Urushning birinchi qurboni – haqiqat. Blogerlarning hafta mavzulari
Hozirda butun dunyo nigohi Rossiyaning Ukrainaga qurolli bosqiniga qaratilgan. O‘zbek blogosferasi vakillari ham asosan shu mavzuda yozmoqda.
Urushning birinchi qurboni har doim haqiqat bo‘ladi
Urush mavzusini faol yoritayotgan Davletov.uz kanali 2014 yildan farqli ravishda rus ziyolilari urushni qoralayotganiga e’tibor qaratdi.
«Urush paytida haqiqatni topish juda qiyin. Putinning Gitler uslubida Ukrainaga kallai saharlab qilgan hujumi bu fikrning nechog‘li to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatyapti. Dunyo va Rossiya jamoatchiligi bu dahshatdan esankirab qoldi, endi-endi o‘ziga kelmoqda, o‘z pozitsiyasini bildirmoqda.
2014 yildan farqli o‘laroq hatto rus shou-biznesi, ziyolilari ham urushni qoralamoqda, urushni to‘xtatishga chorlamoqda. Putin 2014 yilda olgan yakdillik bugun umuman yo‘q. Jamoatchilik qo‘llovi ko‘zga tashlanmayapti. Shunchaki propaganda kanallarini aytmasa, o‘zini hurmat qilgan rossiyalik ziyolilar urushni qoralamoqda. Oddiy odamlar esa eyforiyada emas, ularda iqtisodiy qo‘rquv paydo bo‘lgan. Cho‘ntagiga tegadigan zarardan xavotir olishyapti.
Ukraina hukumati ham shokdan o‘ziga kelib, ham informatsion maydonda, ham jang maydonida dadil harakat qila boshladi, doimiy axborot beryapti, xalqini ruhlantiryapti, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, ruslarning vijdoniga ta’sir qilyapti», degan bloger.
U «So‘zlar o‘yini» sarlavhali navbatdagi postida rasmiy Kreml yolg‘on ishlatayotganiga e’tibor qaratgan.
«Siyqasi chiqqan bo‘lsa-da, urushning birinchi qurboni — haqiqat. Zolim ham, mazlum ham o‘ziga qulay gapni aytadi. Bu, ayniqsa, siyosiy bayonotlarda ham o‘z aksini topadi. Rus propagandasi va rasmiy Kreml, masalan, Xitoy Rossiyani qo‘llab-quvvatlaydi, ma’nosida turli axborotlar tarqatishda davom etmoqda. Kecha Putin va Si Jinping o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘ldi. Kremlning rasmiy saytida Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga «hurmat bilan munosabatda bo‘lishini bildirdi», deb yozgan. Xitoy rasmiy agentligi «Sinxua» tarqatgan xabarda esa bunaqa gap yo‘q.
Xitoy, deyiladi xabarda, Ukraina masalasidagi pozitsiyasini o‘z qarashlaridan kelib chiqib belgilaydi. Sovuq urush mentalitetidan qutulish kerak. Masalani hal qilishning tinch muzokaralar yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi. Xitoy hududiy yaxlitlik va suverenitetni hurmat qilishda davom etadi.
Xitoy kecha BMT Xavfsizlik kengashining Rossiyani qoralaydigan rezolyutsiyasiga ovoz bermadi, ya’ni qarshi bo‘lmadi, shunchaki betaraf qoldi. Bu betaraflikni Xitoyning anti-g‘arb ritorikasi va Rossiya bilan strategik sheriklik fonida rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlash bilan teng, deb qabul qilish mumkin. Ma’lumot uchun, mazkur rezolyutsiyaga qarshi faqat Rossiya ovoz berdi, xolos. Kecha O‘zbekiston bo‘yicha ham Kreml xuddi shunday ish tutgan edi. Rossiya urush ishtirokchisi, uning gaplariga ishonmaslik uchun esa barcha asoslar bor», deyiladi postda.
