Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qoraqalpog‘istondagi mudhish qotillik oradan 8 yil o‘tib qanday fosh bo‘lgandi?
G‘oyib bo‘lgan o‘g‘il
1994 yil 10 dekabr kuni kechqurun soat 22:00larda Mang‘it shahridagi o‘ziga to‘q oilalardan biri – Muhsin Qodirov xonadonida bezovtalik boshlandi. Oiladagi to‘ng‘ich farzand – 15 yoshli Rashid 21:00larda kutilmaganda g‘oyib bo‘lib, bir soat o‘tsa ham uyga kelavermadi.
Ota-ona “o‘g‘limiz biror o‘rtog‘inikiga chiqib ketgandir”, deya o‘zlarini yupatib, yana bir soatni o‘tkazishdi. 00:00ga yaqin ham o‘g‘lidan darak bo‘lavermagani ota-onani adoyi tamom qildi. Ota-onaning so‘rab-surishtirmagan qo‘shnisi, telefon qilmagan tanishi qolmadi. Ularning bari birday Rashidni yaqin orada ko‘rmaganini takrorlardi.
Nihoyat soat 00:00 arafasida uy telefoni jiringladi. Telefonga javob bergan Muhsin Qodirovning rangi o‘chib ketdi. Telefonda noma’lum shaxs o‘g‘li Rashid uning qo‘lida ekanini, tungi soat 02:00da “Do‘stlik jamoa xo‘jaligi oldidagi kollektor ustidan o‘tgan ko‘prikda 1 mln so‘m (o‘sha vaqtdagi juda katta summa) pul qoldirmasa, shuningdek voqea haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradigan bo‘lsa, o‘g‘lini o‘ldirishini ma’lum qilgan edi. Qo‘rquvga tushib qolgan ota-ona darhol so‘ralgan pulni to‘plashga tushadi. Uyida 1 mln pul bo‘lmagani uchun kamiga o‘zining uyidan va qarindoshlaridan qimmatbaho taqinchoqlarni yig‘ib chiqadi. Farzandi o‘ldirilishi aytib qo‘rqitilgan ota-ona jinoyatchilar talabini bajarib, bu haqda tegishli idoralarga xabar bermaydi.
Kerakli summa to‘plangandan so‘ng, 10 dekabrdan 11 dekabrga o‘tar kechasi soat 02:00larda Muhsin Qodirov pul va boshqa qimmatliklarni kelishilgan joyda qoldiradi va kelishilganidek uyga qaytib, o‘g‘lining uyga olib kelinishini kutadi. Biroq hadeganda o‘g‘il uyga qaytavermaydi.
Nihoyat, soat 03:00larda yana telefon jiringlaydi. Yana o‘sha noma’lum shaxs otaga o‘g‘li mol bozordaligini, uni o‘sha yerdan olib ketishni aytadi.
Mol bozoriga uchib borgan ota-ona bozor darvozasi yaqinida o‘g‘lining yerda yotganiga guvoh bo‘ladi. Hamma yog‘i momataloq bo‘lib ketgan o‘g‘lini dastlab behush deb o‘ylagan ota-ona ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘g‘ilning yuragi urmayotgan edi. Yarim tunda otaning o‘kirib, onaning uvvos solib yig‘lagan ovozi bozor atrofini tutib ketadi...
Qotil aniqlanmadi
Holat yuzasidan Amudaryo tumani prokuraturasi tomonidan qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Bir qator tezkor va tergov harakatlari o‘tkaziladi.
Bozor yaqinidagi tuproqli hududda arava iziga guvoh bo‘linadi. Biroq izlar asfalt yo‘lga tutashgandan so‘ng hech qancha o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi. Shunga qaramay, arava izidan namuna olib qo‘yiladi. Lekin ko‘rilgan choralar hadeganda ish beravermaydi.
Oradan oylar o‘tib ham jinoyatni ochishning imkoni bo‘lmagach, prokuratura jinoyat ishini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.
Takroriy tahdidlar
Oradan yillar o‘tadi. Avvalgi jinoyati ochilmay qolib ketganidan ruhlangan jinoiy guruh 1997 yilga kelib, yana Muhsin Qodirovga tovlamachilik qilishni rejalashtiradi. Shu maqsadda unga nisbatan telefon qo‘ng‘irog‘i va xatlar bilan tahdidlar boshlanadi. Jinoiy guruh murojaatlarida Muhsin Qodirov ularga 1 mlrd so‘m bermasa, oila a’zolarini o‘g‘irlab ketib, o‘ldirish aytiladi.
Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, deganday bu safar Muhsin Qodirov prokuraturaga xabar beradi.
1997 yil 2 apreldan 3 aprelga o‘tar kechasi uning uyiga yana telefon bo‘lib, avvalgi tahdidlar takrorlanadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xonadonga bo‘ladigan qo‘ng‘iroqlarni nazoratga olib turgani sababli bu safargi qo‘ng‘iroq mol bozori yaqinidagi “Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar” binosidan bo‘lgani aniqlanadi. O‘sha yerdagi telefon go‘shagidan noma’lum shaxsning barmoq izlari ashyoviy dalil sifatida olinadi. Biroq yana jinoyat ochilmay qoladi.
1998 yil yanvar oyida Muhsin Qodirov xonadoniga yana 1 mlrd so‘m talab qilingan xat tashlab ketiladi.
Navbatdagi tahdid 1998 yil aprelida telefon orqali bo‘ladi.
O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganday jinoiy guruh 1 mlrddan umidini osonlikcha uzmaydi va tahdidni davom ettiradi. 2000 yil avgust oyida Toshkentdan xat jo‘natiladi. Unda ham tinch qo‘yish uchun 1 mlrd so‘m berish talab qilingandi.
Eshik oldiga tahdidli xat tashlab ketish va qo‘ng‘iroq qilish yana bir necha marta takrorlanadi.
Har bir tahdiddan so‘ng, jinoyat ishi qayta tiklanib, tergov ham davom ettiriladi. Biroq amaliy natija yo‘qligi sababli jinoyat ishi to‘xtatib qo‘yiladi.
Mastlik – rostlik
Oradan yillar o‘tib, 2002 yil 2 iyun kuni Mang‘it shahridagi bir to‘yda qiziq voqea sodir bo‘ladi. To‘yda mast bo‘lib qolgan Shahzod ismli odam atrofidagilar bilan aytishib qolib, gap orasida “Senlarni ham Rashid kabi gumdon qilaman”, deb baqiradi. Buni qarangki, shu to‘yda Rashidning maktabdagi sinfdoshlari ham o‘tirgan bo‘ladi va notanish odamning Rashidni o‘ldirganini baqirib aytishi ularning e’tiborini tortadi. Sinfdoshlardan biri “Rashidning qotili zora shu bo‘lsa”, deya bo‘lib o‘tgan voqea haqida prokuraturaga xabar beradi.
Qing‘ir ishning qiyig‘i 8 yil o‘tib chiqdi
Jinoyat ishi qayta tiklanib, tergov guruhi o‘z ishini boshlaydi. “To‘yda shovqin ko‘targan Shahzod” haqida ma’lumotlar to‘planadi. Olingan ma’lumotlar asosida u Mang‘it shahrida yashovchi Shahzod Hojiyev ekani ma’lum bo‘ladi. Shahzodning o‘ziga bildirmagan holda turli idoralardagi hujjatlarda saqlanayotgan unga tegishli bo‘lgan yozuvlar to‘planadi. Ushbu yozuvlar va Muhsin Qodirovning uyiga tashlab ketilgan xatlardagi yozuvlar ekspertizada solishtirilganida, ba’zi xatlardagi yozuvlar unga tegishli ekani ma’lum bo‘ladi.
Shahzodning uyida tintuv o‘tkazilganda, yerto‘ladan ikki g‘ildirakli arava topiladi. Aravaning izlari olinib, 1994 yilda namuna sifatida olib qo‘yilgan arava iziga solishtirilganda izlar bir xil bo‘lib chiqadi. 1994 yilda Rashidning jasadi aynan shu aravada olib borilgan edi.
“Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar” binosidagi telefon go‘shagidan olingan barmoq izlari Shahzodning barmoq izlari bilan solishtirilganda, go‘shakda qolgan iz Shahzodga tegishliligi o‘z tasdig‘ini topdi.
