O‘zbekiston | 19:34 / 09.02.2022
10346
9 daqiqa o‘qiladi

“Gap serverlarda emas, platformalar davlat organlarimiz bilan hamkorlik qilsin” - Shermatov

O‘zbekiston rasmiylarining ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan asosiy talabi serverlarini olib kelish emasligi ma’lum bo‘ldi (vaholanki, qonunda shunday yozilgan).

O‘zbekistonda 2021 yil 16 apreldan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1 moddasi talabi bilan xorijiy internet platformalariga o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari saqlanadigan serverlarini olib kelish talabi qo‘yilgan edi. Hozircha birorta platforma bu talabni bajarmadi, buning ortidan O‘zbekistonda bir qancha ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklab qo‘yildi.

Yaqinda Kun.uz bilan suhbatlashgan AKT vaziri Sherzod Shermatov bu yerda asosiy masala serverlarni olib kelishda emasligini bildirdi. Shermatovga ko‘ra, xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda sodir etilgan huquqbuzarlikni vaqtida aniqlash uchun ushbu platformalar O‘zbekistondagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak.

«Biz qaysi davlat modelida ketamiz deganda, umumiy strategiyani kelishib olishimiz kerak. Shimoliy Koreyami yoki boshqami…

Bu savol og‘ir savol, menga qolsa BAAning yo‘li yoqadi. Chunki internet va boshqa hamma sharoitlari biznes uchun yaratilgan. Lekin Facebook'da yoki boshqa tarmoqda kimdir noqonuniy ish qilsa, politsiya darrov uni topadi hamda unga chora ko‘radi yoki Dubaydan chiqarib yuboradi. U yer parlamentar, demokratik davlat emas, monarxiya. Shundoq bo‘lsa ham hech kim monarxiya ekan, demokratiya yo‘q ekan deb, to‘polon qilib chiqmayapti. Lekin biznes va odam uchun hamma sharoitlar bor. Bizning qancha tadbirkorlar ham u yoqqa borib yashayotganini ko‘rgansiz.

Aytmoqchi bo‘lganim, biznes uchun va odamlar yashashi uchun hamma sharoitni qilib berishimiz kerak, bu aniq narsa. Lekin, kimda-kim noqonuniy harakat qiladigan bo‘lsa yoki konstitutsion tuzumga qarshi harakat qiladigan bo‘lsa, uni topish va jazolash imkoniyati bo‘lishi kerak. Tushunyapsizmi? Nimaga ularda (BAA hukumatida) [bunaqa imkoniyat] bor, bizda yo‘q?

Xuddi shuni o‘rganib, sekin-sekin katta ijtimoiy tarmoqlar bilan muloqot olib borib, shunga kelishishimiz kerak. Chunki, hozirda qo‘shnilarimizda bo‘layotgan voqealarni o‘zi bunga yanada e’tibor qaratadi… Masalan, terroristik guruhlarni o‘zaro koordinatsiya qilish faoliyati bo‘lsayu, huquqni muhofaza qiluvchi organ uni topolmasa. Bu nima degan gap? [Topolmasligining] sababi o‘sha kripto qilingan ijtimoiy tarmoqda bunga imkoniyat bo‘lmasa. Yoki O‘zbekiston juda ko‘p millat va din vakillari yashaydigan davlat. Bu yerda millatlararo nizo qo‘zg‘atish juda oson. Mana Qirg‘izistondagi voqealar misol.

Ertaga xuddi shunga o‘xshagan to‘polon yoki boshqa narsa qilishi mumkin. Bizni huquqni muhofaza qiladigan organlarimiz uni egasini topib chora ko‘radigan darajada bo‘lishi kerak. Mana shuning uchun ham tegishli qonun normalar, hammasi ishlab chiqarilishi kerak. Uni hammasi kerakmas, bizda hammasi o‘zboshimchalik bilan ketishi kerak, deydigan odam xato qilgan bo‘ladi. oxirgi bo‘layotgan o‘zgarishlarni o‘zida ham.

Undan tashqari, yana bitta katta yomon narsa bor – o‘zi umuman biz shaxsiy ma’lumot degan narsani qadrini pasaytirib qo‘ydik. Istalgan joyda sizni hamma pasport ma’lumotlaringiz yotibdi. Istalgan joyda sizni nomingizdan kreditlar olib yotganlar bor, boshqalar bor. Ya’ni, shaxsiy ma’lumotni himoyasi to‘g‘risidagi qonun o‘zi kerak, u himoya qilinishi shart. Chunki, firibgarlar tomonidan borgan sari sizning shaxsingizdan foydalanib, xizmatdan foydalanish holatlari ko‘payib ketmoqda.

Shunday firibgarlardan kimdir zararlansa, u huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qiladi. Firibgarni qayerdan topishadi, u platformalar bilan kontakt yo‘q. Nima qilish kerak? Jabrlanuvchilar ko‘payib ketyapti, ular bo‘yicha nima chora ko‘rish kerak? Shuning uchun ham u qonun kerakmas, degan fikrdan men yiroqman.

