kerak bo‘ldi. Shundan so‘ng uning ota-onasini qidirganimizda bir ayol 6-7 yosh atrofidagi o‘g‘li bilan kelib, onasiligini aytdi. Shu paytda ayolning ko‘zida qayg‘u yoki boshqa narsa ko‘rinmadi. Undan qizcha qanaqa qilib pastga tushib ketganini so‘raganimizda u o‘g‘li bilan ovora bo‘lib, qizi pastga tushib ketganini ko‘rmay qolganini aytdi”, deydi Nodir Bahromov.

Biroq hodisani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan hayvonot bog‘i xodimlari ona yolg‘on gapirgani, voqea mutlaqo boshqacha tarzda rivojlanganini ta’kidlashmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, ayol qafas yonidagi chiqish taqiqlangan beton to‘siq ustiga chiqib, qizini simto‘siqlardan oshirib o‘tkazgan va atrofdagilarning hoy-hoylashiga qaramay uni pastga tashlab yuborgan. Bolani qutqarishga oshiqqan noma’lum er-xotinlarning gap-so‘zlari ham unga kor qilmagan.

Toshkent hayvonot bog‘i xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ergash Mamatov jarayon aslida qanday yuz bergani kuzatuv kameralariga tushib qolganini ma’lum qildi. Mutasaddi ushbu tasvirlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga topshirilganini bildirdi. Uning aytishicha, videoda qizcha ayiq yashaydigan volerga ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketmagani, balki qasddan tashlab yuborilgani yaqqol ko‘rinadi.

“Hayvonot bog‘i ochilganiga 24 yil bo‘lgan bo‘lsa, men shu yerda 23 yildan beri ishlayman. Tashrif buyuruvchilarning hayvonlar saqlanadigan joyga tushib ketishi yoki tashlab yuborilishi ilgari kuzatilmagan, birinchi marta shunday holat sodir bo‘ldi.

Zuzu laqabli ayiq 2016 yilda tug‘ilgan, jinsi erkak. U bu yerga 2017 yilda Bokudagi hayvonot bog‘idan olib kelingan. Ayiqlar unday insonlar uchun xavfsiz emas. Qo‘lga o‘rgatilgani bilan baribir bu – yirtqich. Tabiatda erkak ayiq hatto o‘zining bolalarini yeb qo‘yishi yoki o‘ldirishi holatlari uchraydi, bu ushbu turning o‘ziga xos biologiyasi.

Lekin Allohning marhamati bilan ayiq hattoki boshi qonab yotgan bo‘lsa ham qizchaga tegmadi. Xodimlarimiz ham tezgina olma, non va shunga o‘xshash yeguliklar bilan ayiqni chalg‘itib, bolaning oldidan uzoqlashtirishdi”, – deydi Nodir Bahromov.

Nodir Bahromov sodir bo‘lgan voqea natijasida jabrlangan qizning davolanishi uchun zarur xarajatlarni hayvonot bog‘i rahbariyati o‘z zimmasiga olganini ham aytib o‘tdi.

Ro‘y bergan hodisani tergov qilayotgan Yunusobod tumani prokuraturasi tergovchisi Otabek Bozorov tergov-surishtiruv ishlarining borishi haqida ma’lumot berdi.

Otabek Bozorov, tergovchi

“28 yanvar kuni ayol kishi o‘z farzandlari – 6 yashar o‘g‘li va 3 yashar qizini olib, Toshkent hayvonot bog‘iga aylanishga chiqqan. U ayiqlar voleri yoniga kelganda qizchasini yirtqich hayvon saqlanadigan joyga tashlab yuborib jinoyat sodir etgan. Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolaning onasi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan”, deydi Otabek Bozorov.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo‘limi shifokori Sobir Nasimov bolaning ahvoli hozircha o‘rtacha og‘irlikda ekanini ma’lum qildi. Shifokorning aytishicha, o‘tkazilgan bir qator tibbiy tekshiruvlardan so‘ng bolaga ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi tashxislari qo‘yilgan.

Sobir Nasimov, RShTYoIM Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo‘limi shifokori

“Bemor – Zarina Ahadova 28 yanvar kuni soat 13:30 lar atrofida tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonamizga olib kelingan. O‘sha paytda bolaning ahvoli o‘rta og‘ir va yengil karaxt holatda edi. Tanasining bosh va yuz qismida jarohatlar izlari bor edi.

Zudlik bilan zaruriy barcha tibbiy tashxislar o‘tkazildi. Rengenologik, tomografik tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, bemorga bosh miyaning ochiq jarohati va bosh miya chayqalishi tashxisi qo‘yildi. Tekshiruvlar davomida bolaning bosh suyagida, qo‘l-oyog‘ida, umurtqa pog‘onasida sinish alomatlari topilmadi.

3 yosh-u 4 oylik Zarina Ahadova

Bemor yengil karaxt ahvolda bo‘lgani va kuzatuv jarayoniga muhtojligi sababli u bir sutka reanimatsiya bo‘limida olib qolindi. Bugun esa Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo‘limiga o‘tkazildi. Hozircha bolaning holati o‘rta og‘ir, hushida. Kerakli barcha davo muolajalarini olmoqda”, deydi Sobir Nasimov.

Albatta, ko‘pchilik ayolning o‘z farzandini yirtqich hayvon quchog‘iga nima sababdan irg‘itgani bilan qiziqmoqda. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan sud-tibbiy va boshqa bir qator ekspertizalar tayinlangan. Ularning yakuniga asosan hodisa sabablariga oydinlik kiritilishi kutilmoqda.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido

Mavzuga oid