“Navoiy ko‘chasida tramvay bo‘lmaydi” - Toshkent rasmiylari bilan muloqot
Navoiy shohko‘chasida boshlangan keng ko‘lamli rekonstruksiya tugagach, yo‘lning eng chetki o‘ng bo‘lagi faqat jamoat transporti uchun ajratiladi. Yo‘l yoqasida avtomobil qo‘yish joyi bo‘lmaydi. Toshkent shahar hokimligi loyiha jamoatchilik bilan bemaslahat boshlab yuborilgani xato bo‘lganini tan olmadi.
Toshkent shahri hokimligi Alisher Navoiy shohko‘chasi rekonstruksiyasi bo‘yicha jurnalistlar bilan uchrashuv tashkil qildi. Unda shahar hokimining qurilish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Rekonstruksiya loyihasi avvaldan e’lon qilinmadi, nega?
Kuni kecha shahar hokimligi poytaxt markazidagi shohko‘chani ta’mirlashni dabdurustdan boshlab yuborgan, bu haqda avvaldan hech qanday ma’lumot berilmagan edi. Matbuot anjumanida ham hokimlik vakillari bu xato bo‘lganini tan olgani yo‘q.
Baxtiyor Rahmonov loyiha jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinmaganiga izoh berarkan, agar shunday qilinsa, muhokama bir necha oylab cho‘zilib ketgan bo‘lardi, deya javob berdi.
Jamoat transporti uchun alohida bo‘lak bo‘ladimi?
15 fevral kuni hokimlik e’lon qilgan videoda faqat jamoat transporti uchun mo‘ljallangan alohida harakatlanish bo‘lagi yo‘q edi. Bugungi muloqotda bu texnik xato bo‘lgani aytildi.
Ma’lum qilinishicha, Navoiy ko‘chasi bo‘ylab har ikki tomondan yo‘lning eng chetki o‘ng bo‘lagi faqat jamoat transporti uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.
Rekonstruksiyada yo‘lning gabaritlari kengaytirilmasligi aytildi. Yo‘l chetida avtomobillar to‘xtab turishi uchun joy qoldirilmaydi.
Shuningdek, Navoiy va Paxtakor ko‘chalari kesishmasi hozirgidek T shaklidagi chorraha bo‘lib qoladigan bo‘ldi. Loyihada Mustaqillik maydoni tarafdan kelib Paxtakor ko‘chasiga burilishni yopish, nariroqda qayrilib olish uchun joy qilish ko‘zda tutilgandi.
Tramvay-chi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga tramvay qaytarilishini e’lon qilgandi. Navoiy ko‘chasi loyihasida esa tramvay inobatga olinmagan. Tramvay liniyalari hali aniq bo‘lmay turib, rekonstruksiya boshlash qanchalik to‘g‘ri?
Baxtiyor Rahmonov bu savolga javobni qisqa qildi: “Navoiy ko‘chasida tramvay bo‘lmaydi”. Jurnalistlarda aniqlashtiruvchi savol berish imkoni bo‘lmadi. Faqatgina shahar transport boshqarmasi boshlig‘i, “Toshshahartransxizmat” rahbari Anvar Jo‘rayev tramvay bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishini aytdi xolos.
“Bu – pilot loyiha”
Mas’ullarning aytishicha, Alisher Navoiy shohko‘chasini rekonstruksiya qilish pilot loyiha bo‘lib, loyihalashtirishni turk kompaniyasi o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirgan, bunga davlat mablag‘i sarflanmagan.
Hokim o‘rinbosarining aytishicha, turk kompaniyasi taklif etilayotgan loyihadagi yondashuv va yechimlar ma’qullansa, shaharning boshqa ko‘chalariga ham tatbiq etiladi. Boshqa ko‘chalarni loyihalashtirish esa tanlov asosida o‘tkazilishi aytildi.
Pudratchi – homiylik asosida...
Baxtiyor Rahmonov rekonstruksiyani amalga oshirish bilan Grand Road Tashkent kompaniyasi shug‘ullanayotganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlarga budjetdan pul sarflanmaydi, pudratchi yo‘lni o‘z mablag‘lari hisobidan, homiylik asosida rekonstruksiya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz Grand Road Tashkent hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqadorligi, bu kompaniya Toshkentdagi bir qator yo‘l qurilishlarida pudratchi bo‘lgani haqida yozgan edi. Baxtiyor Rahmonov kompaniya shahardagi bundan oldingi ta’mirlash ishlarini tenderda yutib olganini bildirdi.
Shahar markazi yo‘llari nega qayta-qayta ta’mirlanaveradi?
Alisher Navoiy ko‘chasining asfalt qoplamasi ta’mirdan oldingi holati ham qoniqarli edi. Vaholanki, shahar markazidan nariroqdagi tumanlarda ta’mirtalab ko‘chalar talaygina. Hokim o‘rinbosari bu haqdagi savolga javoban, o‘tgan 2021 yil davomida poytaxtda 200 kmga yaqin veloyo‘laklar, trotuarlar, salomatlik yo‘laklari va vorkautlar qurilgani, ichki ko‘chalar asfalt qilinganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Rahmonov Navoiy ko‘chasi takroran ta’mirlanayotganini bu ko‘chadagi tirbandliklarni kamaytirish va o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga zarurat borligi bilan izohladi.
Rekonstruksiya loyihasida jiddiy o‘zgarish bo‘lmaydi
Uchrashuvda Baxtiyor Rahmonov mavzuga qiziqish bildirgan va uni yoritayotgan jamoatchilik vakillaridan iborat guruh tuzib, muammolarni joyiga chiqqan holda tahlil qilishni taklif etdi.
Umuman olganda, muloqot davomida rasmiylar loyiha xalqaro standartlarga mos ravishda ishlab chiqilgani, unda piyodalarning xavfsizligi o‘ylanganini aytishdi. So‘zga chiqqan turkiyalik mutaxassis ham avvalgi loyihalarda yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamaslikka harakat qilishganini bildirdi.
Mavzuga oid
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024