Ukraina inqirozi. Bayden Zelenskiyni real xavf haqida ogohlantirgan
AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainaga qarshi navbatdagi agressiyasi ro‘y berishi ehtimoli bo‘yicha so‘nggi haftalarda uchinchi marta ukrainlar yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan gaplashdi.
Oq uy saytida ushbu muloqot bo‘yicha berilgan hisobotda prezident yana bir bor Rossiya Ukrainaga bostirib kirgudek bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilar va hamkorlar bilan birgalikda «qat’iyat bilan javob qaytarishi»ni ta’kidlagan. Shu bilan birga, Oq uy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Bayden rossiyaliklarning Ukrainaga hujumi fevralda ro‘y berishi mumkinligini aytgan.
Versiyalar va raddiyalar
Baydenning Zelenskiy bilan muloqotidan keyin jurnalistlar ikki mamlakat rahbarlari aynan nimalarni muhokama qilgani bo‘yicha o‘z taxminlarini bildira boshladi.
CNN’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha katta korrespondenti Aleksander Markardt tvitterdagi sahifasida AQSh prezidenti bosqin muqarrar ekanini aytgani haqida yozgan. «Yuqori martabali ukrainalik amaldor mchancecnn’ga Bayden Zelenskiyga Rossiya bosqinidan endi qochib qutulib bo‘lmasligi, yer muzlashi bilan ular hujumga o‘tishi haqida aytganini xabar qilgan. Ushbu amaldorga ko‘ra, Bayden Kiyev «qamal qilinishi» mumkinligi, rossiyalik harbiylar shaharni egallab olishga urinishi mumkinligi, «zarbaga tayyor turish kerakligi»ni aytgan», deya tasdiqlaydi jurnalist.
Avvalroq ayrim harbiy ekspertlar Rossiya og‘ir texnikalarini botqoqlik hududlarida harakatlantirish oson bo‘lishi uchun Ukraina yerlari muzlashini kutishi mumkinligi haqida taxmin qilishgandi.
Ammo Oq uy vakillari Bayden bunday gaplar aytmaganini bildirdi. «Bu to‘g‘ri emas. Prezident Bayden Rossiya fevralda Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi bo‘yicha real xavf mavjudligini aytdi. U avval ham bu haqda ochiq gapirgan, biz ham bir necha oydan buyon bu haqda ogohlantirib kelmoqdamiz. Bundan oshiqcha yoki farqli xabarlarning barchasi yolg‘on», deya tvitterda Markardtga javob yozgan Amerika ma’muriyatining milliy xavfsizlik kengashi rasmiysi Emili Horn.
CNN shaxsi sir saqlanishi sharti bilan gapirgan ukrainalik yuqori martabali amaldorga tayangan holda ikki prezident suhbati, Rossiya tahdidi ko‘lami borasidagi farqli fikrlar tufayli «u qadar silliq o‘tmagani» haqida xabar qilgan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, Baydenning «bosqin muqarrarligi» haqidagi ogohlantirishiga javoban Zelenskiy o‘z pozitsiyasini takrorlab, Rossiya tomondan tahdid bor bo‘lsa-da, bu «noaniq» ekani va rossiyaliklar hujum qilishi fakt emasligini aytgan.
Ammo Ukraina prezidenti matbuot xizmati bu xabarlarni rad etdi. «Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Ukraina rasmiysiga asoslangan holda prezident Vladimir Zelenskiy va Jo Bayden o‘rtasidagi muzokaralarga oid ekani aytilgan ma’lumotlar tarqaldi. Bu xabarlar mutlaqo asossiz», deya yozgan feysbukda Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov.
Putin: G‘arb Rossiyaning xavotirlarini inobatga olmadi
Oq uy bayonotiga ko‘ra, muloqot vaqtida prezident Bayden «agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirish harakatlarini davom ettirsa, Qo‘shma Shtatlar o‘z ittifoqchilari va hamkorlari bilan birgalikda qat’iy javob qaytarishini tasdiqlagan». Ukraina prezidenti tvitterida yozishicha, ular «vaziyatni yumshatish bo‘yicha olib borilayotgan diplomatik harakatlarni muhokama qilib, kelajakdagi harakatlarni kelishib olishgan».