Jinoiy reja
Tergov jarayonida Shahzod Hojiyev akasi Xolmirza va qo‘shnisi Qudrat Sobirovlar bilan jinoiy guruh tashkil qilib, Mang‘it shahrida yashovchi boy oilalardan tovlamachilik yo‘li bilan katta miqdordagi pullarni o‘zlashtirib olish bo‘yicha turli rejalar tuzgani haqida ko‘rsatma beradi.
Shunday rejalardan biri – Mang‘itdagi o‘ziga to‘q mansabdor shaxs Muhsin Qodirovning 15 yoshli o‘g‘li Rashid bilan yaqindan tanishib olib, undan foydalangan holda otasidan katta miqdorda pul undirish edi.
Ma’lum bo‘lishicha, rejani amalga oshirish uchun Shahzod Rashid bilan yaqindan tanishib olgan. Suhbat asnosida uning itlarga qiziqishini bilib olgan Shahzod shu qiziqishdan foydalanishni ko‘zlab, jinoiy rejani shu qiziqish ustiga qurgan.
1994 yil dekabr oyining boshlari. Shahzod Rashidga uyida ovcharka it boqishini, avvalroq uning bolalaganini, ovcharka bolalaridan birini unga bermoqchiligini aytib, bu haqda ota-onasiga miq etmaslikni tayinlaydi.
Hammasi yashirincha bo‘lishiga so‘z bergan yigitcha 10 dekabr kuni kechqurun soat 21:00larda uyidagilarga bildirmay ko‘chaga chiqib, sal nariroqda uni kutib turgan Shahzod va Qudrat bilan ularning uyiga qarab yo‘l oladi.
Ko‘p o‘tmay Shahzodning uyiga yetib borishadi. Jinoiy sheriklar “ovcharka bolasi molxonadaligi” uchun Rashidni o‘sha yerga olib borishadi va birdan uni ayovsiz tarzda 3 kishi bo‘lib (Xolmirza ham ularga qo‘shilgandi) do‘pposlay boshlashadi. Kaltaklardan holdan toyib, og‘zi-burni qon bo‘lib yotgan yigitchani Shahzod bo‘g‘ishga tushadi. Shu tarzda shafqatsiz jinoyatchilar yigitchaning yosh umriga zomin bo‘ladi...
Qotillikdan so‘ng, Shahzod soat 00:00ga yaqin yigitchaning uyiga telefon qilib, Rashid o‘zida garovda turganini, 1 mln so‘m berilmasa, uni o‘ldirishini bildiradi.
Ko‘prikda qoldirilgan pul va boshqa qimmatliklarni qo‘lga kiritgan jinoiy guruh uyga qaytib, molxonadan Rashidning murdasini ikki g‘ildirakli aravaga ortib, murdani mol bozoriga olib borib tashlaydi.
Shahzodning tergovga ma’lum qilishicha, muvaffaqiyatli amalga oshgan jinoiy rejadan so‘ng, jinoiy guruh Qoraqalpog‘istonni tark etib, Toshkentga qochib ketgan, Toshkent viloyati Angren shahridan uy sotib olib, shu yerda yashab yurgan. Yana pul undirish uchun ba’zan Toshkentdan, ba’zan Mang‘itga borganida o‘sha yerdan Muhsin Qodirovning uyiga tahdidli xatlar jo‘natib turgan, qo‘ng‘iroqlar qilgan. Ba’zi xatlarni o‘zi yozib, ba’zilarini maktabda o‘quvchi jiyaniga yozdirgan.
Muqarrar jazo
Olib borilgan tergov davomida jinoiy guruhning har uchala a’zosi tomonidan qotillik va tovlamachilik jinoyatlari sodir etilganini isbotlovchi yetarli dalillar to‘plandi. Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga oshirildi.
Mazkur jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudida ko‘rib chiqilib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan aybli deb topildi. Sud hukmi bilan ularga nisbatan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Abbos Salaydinov tayyorladi.
Mavzuga oid
16:51 / 22.05.2025
Vashingtonda Isroil elchixonasining ikki xodimi otib o‘ldirildi
19:54 / 08.05.2025
AQShda salkam 50 yil oldin sodir etilgan qotillik tamaki qutisidagi barmoq izlari orqali fosh qilindi
16:15 / 06.05.2025
Surxondaryoda ruhiy xasta ayol 3 yoshli qizni pichoqladi
15:56 / 15.04.2025