Jamiyat | 13:31 / 11.02.2022
20744
2 daqiqa o‘qiladi

Marhamat tumanidagi uzrbozlik yig‘ilishi bo‘yicha materiallar Bosh prokuraturaga oshirildi

Kun.uz saytida Marhamat tumanidagi 72-IDUM o‘qituvchilari ota-onalar oldida uzr so‘rashga majbur qilingani yuzasidan qator maqolalar e’lon qilingan edi.

Foto: Kun.uz

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan o‘rganish natijalari qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi o‘qituvchilarning ota-onalar oldida uzr so‘ragani yuzasidan xalq ta’limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida maktab o‘qituvchilari 300 dan ortiq ota-onalar oldida qadr-qimmati obro‘sizlantirilib, kamsitilib, yig‘lab kechirim so‘rashga majburlanib, ularning qonun bilan himoyalanadigan huquqlari poymol etilib, ishchanlik qobiliyatiga zarar yetkazilgani yuzasidan tegishli hujjatlar to‘plangan.

“Tuman hokimligi tashabbusiga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirdagi voqealar hamda bir qator mas’ullarning harakatlariga qonuniy baho berilishini ta’minlash uchun to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etildi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, mazkur masala yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishi ta’kidlangan.

Marhamatda nima bo‘lgandi?

Kun.uz saytiga kelgan murojaatga ko‘ra, 4 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumani 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar qarshisida kechirim so‘rashga majbur qilingan.

Manba so‘zlariga ko‘ra, direktor boshchiligida sahnaga chiqarib qo‘yilgan o‘qituvchilar hokimlik vakillari topshirig‘iga binoan bosh egib, «biz aybdormiz», deb ota-onalardan kechirim so‘rashgan.

Ro‘y bergan voqea ortidan Andijondagi mas’ul shaxslar birin-ketin munosabat bildirib, pedagoglardan uzr so‘rashdi.

Mavzuga oid