Jahon | 11:52 / 06.02.2022
18226
7 daqiqa o‘qiladi

Sport siyosatga aylanganda yoxud boykot qilingan olimpiya o‘yinlari haqida

Xalqlar o‘rtasida tinchlik va muloqotni kuchaytirish maqsadida qayta tashkil etilgan olimpiya o‘yinlaridan bir necha marta geosiyosiy ta’sir o‘tkazish vositasi sifatida foydalanilgan.

Fotokollaj: Kun.uz

Olimpiada o‘yinlari har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik xalqaro sport musobaqasidir. Dastlab tinchlik va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida qayta tashkil etilgan sport musobaqasi o‘zining 126 yillik tarixi davomida geosiyosiy ta’sir o‘tkazish vositasi vazifasini ham o‘tagan. Buning natijasida bekor qilish, taqiqlash va boykot e’lon qilish kabi holatlar ham tarixda ko‘p uchragan.

Joriy yilning 4 fevralidan 20 fevraliga qadar bo‘lib o‘tadigan Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlariga ham AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Hindiston, Avstraliya, Litva, Kosovo, Belgiya, Daniya va Estoniya kabi davlatlar diplomatik boykot e’lon qilishdi. Bu mamlakatlar o‘z sportchilarini jo‘natishsa-da, mamlakat rasmiylari tadbirlarda qatnashishmadi.

Bunga sabab sifatida Shinjon va Tibetda inson huquqlari poymol etilayotgani, shuningdek, Tayvanga uyushtirilayotgan harbiy bosimlar keltirib o‘tilgan. Ammo bu zamonaviy Olimpiya o‘yinlari tarixidagi birinchi holat emas.

Quyida bir qancha davlatlar tomonidan boykot qilingan Olimpiya o‘yinlari haqidagi ma’lumotlar keltiriladi.

1956 yil, mezbon shahar: Melburn, Avstraliya

Boykot qilgan davlatlar: Xitoy, Misr, Iroq, Livan, Niderlandiya, Ispaniya va Shveytsariya

Avstraliya o‘z tarixida birinchi marta qabul qilgan Olimpiya o‘yinlari bir qancha mamlakatlar tomonidan siyosiy sabablarga ko‘ra boykot qilingan. Ochilish marosimiga bir oydan kamroq vaqt qolganda SSSR Vengriyadagi kommunistik rejimga qarshi norozilik harakatlarini bostirish maqsadida mamlakatga qo‘shin kiritadi. Bunga qarshi norozilik sifatida Niderlandiya, Ispaniya va Shveytsariya Melburndagi sport tadbirida ishtirok etishdan bosh tortadi.

Shu bilan birga, Xitoy ham musobaqada ishtirok etmasligini ma’lum qiladi va XXR 1980 yilgi qishki o‘yinlargacha birorta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmaydi. Buning sababi sifatida Xitoy hukumati ajralib chiqqan viloyat deb hisoblaydigan Tayvanga alohida davlat sifatida ishtirok etishga ruxsat berilgani keltirib o‘tiladi.

Britaniya-Isroil-Fransiya bosqinidan keyin Suvaysh kanalida yuzaga kelgan inqiroz tufayli Misr, Iroq va Livan ham 1956 yilgi musobaqani boykot qilgan.

1964 yil, mezbon shahar: Tokio, Yaponiya

Boykot qilgan davlatlar: Xitoy, Shimoliy Koreya va Indoneziya

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) 1963 yilda Jakartada Yangi paydo bo‘lgan kuchlar nomi bilan o‘tkazilgan ko‘p millatli havaskorlar musobaqasida qatnashgan sportchilarni diskvalifikatsiya qilishini e’lon qiladi. Bunga javoban Osiyo qit’asida o‘tkazilgan birinchi Olimpiya o‘yinlari Xitoy, Shimoliy Koreya va Indoneziya tomonidan boykot qilinadi. Sabab sifatida Jakartadagi musobaqada ushbu davlatlardan eng ko‘p va eng yaxshi sportchilar qatnashganligi keltirilgan.

Shuningdek, Bu Olimpiya o‘yinlari Janubiy Afrikaning aparteid tartibi tufayli qatnashishi taqiqlangan birinchi musobaqasi edi. Bu taqiq 1992 yilgacha davom etadi.

1976 yil, mezbon shahar: Monreal, Kanada

Boykot qiluvchi davlatlar: 30 dan ortiq Afrika mamlakatlari, Xitoy, Tayvan va Iroq

Yil boshida regbi bo‘yicha Yangi Zelandiya milliy terma jamoasi aparteid tartibi sabab Janubiy Afrikaga qarshi joriy qilingan xalqaro sport embargosini buzib, o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etadi. Ammo Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi o‘rnatilgan qoidalarni buzganiga qaramay, Yangi Zelandiya Olimpiya o‘yinlarida qatnashishiga ruxsat beradi. Bu esa bir qancha Afrika davlatlari musobaqada ishtirok etmasligi bilan tugaydi. Tanzaniya boshchiligidagi boykotda 400dan ortiq sportchi qatnashadi.

Tayvan esa Xitoy Respublikasi sifatida qatnashishga ruxsat berishmagani sababli o‘yinlarga bormaydi.

1980 yil, mezbon shahar: Moskva, Rossiya

Boykot qilgan mamlakatlar: AQSh boshchiligidagi 65 ta davlat

1979 yil 27 dekabrda sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirishidan norozi bo‘lgan 60 dan ortiq davlat Moskvada o‘tkaziladigan o‘yinlarda qatnashishdan bosh tortadi.

AQSh prezidenti Jimmi Karter boshchiligidagi boykotga Kanada, Isroil, Yaponiya, Xitoy va G‘arbiy Germaniya, shuningdek aksariyat musulmon davlatlar qo‘shilishadi. Qiziq jihati, ushbu musobaqada bir qancha afg‘onistonlik sportchilar ishtirok etishgan.

Ba’zi mamlakatlar o‘z sportchilariga Olimpiya bayrog‘i ostida individual ravishda musobaqalarda qatnashishni taqiqlamagan. Ammo o‘zboshimchalik bilan Moskvadagi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan amerikalik sportchilarning barchasi fuqarolikdan mahrum etiladi.

Boykot sabab Moskvadagi Olimpiadada atigi 80ta davlat qatnashadi va bu 1956 yildan keyin o‘tkazilgan musobaqalardagi eng kam ko‘rsatkichdir.

Jimmi Karter boks yulduzi Muhammad Alini boykotni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatlarni jalb qilish maqsadida Afrika bo‘ylab kampaniya o‘tkazishga jalb qiladi. Ammo bu keskin tanqidlarga uchragan.

Qo‘shma Shtatlar va boshqa ko‘plab davlatlarning musobaqadan chiqib ketishi oqibatida SSSR 195 medalni qo‘lga kiritadi. Bu Olimpiya rekordi hali ham saqlanib qolmoqda.

1984 yil, mezbon shahar: Los-Anjyeles, AQSh

Boykot qilgan davlatlar: SSSR boshchiligidagi 14ta davlat

To‘rt yil avval AQSh boshchiligidagi Moskva o‘yinlarining boykot qilinganiga javob sifatida sovetlar ittifoqi boshchiligidagi 14ta davlat, jumladan, Sharqiy Germaniya Los-Anjyelesda o‘tkazilgan Olimpiadada ishtirok etmaydi. Sharqiy blokning aksariyat davlatlari bu qarorni Amerika tuprog‘idagi jismoniy hujumlar va noroziliklardan xavotirlari bilan izohlagan.

Boykotga qaramay, 1984 yilgi musobaqada 140ta davlat ishtirok etadi, bu Olimpiya rekordidir. Sovet sportchilari musobaqadan chiqib ketganidan so‘ng, AQSh jamoasi 83ta oltin medalni qo‘lga kiritadi.

1988 yil, mezbon shahar: Seul, Janubiy Koreya

Boykot qilgan davlatlar: Kuba, Efiopiya, Nikaragua va Shimoliy Koreya

O‘yinlarni Janubiy Koreya bilan birgalikda o‘tkazishga ruxsat berilmaganidan g‘azablangan Shimoliy Koreya 1988 yilda qo‘shni Seulda bo‘lib o‘tgan tadbirga borishdan bosh tortadi.

Kuba prezidenti Fidel Kastro esa NBC telekanaliga bergan intervyusida shunday deydi: «Seulda Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish Qo‘shma Shtatlar tomonidan bosib olingan Guantanamo harbiy-dengiz bazasida bu tadbirni tashkil qilish bilan barobardir».

Aholi o‘z uylarini tashlab ketishga majburlangani haqidagi shov-shuvlar Seul o‘yinlari nomiga «dog‘ tushiradi» va e’tirozlarga sabab bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 1916, 1940 va 1944 yillardagi Olimpiya o‘yinlari Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari sabab o‘tkazilmagan.

Mavzuga oid