Jahon | 20:35 / 23.02.2022
56331
11 daqiqa o‘qiladi

Ukraina inqirozi. Voqealar rivoji qanday ssenariylar bo‘yicha davom etishi mumkin?

Kollektiv G‘arbning Ukraina inqiroziga diplomatik yo‘l bilan yechim topishga bo‘lgan urinishlari o‘z samarasini bermadi. Rossiya xalqaro huquq normalariga zid ravishda DXR va LXR mustaqilligini tan oldi. Endi nima bo‘ladi?

Foto: REUTERS/Christian Mang 10 / 16

Ukrainaning Sharqiy va G‘arbiy qismlarga bo‘linib ketishi

Rossiya DXR va LXR mustaqilligini tan olish orqali ular hozirgacha egallab olgan Ukrainaning Donetsk va Lugansk oblastlariga tegishli yerlarni mustaqil davlat hududi sifatida qabul qildi. Ammo LXR va DXRning aniq belgilangan ma’muriy chegaralari mavjud emas. Bu esa ayirmachilar tomonidan chegarani kengaytirish borasidagi harakatlar boshlashi ehtimolini inkor etmaydi.

G‘arbning passiv reaksiyasi (Ikkinchi jahon urushidan avvalgi Buyuk Britaniya bosh vaziri Chemberlenning Germaniyani «tinchlantirish» siyosati kabi) va Rossiyaning faol va agressiv qo‘llab-quvvatlashi ayirmachilar tomonidan Sharqiy Ukrainaning to‘liq egallab olinishiga (Dnepr daryosi chegara hudud bo‘lishi mumkin) zamin yaratishi mumkin. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda Rossiyaning imperialistik tajovuzlari davom etadigandek go‘yo. Chunki Putin orqaga chekinish haqida o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q. Bu quyidagi oqibatlar bilan xarakterlanadi.

Birinchidan, G‘arbiy Ukraina sharqdagi tabiiy resurslarsiz (Donetsk va Lugansk ko‘mir sanoati markazlari hisoblanadi) barqaror iqtisodiyot barpo etishi imkonsiz. Mamlakatdagi metallurgiya sanoati va energetika tarmog‘i to‘liq ko‘mir zaxiralariga bog‘langan. Harbiy harakatlar davom etishi esa 2014 yilda boshlangan energetika inqirozini yanada kuchaytiradi. Natijada G‘arbiy Ukrainadagi iqtisodiy holat keskinlashib ketadi.

Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi tomon migrantlarning yangi oqimi vujudga kelishi mumkin. Bu esa YeI doirasida vaziyat keskinlashishiga sabab bo‘la boshlaydi. Dastlab, 2015 yilda yuzaga kelgan migrantlar inqirozi ittifoqqa a’zo davlatlar qarashlaridagi xilma-xillikni namoyon etgandi. Germaniya qochqinlarga joy berish va har bir davlat ularni taqsimlab olishi kerak, degan fikrni ilgari surgan bo‘lsa, sharqdagi davlatlar, xususan Vengriya bu taklifga keskin munosabat bildirdi hamda Serbiya va Xorvatiya bilan chegaralarida to‘siqlar o‘rnatdi. Bu amaliyotini Bolgariya Turkiya bilan chegarasida, Avstriya Sloveniya bilan chegarasida, Shimoliy Makedoniya Gretsiya bilan chegarasida, Latviya Rossiya bilan chegarasida takrorladi. Bu Yevropa mamlakatlari orasidagi geostrategik qarashlarning bo‘linishini ko‘rsatib qo‘ydi. Yangi migratsiya oqimi sabab chegarasiz tashkilotda chegaralar paydo bo‘la boshlaydi va bu ichki nizo kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Rossiyaning bevosita harbiy harakatlarga kirishi

Yaqin kelajakda urush boshlanishi ehtimoli kam. Keng qamrovli harbiy harakatlar katta ehtimol bilan Donetsk va Lugansk KXShTga kirgach yoki Ukraina tomondan chindan ham Rossiya hududiga snaryad uchishi sabab boshlanishi mumkin. Chunki Belarus ham urushga qo‘shilishi uchun KXShTga a’zo davlatlar hududiga tahdid bo‘lishi kerak.

Umuman olganda, Rossiya urush qilmay turib, katta yutuqqa erishdi. Demokratiya, liberalizm ortidan ergashuvchilar AQSh o‘z tarafdorlarini og‘ir sharoitda tashlab ketishining guvohi bo‘lishdi. Amerika prezidenti ma’muriyati bu ishni dastlab Afg‘onistonda qildi: NATOning boshqa a’zolari bilan kelishmay turib, o‘z harbiylarini olib chiqib ketdi.

Putin esa pandemiyadan keyingi hukumat no‘noqligi tufayli shakllanayotgan tang vaziyatga G‘arbni aybdor qilib ko‘rsatishda davom etadi. Rossiya prezidentining ichki va tashqi siyosati birlashib ketgan: tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatlardan ichki noroziliklarni bartaraf etish vositasi sifatida foydalanadi.

Qrim ssenariysi.

Bu ko‘proq G‘arbning pozitsiyasiga bog‘liq. Agar Rossiya o‘z hududini DXR va LXR bilan kengaytirib olishda jiddiy qarshilikka uchramasa va bu hududlarning aniq administrativ chegaralari belgilansa, Qrimdagi kabi Donetsk va Luganskning egallab olingan hududlarida referendum o‘tkazilishi va Rossiya hududiga qo‘shib olinishi mumkin.

Kollektiv G‘arbning keskin choralari

DXR va LXR mustaqilligi tan olinishi ortidan Germaniya «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri sertifikatsiyasini to‘xtatib qo‘ydi. AQSh Rossiya davlat qarzi va banklariga qarshi birlamchi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Avstraliya, Kanada va Yaponiya hukumatlari ham Rossiyaga qarshi cheklovlar joriy qildi.

OAVda eng qat’iy ssenariy bo‘yicha yangi sanksiyalar joriy etilishi haqidagi gaplar ham yangray boshladi. Bular: Rossiyani SWIFT (banklararo to‘lov tizimi)dan uzishni, dollar tranzaksiyalari va davlat tashqi savdosiga taqiq qo‘yishni nazarda tutadi. Ammo kollektiv G‘arbda bu borada yagona yondashuv mavjud emasdek tuyulmoqda. Fransiya va Germaniya nisbatan yumshoq strategiya qo‘llashni xohlamoqda. Sababi, Rossiyaga qarshi kiritiladigan og‘ir iqtisodiy choralar (xususan, Rossiya tashqi savdosiga taqiq qo‘yish) Yevropa Ittifoqida energetika resurslari narxi keskin qimmatlab ketishiga sabab bo‘ladi. Rossiya YeI gaz importining taxminan 41 foizi va neft xomashyosi importining 27 foizini ta’minlaydi.

Ma’lumot uchun, «Shimoliy oqim-2» orqali Rossiyadan Yevropaga katta miqdorda gaz eksport qilish ko‘zlangan. U hali ishga tushgani yo‘q va bu aynan Germaniya bevosita nazorat qila oladigan operator hisoblanadi. Uning oxirgi manzili ham aynan Germaniya. Rossiya gazi AESlaridan voz kechayotgan Germaniya uchun muhim energetik xomashyo hisoblanadi.

Bundan tashqari, ayni vaziyatda Rossiyaga nisbatan keskin choralar ko‘rilmasa, NATOga keyinchalik a’zo bo‘lgan sobiq kommunistik blokdagi mamlakatlar Polsha, Slovakiya, Vengriya, Ruminiya va Boltiqbo‘yi davlatlari orasida tashkilotga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘la boshlaydi.

Afg‘oniston ssenariysi

Geografik nuqtayi nazardan Karpatorti urush taqdiriga eng katta ta’sir qiladigan hudud. AQSh provokatsiya qilib, Rossiyaning ushbu hududga kirishiga (Rossiya qo‘shinining chegara bo‘ylab joylashishi buni inkor etmaydi) erishsa, Afg‘oniston strategiyasini qo‘llashi mumkin.

Karpatorti Ruminiya bilan tutashgan tog‘li hudud. Ruminiyada esa NATO bemalol joylashib, ukrain jangchilariga yordam berib tura oladi. G‘arb Rossiyaning Karpatortigacha egallab borishiga to‘sqinlik qilmaydi. Tog‘li hududda borgach esa, ukrainlar partizan urushini boshlashi mumkin, xuddi afg‘on mujohidlaridek. Natijada Putin Rossiyasining iqtisodiyoti «uxlaydi».

