Jahon | 17:46 / 27.02.2022
36254
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina delegatsiyasi Gomeldagi muzokaralarga boradigan bo‘ldi

Belarus Milliy matbuot markazi belaruslik siyosatchi Yuriy Voskresenskiyga tayanib, Ukraina delegatsiyasi Gomeldagi muzokaralar uchun yo‘l olgani haqida xabar berdi.

Foto: Ilya Galaxov / Global Look Press

Ukraina delegatsiyasi Belarusning Gomel shahrida o‘tadigan muzokaralarda ishtirok etadigan bo‘ldi. Bu haqda Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy ma’lum qildi.

«Ukraina delegatsiyasi Gomeldagi muzokaralarga kelishini tasdiqladi», dedi Putinning yordamchisi Medinskiy. Uning aytishicha, Rossiya delegatsiyasi endi ketishga tayyorlanayotganida, Kiyev muzokaraga borishini bildirgan. Medinskiy Kiyev delegatsiyasi xavfsizligi to‘liq ta’minlanishini ma’lum qildi.

Oldinroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Gomeldagi muzokaralarga bormasligini ma’lum qilgan, u Belarus betaraf hudud emasligini aytib, Varshava, Istanbul, Vena yoki Boku shaharlaridan birida uchrashish taklifini bildirgandi. 

Keyinroq Zelenskiy Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali suhbatlashdi. Ushbu suhbatdan keyin Lukashenko Putinga muzokaralarni kechroq muddatga surish taklifi bilan chiqqan. Rossiya prezidenti Belarus rahbariga rozilik bildirgan. Ya’ni Lukashenko Ukraina delegatsiyasi biroz kechikishi tufayli, rus delegatsiyasini yana biroz Belarusda qolishga ko‘ndirgan.

Isroil bosh vaziri Naftali Bennet ham Putin bilan telefon orqali gaplashib, Ukraina masalasida vositachilik taklif qilgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid