O‘zbekiston | 19:16 / 14.02.2022
16933
5 daqiqa o‘qiladi

Ikki hayit namozini bir joyda o‘qimagan hukmdor

 Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z ijodi, umr yo‘li, tarixda tutgan o‘rni bilan har birimiz o‘rgansak arzigulik meros qoldirib ketgan. Uning hayoti shu qadar mazmunli va murakkabki, bir inson buncha sinovlarga dosh bera olmaydigandek tuyuladi ba’zida.

Foto: Wikipedia

Bobur Mirzo haqida so‘z ketganda ko‘pchiligimiz u zotni muntazam qog‘oz qoralovchi yoshi ulug‘ ijodkor, qudratli davlat taxtida mustahkam o‘tirgan barvasta tojdor, janglarda faqat g‘alaba yor bo‘lgan sarkarda sifatida tasavvur qilamiz.

Lekin Bobur bor-yo‘g‘i qirq yetti yil umr ko‘rgan va u hayoti poyoniga yetganida mana shu satrlarni o‘qiyotganlarning ko‘pchiligidan yoshroq bo‘lgan. Qudratli davlat taxtida xotirjam davr-u davron surish ham unga faqat umrining oxiridagina nasib qilgan. Shunda ham uzluksiz ichki urushlarni tinchitish, yangi tuzumni barpo etish, turmush tarzi, dini va madaniyati mutlaqo begona xalqlar ishonchini qozonish Bobur Mirzoning juda ko‘p vaqtini band qilgan. 

U olib borgan jangu jadallarning har biri alohida mavzu: bir safar 250 askari bilan ko‘p ming kishilik qo‘shinga ega Samarqandni egallab olgan bo‘lsa, yana bir safar xiyonat tufayli Shayboniyxonga qarshi muhim jangni boy berib, ko‘p yil sargardonlikni boshdan kechiradi. Shuningdek, islom dinining nozik nuqtasi hisoblangan shia-sunniy ixtiloflariga bosh qo‘shib, keyinchalik o‘zi bu muammoning yechimini topa olmay qiynaladi. 

Yana Bobur Mirzoning hayotini o‘zgartirib yuborgan shunday tasodiflar borki, hozirgi kun ko‘zi bilan qaraganda ular ham ayanchli, ham hayratlanarlidir. U ilk taxtga o‘tirgan yillarida temuriylarning tarixiy poytaxti hisoblanmish Samarqandga yurish qiladi va bu harakati samarasiz yakunlanib, yosh hukmdor Andijonga qaytib ketadi (o‘sha davr nuqtai nazaridan qaralganda shahzodalar uchun taxt talashish, taxtga o‘tirgan shohlar uchun yurishlar qilish mutlaqo tabiiy hol edi. Boburning ham Andijonda tinchgina hukmronlik qilmay, o‘z bobokalonlari markaziga yurish qilishini tushunish mumkin, chunki Bobur o‘z taxtini mustahkamlamasa, uning hududiga urush ochishlari hech gap emas edi). Oradan bir yil o‘tib, ikkinchi marta urinishda ko‘p oylik qamaldan keyin Samarqand egallanadi va Boburning ixtiyorida katta hududga ega davlat shakllanadi. Ammo ko‘p o‘tmay Andijonda Boburdan alamzada Ahmad Tanbal ishtirokida fitna uyushtiriladi va uning o‘rniga taxtga ukasi Jahongir Mirzo o‘tqaziladi.

Samarqandga bu xabarni yetkazish uchun chopar yo‘llaganlarida Andijon qo‘ldan ketib bo‘lganidan bexabar, ammo fitnadan xabar topgan Bobur Mirzo uni bostirish uchun butun qo‘shinlarini to‘plab, Samarqandni tashlab yo‘lga chiqib bo‘lgan edi. Holbuki bir jumlagina mujda, bittagina xabar orqali Andijon qo‘ldan ketib bo‘lgani, endi Samarqandni mustahkam saqlash orqali paytini topib yaxlitlikni tiklash kerakligi (hozirgi kun nigohida bir qo‘ng‘iroq, bir tugma bosganda internet orqali ketuvchi bir xabar...) yetkazilganida edi, Bobur Mirzo vatanda qolishi, shu hududlarda ulug‘ davlat tiklashi, umuman, yurtimiz tarixi butkul o‘zgarib ketishi mumkin edi. 

Bu faqat birgina mag‘lubiyat emasdi, keyinchalik Samarqand taxti bilan birga jondan aziz opasi Xonzoda begimdan ayirgan Saripul jangida, Qizilqum cho‘llarida qizilboshlar bilan ittifoqda bo‘lsa-da Ubaydulloxonga yengilganida ham, tog‘larda toj-taxsiz quvg‘inda yurganida ham uning irodasi sinmaydi, biror kun qalamini qo‘ymaydi. Hayotdagi har bir sinov uni faqat olg‘a intilishga chorlaydi. 

Aynan shu metin iroda tufayli taqdir unga o‘n ikki ming kishilik qo‘shin bilan yuz minglik yovni yengish, Hindistondek qudratli davlatni fath etish, olis o‘lkalarda uzoq yillik sulolaga asos solish, tarixda o‘chmas iz qoldirishni ravo ko‘rdi. 

Umri jangu jadallarda, uzluksiz yurishlarda o‘tgan Bobur Mirzoga ikki ramazon hayiti namozini bir joyda o‘qish nasib qilmagan, shoh bo‘lsa-da, u biror oyni to‘la-to‘kis xotirjam o‘tkazmagan. Lekin shunga qaramay bepoyon iqtidori tufayli Bobur Mirzo nafaqat yurtimiz, balki dunyo tamadduni tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Uning qisqa umrida uzluksiz toblanib borgan beqiyos irodasi biz avlodlarga hamisha saboq bo‘lishi lozim.

Abror Zohidov

Mavzuga oid