Bayden administratsiyasining passivligi

Jo Bayden administratsiyasi hukumat tepasiga kelganidan keyin ham ichki, ham tashqi siyosatda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Buni quyidagi keyslar misolida ham ko‘rib chiqish mumkin:

  1. Xitoy Tayvanga jiddiy xavf sola boshladi. Pekin Vashingtonni «yagona Xitoy» tamoyiliga amal qilishga va Tayvan bilan rasmiy aloqalarni to‘xtatish bo‘yicha ochiqcha tahdidli murojaatlar qilmoqda;
  2. Shimoliy Koreya yana ballistik raketalar sinovi o‘tkazishga zo‘r bera boshladi;
  3. Eron bo‘yicha «rejalar» va sanksiyalar deyarli samara bermayapti;
  4. Xitoyning kibersalohiyati o‘sishiga qarshilik qilmay qo‘yildi;
  5. Kosmik qurolli kuchlar tuzish siyosati sustlashib qoldi;
  6. Rossiyaga «Shimoliy oqim 2»ni qurishga ruxsat berildi;
  7. Amerika harbiylari Afg‘onistondan muvaffaqiyatsiz tarzda olib chiqib ketildi va hukumat tepasiga «Tolibon» kelishiga qarshilik ko‘rsatilmadi;
  8. Qo‘shma Shtatlarning o‘zi Rossiyaning neft ta’minotiga qaram bo‘lib qoldi. Vaholanki, Vashington rasmiylari Yevropa davlatlarini «Shimoliy oqim 2»dan voz kechishga zo‘r berib chaqirishayotgandi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, Rossiya birjada yonilg‘i narxini 120 dollarga chiqquncha ushlab tura olsa, AQShda inflatsiya 10 foizgacha chiqib ketishi mumkin;
  9. Migratsiya bo‘yicha ishlar izdan chiqib ketdi. Mamlakat ichida jinoyatchilik darajasi oshdi, janubiy chegaralar orqali muhojirlarning nazoratsiz oqimi kuchaydi;
  10. Inflatsiya 40 yillik rekordni yangiladi va yillik hisobda 7,5 foizgacha tezlashdi.

Endi yuqoridagi ba’zi holatlarni Ukrainadagi siyosiy inqirozga bog‘lashga harakat qilamiz. Bayden hukumati fiskal siyosatda xatolar qildi. Koronavirusga qarshi turli choralar bilan aholini himoya qilish va saylovdan keyin berilgan va’dalarini bajarish uchun juda katta miqdordagi pulni iqtisodga emissiya qilib yubordi. Natijada, AQShda inflatsiya o‘sdi. Inflatsiyani jilovlashning eng tezkor, samarali va sinalgan vositasi esa soliqlarni oshirish. Ammo soliqlar pandemiya davrida asossiz oshirilsa, Bayden administratsiyasining obro‘si to‘kilardi (bu har xil oqibatlarga olib kelishi mumkin). Soliqlarni oshirish uchun esa Baydenga bahona kerak edi. Shu sababli Ukraina qurbon qilinmoqda. Rossiya Ukraina hududlarini bosib olgan taqdirda ham NATOga a’zo bo‘lmagan, AQShdan uzoqdagi bir davlat. Ukraina inqirozi fonida Rossiya bilan munosabatlarning keskinlashishi bahonasi ostida harbiy xavf mavjud degan vaj bilan soliqlarni oshirishga asos topilishi mumkin edi.

Bundan tashqari, urush xavfi sabab global bozorda sarosima kuchayadi. Buning oqibatida Qo‘shma Shtatlar moliya va neft-gaz, oltin va valuta bozorlarida narxlarni o‘ynatib, katta miqdorda mablag‘ ishlashga harakat qilishi mumkin. Kreditlar qimmatlashadi, oltin narxi ham oshadi.

Ta’kidlash kerakki, hozirda dunyodagi eng ko‘p oltin zaxiralariga ega davlat aynan AQSh. Vaziyat qanday tugashidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlar baribir yutadi. O‘tgan 60 yil ichida siyosiy mojaro markazini (1961 yil Kuba inqirozi sabab vaziyat keskinlashuvi) o‘z chegaralaridan Rossiya chegarasiga qadar olib kelib qo‘ydi.

Xulosa

Oxirgi yillardagi NATO va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatlar fonida Ukraina qurbon qilinmoqda. Ukraina geosiyosiy jihatdan, NATO va Rossiya o‘rtasidagi bufer zonaga aylanib qoldi. Na Rossiya bilan murosa qilib, aloqalarni iliqlashtirishni uddaladi, na G‘arb davlatlari bilan to‘la-to‘kis hamkorlik qilishga o‘ta oldi.

Possovet diyoridagi har qanday boshboshdoqliklar bevosita O‘zbekistonga ham ta’sir o‘tkazadi. Rossiya iqtisodiy jihatdan O‘zbekistonning ikkinchi eng yirik hamkori hisoblanadi va uning yanada og‘irroq G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lishi bevosita ham, bilvosita ham O‘zbekistonga ta’sir qiladi. Birgina migrantlardan keladigan transchegaraviy pul o‘tkazmalari kamayishi aholi xarid quvvatining sezilarli pasayib ketishiga olib kelishi mumkin.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid