O‘zbekiston | 18:00 / 01.02.2022
29462
4 daqiqa o‘qiladi

Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi

Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z oila a’zolariga tegishli telekanalga davlat buyurtmalarini bergani yuzasidan prokuratura tomonidan ma’muriy ish ochildi.

Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdim etgan hujjatlar Bosh prokuratura tomonidan o‘rganib chiqilib, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.

Ma’muriy ish belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun 25 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborilgan. Bu haqda bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Sud majlislariga oid ochiq ma’lumotlar portalida ko‘rsatilishicha, Abduxoliqov MJtKning 175-8-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Mazkur moddaning 4-qismiga ko‘ra, davlat xaridlari jarayonidagi affillanganlik va manfaatlar to‘qnashuvi haqida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik mansabdor shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (5,4 milliondan 8,1 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Sud majlisi 2 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida sudya Ja’far Kurbanov raisligida ko‘rib chiqiladi.

Mazkur keys O‘zbekistonda yuqori lavozimli davlat amaldorining manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani uchun javobgarlikka tortilishi bilan bog‘liq birinchi shov-shuvli holat bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda davlat xaridlariga oid qonunchilikni buzganlik, xususan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘tgan yili joriy qilingan. Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash bo‘yicha taklif ishlab chiqqandi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz 20 yanvar kuni Firdavs Abduxoliqov atrofidagi manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bergan edi. Maqolada “Sevimli” telekanaliga milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha davlat buyurtmalari berilgani, telekanal egalari esa mazkur holatda davlat buyurtmachisi – Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqovning oila a’zolari ekani haqida so‘z yuritilgandi.

Shundan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruv o‘tkazgan va korrupsion holatga yo‘l qo‘yilganini tasdiqlab, ishni prokuraturaga oshirgan edi.

Agentlik axborotiga ko‘ra, 2021 yilda Kinematografiya agentligi tomonidan berilgan davlat buyurtmalari asosida “Sevimli” telekanali ishtirokida “Orzular palatasi” va “Tuzoq” seriallari suratga olingan. 2021 yilning 18 may kuni agentlik va telekanal o‘rtasida jami qiymati 1,8 mlrd so‘mlik shartnoma imzolangan va 1,8 mlrd so‘m pul mablag‘lari telekanal hisobraqamiga o‘tkazib berilgan.

Bugun, 1 fevral kuni Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Sherzodxon Qudratxo‘ja egalladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 7 iyulda qabul qilingan, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid prezident qarorida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topishga oid qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan edi. Loyihani Adliya vazirligi boshqa idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrgacha ishlab chiqib, hukumatga kiritishi lozim edi.

Mavzuga oid