Rossiya bir necha bor Ukrainaga qarshi harbiy tajovuz qilmoqchi emasligi, ammo o‘z xavfsizligini himoya qilish huquqiga ega ekanligini ta’kidlab keladi. Shuningdek, Moskva NATO mamlakatlaridan alyans sharq tomon kengaymasligi va Ukraina tashkilot a’zoligiga qabul qilinmasligi bo‘yicha kafolat taqdim etilishini talab qiladi. Ammo AQSh va Shimoliy Atlantika alyansi shu haftada Rossiyaga bu talablar bo‘yicha rasmiy xat yo‘lladi, javobda ochiq eshiklar siyosatiga sodiqligini bildirib, Moskvaning talablarini rad etdi.
Juma kuni G‘arbning javobiga Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov munosabat bildirdi. «Agar Yevropada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zaro maqbul tamoyillar asosida kelishib olishga bo‘lgan urinishlarimiz natija bermasa, biz javob choralarini ko‘ramiz», deya uning Rossiya radiosiga bergan intervyusidan iqtibos keltiradi «Interfaks» agentligi. Yangi urush ehtimoliga Rossiya TIV rahbari shunday izoh bergan: «Rossiya Federatsiyasi tomondan [Ukraina bilan] urush bo‘lmaydi. Ammo men kimdir harbiy harakatlar qo‘zg‘atishni xohlashini istisno eta olmayman».
28 yanvar kuni yana bir muhim muloqot o‘tkazildi: Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashdi.
Kreml xabariga ko‘ra, muloqot vaqtida Putin G‘arb Rossiyaga quloq solmayotganini aytgan. «Amerika va natochilarning javoblarida Rossiyaning NATO kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik, Rossiya chegaralari yaqinida zarba beruvchi qurol tizimlarini joylashtirmaslik, shuningdek blokning Yevropadagi harbiy salohiyati va infratuzilmalarini 1997 yildagi pozitsiyaga qaytarish kabi prinsipial talablari hisobga olinmagan», deyiladi Putin matbuot xizmati xabarida.
«Shimoliy oqim-2» bilan nima bo‘ladi?
Payshanba kuni AQSh Rossiya Ukrainaga bostirib kirgudek bo‘lsa, rossiyaliklar gazi G‘arbiy Yevropaga yetkaziladigan «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri foydalanishga topshirilishini to‘xtatib qo‘yish bilan ham tahdid qilgan. «Shimoliy oqim-2» Rossiyadan Germaniyaga keladi, payshanba kuni Berlindagi rasmiy shaxslar ham Ukrainaga bosqin ro‘y bersa, loyiha sanksiyaga uchrashi mumkinligi haqida gapirishdi.
Boltiq dengizi ostidan o‘tgan 1225 km uzunlikdagi quvur besh yil mobaynida qurilgan va 11 milliard dollarga tushgan. U foydalanishga topshirilgach, Rossiyaning Germaniyaga gaz eksporti ikki barobar oshadi.
Ammo noyabrda Germaniya hukumati uning qurilishi mamlakat qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilib, zarur hujjatlar taqdim etilmaguncha ushbu loyihani vaqtincha to‘xtatgandi.
«Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, «Shimoliy oqim-2» bo‘yicha oldinga siljish bo‘lmaydi. Biz germaniyalik ittifoqchilarimiz bilan keng ko‘lamli maslahatlashuvlar o‘tkazdik. Men bugun tafsilotlarni ma’lum qilmoqchi emasman, ammo biz Germaniya bilan quvur faoliyati «o‘lik nuqta»dan siljimasligini ta’minlash uchun ishlaymiz», degan brifingda AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Vikroriya Nuland.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024