O‘zbekiston | 18:26 / 18.02.2022
3950
4 daqiqa o‘qiladi

BMT Qoraqalpog‘iston SSVga saraton oldi kasalliklarini davolash uskunalarini taqdim etdi

2022 yilning 18 fevral kuni Birlashgan millatlar tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga saraton oldi kasalliklarini birlamchi bosqichda davolash uskunalarini taqdim etdi. 

Uskunalarni topshirish marosimi 2022 yilning 18 fevral kuni Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash uchun OPV testini o‘tkazish” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi. 

Foto: BMT Aholishunoslik jamg‘armasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisiga taqdim etilgan uskunalar yordamida birlamchi tibbiy-sanitariya bo‘g‘inida ishlovchi shifokorlar ayollardagi o‘smalarni erta bosqichda davolashda zarur yordam ko‘rsatishi, bachadon bo‘yni biopsiyasi, bachadon bo‘yni giperkeratozida diatermoelektrokoagulyatsiyani o‘tkazishi va qon ketishini to‘xtatishi mumkin bo‘ladi. 

Uskuna jarrohlikning ko‘plab sohalarida ishlash uchun mo‘ljallangan: ambulator ginekologiya, ambulator jarrohlik, kosmetologiya va dermatologiya, rejalashtirilgan moslashuvchan hamda qattiq endoskopiya va h.k. 

Endilikda chekka hududlarda yashovchi ayollar onkologiya markazlariga emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri poliklinikalarga borib, u yerda saraton oldi kasalliklarini davolash bo‘yicha barcha xizmatlardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Kamolxon Inomxo‘jayevning qayd etishicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash uchun OPV testini o‘tkazish” loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasini oshirish va bachadon bo‘yni kasalliklariga chalingan ayollarni davolash bo‘yicha boshlang‘ich bo‘g‘in salohiyatini kuchaytirishni maqsad qilgan. 

Foto: BMT Aholishunoslik jamg‘armasi

Kelgusida pilot loyihaning natijasi sifatida bachadon bo‘yni saratoni tashkiliy skriningi bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi kutilmoqda. Skrining dasturlari bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanishning yangi holatlari hamda o‘lim darajasini 80 foizgacha kamaytirish kabi ijobiy natijalar berishi mumkin.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va BMTning Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasi 2020 yil 6 avgustda imzolangan anglashuv hujjati doirasida faol hamkorlik qilmoqda. Maqsad - reproduktiv salomatlik bo‘yicha kompleks strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish, jumladan, asosiy e’tiborni qishloq aholisi, shuningdek, Orolbo‘yida ekologik ofatga duchor bo‘lgan hududlar aholisiga qaratgan holda onalar salomatligi hamda OIV infeksiyasining oldini olish bo‘yicha integratsiyalashgan kompleks xizmatlar paketini ta’minlashdan iborat. 

Foto: BMT Aholishunoslik jamg‘armasi

Taqdim etilgan uskunalar hududlarda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish va bachadon bo‘yni saratoni profilaktikasi bo‘yicha ayollar va umuman, bolalarga ko‘rsatilayotgan yordam sifatini oshirishga BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA)ning qo‘shgan hissasini ifodalaydi.

Ma’lumot uchun, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi 1993 yildan beri O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda milliy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda beshinchi davlat dasturi (2020-2025 yillar)ni amalga oshirmoqda.

Foto: BMT Aholishunoslik jamg‘armasi

Mavzuga oid