O‘zbekiston | 10:44 / 07.02.2022
29684
3 daqiqa o‘qiladi

Mirishkor tumani hokimining o‘rinbosari 50 ming dollar olayotganda ushlandi

Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yaxshiyev yer masalalari hokimlikdan ketgan bo‘lsa-da, fuqaroning ishonchiga kirib, 80 000 AQSh dollari so‘rab, undan 50 000 dollarni olayotganda qo‘lga olingan.

Foto: Kun.uz

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 7 fevral kuni Qashqadaryo viloyati hokimligida bir qator dolzarb masalalarga doir yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilishda viloyatda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hisoboti berilgan.

Viloyat hokimi Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yaxshiyev yer masalalari hokimlikdan ketgan bo‘lsa-da, fuqaroning ishonchiga kirib, 80 000 AQSh dollari so‘rab, undan 50 000 dollarni olayotganda qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.

«Bugundan viloyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash boshlanganini e’lon qilmoqchiman. Endi hamma tashkilotlar ishxonamiz sha’ni deb yashirib o‘tirishni yig‘ishtiradi. Tashkilot yoki hokimlik sha’nini emas, davlatimiz sha’ni va rivojlanishini o‘ylasak, yaxshi bo‘lar edi. Mana, Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yaxshiyev yer masalalari hokimlikdan ketgan bo‘lsa-da, fuqaroning ishonchiga kirib, 80 000 AQSh dollaridan 50 000 dollarni olayotganda qo‘lga tushgan. Bu ishda tuman hokimini ham oqlamayman. Ijtimoiy tarmoqlarni o‘qidingizmi,“baliq boshidan” degan gaplar chiqyapti. Afsuski, bu gaplarda jon bor.

Mirishkorga borganimda nuroniylar yo‘limga chiqib, tuman markaziga ichimlik suv olib keling, degandi. Shu ishlar bilan shug‘ullanmasdan faqat o‘zini o‘ylaydigan, tez boyishni o‘ylaydigan jamoa yig‘ilganmi hokimlikda?» degan Murod Azimov.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha, Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yaxshiyev 50 ming dollar bilan qo‘lga tushgani holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 28, 211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryoda hokim o‘rinbosarlaridan biri pora bilan qo‘lga tushgani haqida 2022 yil 6 fevral kuni viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bergandi. Kun.uz manbasi uning Mirishkor tumani hokimining o‘rinbosarlaridan biri ekanini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid