O‘zbekiston | 16:45 / 03.02.2022
4118
4 daqiqa o‘qiladi

An’anaviy o‘qish tiklanishi tufayli qo‘shimcha reyslar qo‘yilishi mumkin

«O‘zbekiston temir yo‘llari» va «Uzbekistan Airways» 7 fevraldan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim tizimiga o‘tilayotgani ortidan poyezd va aviachiptalarga talab oshib ketgan taqdirda qo‘shimcha reyslar qo‘yilishini ma’lum qilishdi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bo‘lim boshlig‘i Fozil Sharipov avval olingan chiptalar hech bir muammosiz yangisiga almashtirib berilishi, vokzallar 24/7 soat rejimida ishlayotganini ta’kidladi.

«Bugungi kunda mahalliy yo‘nalishlarimiz soni yigirmatadan oshiq. Oliy ta’lim muassasalarida 7 fevraldan an’anaviy o‘qish boshlanayotgani munosabati bilan barcha temir yo‘l vokzallarida karantin qoidalariga rioya qilgan holda navbatlar tashkil etilgan. Hozirgi kunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘sh joylar mavjud.

Qatnov ko‘rsatkichlari qo‘shimcha ravishda monitoring qilib borilmoqda. Viloyatlardan Toshkent shahriga yoxud boshqa bir viloyatdan ikkinchisiga qatnovchi poyezdlarda joy qolmaydigan, barcha chiptalar sotilib ketadigan bo‘lsa, qo‘shimcha poyezdlar qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Vokzallardagi chiptaxonalar kun-u tun ishlaydi. Talabalar avval sotib olingan chiptalar kuyib ketishi mumkin, degan xavotirlarga borishmasin, ular, albatta, yangisiga almashtirib beriladi. Buning uchun ortiqcha xarajat talab qilinmaydi. Poyezdda joy qolmaydi, degan xavotirlar o‘rinsiz. Eng oxirgi talaba ham, albatta, o‘z manziliga yetkazib qo‘yiladi», degan Fozil Sharipov.

«Uzbekistan Airways» AJ raisi o‘rinbosari Shuhrat Xudoyqulovning so‘zlariga ko‘ra, aviachiptalarni yangisiga almashtirib berish chog‘ida oldingi safar kuzatilgan ko‘ngilsizliklar takrorlanmasligi qat’iy nazoratga olingan.

«Kichik muddat ichida hammani manziliga yetkazib qo‘yish muammosi bor. Lekin biz bu vaziyatga tayyormiz. Ayni paytda aviakassalarimizda ish vaqtini uzaytirganmiz. Shuningdek, avval sotib olingan chiptalarni almashtirish masalasini alohida nazoratga olganmiz. O‘tgan safar chiptalarni almashtirish bilan bog‘liq ayrim muammolar kuzatilgandi, masalan, chiptalarni almashtirib berish uchun kimlardandir 35 ming, boshqa birovlardan 50 ming so‘m talab qilingan holatlar uchragandi. Bu holatga yo‘l qo‘ygan shaxslarga chora ko‘rildi. Bu safar bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy nazoratga olingan.

Qo‘shimcha reyslarga keladigan bo‘lsak, respublikamizning uzoq hududlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlaridan Toshkentga qatnovchi aviareyslar sonini ikki barobarga oshirdik. Mavjud reyslarga qo‘yilgan barcha samolyotlar kattarog‘iga almashtirildi, ya’ni 150 talik joy 240 taga ko‘paytirildi.

Ayni paytda mutaxassislarimiz iste’molchilarning aviaqatnovlarga bo‘lgan talabini kuzatib borishmoqda. Agar zarurat tug‘iladigan bo‘lsa, qo‘shimcha reyslarni qo‘yishga tayyormiz», deya Shuhrat Xudoyqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 7 fevraldan boshlab umumta’lim maktablari, professional, kasb-hunar ta’lim va oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkazilmoqda. OTMlarda o‘quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich an’anaviy shaklga o‘tkaziladi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ko‘ra, mazkur davrda dars mashg‘ulotlari bir vaqtning o‘zida ham masofaviy, ham an’anaviy shaklda olib boriladi.

Mavzuga oid