Jamiyat | 17:58 / 08.02.2022
10265
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzordagi mahallani obodonlashtirish nega chala tashlab ketildi?

Chilonzor tumani Lutfiy ko‘chasidagi ko‘pqavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi “Obod mahalla” dasturi doirasida boshlangan obodonlashtirish ishlaridan mamnun edilar. Ammo bu xursandchilik ko‘pga cho‘zilmadi.

O‘lda-jo‘lda tashlab ketilgan, oxiriga yetkazilmagan ishlar, istalgan joyda qoldirilgan qurilish materiallari obod mahalla orzusidagi aholining umidlarini puchga chiqardi.

Aholi vakillarining aytishlaricha, obodonlashtirish ishlari bir yil avval boshlangan.

“Boshlangan ish oxiriga yetkazilmasdan chala qoldi. Tumanimiz hokimi ham kelib ko‘rib, oxiriga yetkazilishini aytgandi. Lekin haligacha qilinmadi. Yaxshiyamki poytaxtning markazida, Chilonzorda yashaymiz. Qishloqlarga borsam havasim kelyapti, obodligini ko‘rib”, deydi mahalla faoli Zarofat Islomova.

Ko‘pqavatli uylarda istiqomat qiluvchi Baxtiyor G‘afforov bu holat aholiga noqulaylik tug‘dirayotganini aytdi: “Hammayoq kavlab tashlanganidan bolalarimiz uyga loy bo‘lib kirishadi. Sentyabrda (2021 yil) qilingan, shu bilan qolgan. Pudratchilar ham tashlab ketib qolishdi. Qurilish chiqindilari qoldirilgani uchun boshqa joylardan ham axlat keltirib tashlab ketishyapti.

Bolalar maydonchasi ham qurishni va’da qilishgandi, lekin bu va’da ham bajarilmadi”.

Ko‘pqavatli uy oldidagi yo‘lakda joylashgan kanalizatsiya quduqlari qopqog‘i yer sathidan deyarli 10 santimetr balandlikka ko‘tarilgan. Undan keyin ko‘zda tutilgan asfalt yotqizilmagani sabab, bu yo‘lak bo‘ylab yurishga xalaqit beradi.

“Kanalizatsiya quduqlari balandligi yer bilan tekis joylashgan edi. Buni ko‘tarib qo‘yishgani uchun o‘tayotganda noqulaylik tug‘diradi. Yoshi kattalar bor bu yerda”, deb ta’kidlaydi shu yerda istiqomat qiluvchi fuqaro Alisher Bobomuhamedov.

Kun.uz ushbu masala yuzasidan Chilonzor tuman hokimiyati matbuot xizmati bilan bog‘landi.

2021 yilning 29 dekabr kuni tahririyatga ma’lum qilinishicha, haqiqatan ham ko‘rsatilgan manzildagi ko‘pqavatli uylar oldidagi maydonlar ta’mirlanishi vaqtincha to‘xtatilgan. Xabarda 2022 yilning yanvar oyida pudratchi tashkilotga pul mablag‘i tushirib berilishi aytilgandi. Obodonlashtirish ishlari “O‘zimizning mahsulotlar” MChJ mutasaddilari tomonidan davom ettirilishi va yakunlanishi kerak edi.

Ammo yanvar oyi tugab, fevral oyi boshlandi hamki, hamon hududda mas’uliyatsizlik oqibati bartaraf etilmagan. Kun.uz va’dalar bajarilishi yuzasidan kuzatuvni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz 2021 yil bahorida Toshkentning Mirobod tumanida ko‘zi ojizlar yashovchi mahallani obodonlashtirish chala tashlab ketilgani, bu nogironlar hayotiga xavf tug‘dirayotgani haqida yozgandi. Shundan so‘ng mahallada ta’mirlash ishlari davom ettirildi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Mavzuga oid