Kerak bo‘lsa [qonun talabini] modernizatsiya qilish kerakdir, lekin o‘sha platformalar ham bizning huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak. Ular ham buni tushunadi. Chunki nimaga Dubayda bunaqa hamkorlik bor-ku, bizda yo‘q?

Bu narsa butun dunyoda bo‘layotgan muammolar. Shuning uchun mana DXX tomonidan ishlab chiqilgan «Kiberxavfsizlik to‘g‘risida»gi qonun ham… Bu narsalar baribir kerak.

Mana hozir OLX'da savdo platformasida ham kuniga nechtalab shunaqa firibgarliklar ko‘paygan. Jabrlanganlar norozi bo‘lib, organlarga aytyapti, pulimni yechib olganlarni topib ber, deyapti. Bular chora ko‘rishi kerakmi yoki yo‘qmi?» – deydi vazir.

Shermatov Kun.uz muxbirining gigant IT-kompaniyalar o‘z serverlarini baribir O‘zbekistonga olib kelmaydi degan fikriga quyidagicha munosabat bildirdi.

«Server nuqtayi nazaridan ham emas, endi serverini olib kelgan ham. Masalan, YouTube va Facebook kompaniyalarini bizda CDNi bor. Server kerak bo‘lsa, olib keladi ham. Bu yerda asosiy masala server ham emas, asosiy masala ertaga hamma tashkilotlar bir-biri bilan… kerak bo‘lganda qonuniy chora ko‘rishga imkoniyati bo‘lishi kerak.

CDN olib kelish, aslida ularga foyda ham. Masalan, telefoningizda YouTube'ni ko‘rsangiz tez ochadi. Chunki, O‘zbekistonda uni CDNi turibdi, u bo‘lishidan oldin u sekin ochilardi. Xuddi shu videolarni bizda CDNi yo‘q boshqa platformalarda ko‘rsangiz «zagruzka»si sekin bo‘ladi. baribir, «kesh» qiladigan (vaqtinchalik ma’lumotlarni saqlaydigan) serverlar qo‘yilgan. Operatorlar bu narsani qo‘yishga harakat qiladi.

Aytmoqchi bo‘lganim, texnik imkoniyat yo‘q deyish oson narsa. Men ertaga u serverini olib kelsin, ham demayman. Lekin, kerak bo‘ladigan bo‘lsa o‘sha kesh serverlar bizda bor. Gap u yerda serverda ham emas, gap haligi aytgan masala: Sizning huquqingizni kimdir buzdimi, siz huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilganda ular o‘sha firibgarni topishi kerak, lekin hozir topolmayapti.

Topish uchun ular bilan [xorijiy ijtimoiy tarmoqlar] o‘zaro munosabat yo‘lga qo‘yilishi kerak. Buning uchun u tomondan ham gaplashilishi kerak. Hozir, masala shu «gaplashish» va bir fikrga kelish haqida ketyapti.

Har xil messenjer va kompaniyalar bor. Mana boshida Facebook va Google'dan ham bizga soliqlar bo‘larkan, degan shov-shuvlar bo‘lgandi. Hozir shu kompaniyalarning o‘zi ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tib, QQS to‘layapti. Ya’ni ular bilan sekin-sekin gaplashilsa, qolgan narsalariga ham kelishiladi. Bizning maqsadimiz, hozir hayotda xavfsiz yashayotganingiz kabi internetdagi hayotimiz ham shunday bo‘lishi kerak», – dedi AKT vaziri Sherzod Shermatov.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 16 apreldan kuchga kirgan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27-1 moddasi talabi asosida «O‘zkomnazorat» o‘sha yili 2 iyuldan boshlab TikTok, Twitter, Skype, WeChat va Vkontakte tarmoqlariga cheklov qo‘ygandi.

Cheklovga mazkur tarmoqlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma’lumotlarni O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, 2021 yil 3 noyabr kuni yuqoridagi vaj bilan Telegram, Facebook, Instagram, YouTube va Odnoklassniki tarmoqlari ham bloklandi va bu jamiyatda keskin rezonans uyg‘otdi. Shu kunning o‘zida bu harakat prezident bilan kelishilmagan holda, Vazirlar Mahkamasi topshirig‘i asosida qilingani aytildi va tarmoqlarga ulanish tiklanib, qator mas’ullar ishdan olindi.

Ko‘plab mutaxassislar va IT tadbirkorlar O‘zbekiston hukumatining bu talabi uzoqni o‘ylamasdan, internet texnologiyalarini tushunmaydigan odamlar tomonidan ishlab chiqilganini, bu IT kelajagiga bolta urushini aytib kelayotganiga qaramay, hukumat muammoga ko‘z yumib kelmoqda. Bundan tashqari, hozirga qadar qonun talabini birorta xorijiy internet platformasi bajargani haqida ma’lumot berilmagan.

Sherzod Shermatov bilan to‘liq intervyu:

Mavzuga oid