Kutilayotgan «qora dushanba» haqida
Iqtisodchi Otabek Bakirov sanksiyalar oqibatida yangi hafta boshida Rossiya iqtisodiyoti uchun kutilayotgan «qora kun» haqida o‘z prognozlarini yozdi.
«Kamdan kam holatlarda kelayotgan kun va haftani moliyaviy ma’noda «qora dushanba» yo «qora hafta» deb oldindan atash mumkin.
Ertaga Rossiya fond va valuta bozori, agar ochilsa, tarix ko‘rmagan kasodlikka guvoh bo‘lishimiz mumkin bo‘ladi.
Bekorga ochilsa demadim. Katta ehtimol regulyatorlar birjalar faoliyatini ochmaydi, balki, noma’lum muddatga to‘xtatadi. Rossiya Markaziy banki esa rublning erkin almashuviga vaqtincha cheklovlarni joriy qiladi yoki to‘liq boshqariladigan kurs rejimiga o‘tishini kutish mumkin.
Rubl va rus qimmatli qog‘ozlarining qulashi Rossiyadan tashqari xalqaro platformalarda kuzatiladi va davom etadi», deb yozdi u.
Iqtisodchi Rossiyadagi o‘zbeklarni urush fonida rublning keskin qadrsizlanayotgani bois vaqtincha valuta almashtirmaslikka chaqirmoqda.
«Rossiyadagi vatandoshlarimiz ertaga valuta almashtirish yoki pul o‘tkazish bilan bog‘liq operatsiyalarni, biznes esa tranzaksiyalarni to‘xtatib turgani ma’qulroq. Toki e’lon qilinadigan alohida maxsus rejimning shartlari ayon bo‘lgunicha.
O‘zbekistondagi vatandoshlarimiz, Rossiya bilan ishlaydigan biznes vakillari ham Rossiyaga o‘tkazma va bitimlarni amalga oshirmay turganlari afzal ko‘rinadi.
Vaziyatning qanchalar darajada o‘zgarishini va murakkablik chegarasi qayergacha davom etishini baholash juda qiyin», - deydi u.
«Ukraina g‘alaba qozondi»
Tarixchi va jurnalist Eldor Asanov telegramdagi kanalida butun dunyoda urushga qarshi harakat boshlanganini qayd etdi.
«Ukrainadagi voqealar, zamonamizning qo‘rqinchli ikki kuni demokratik tizimning afzalliklarini bor bo‘yicha ko‘rsata oldi deb o‘ylayman.
Demokratik jamiyatda liberal bilan kommunist, rus bilan yahudiy, dindor bilan dinsiz yonma-yon yashashi mumkin, lekin hech biri o‘zini jamiyatga begona, ortiqcha his etmaydi, o‘z yeri, o‘z jamiyati hisoblab, kerak bo‘lganda himoya qiladi. Jamiyat qanchalar turfa bo‘lmasin, buni bahona qilib davlatni parchalab tashlashga harakat bo‘lmaydi, chunki hamma o‘zini shu jamiyatning bir parchasi deb his eta oladi. Demokratik yo‘l bilan saylangan liderlar og‘ir vaziyatda mamlakatni tashlab qochib ketmaydi.
Bugun Ukrainada dunyoning taqdiri hal bo‘lyapti desam, ortiqcha pafosga berilib ketgan bo‘laman, lekin, shubhasiz, qandaydir global o‘zgarishlar ro‘y beryapti va endi dunyo avvalgiday bo‘lmaydi. Urush qachon va qanday yakunlanishidan qat’i nazar, hozirdan aytish mumkinki, Ukraina g‘alaba qozondi, Rossiya mag‘lub bo‘ldi. Ukraina progressiv insoniyat ko‘zida yovuzlikka qarshi kurashayotgan qahramonga aylandi, Rossiya dunyoning eng katta yovuzligiga aylandi. Bunday imij endi ancha vaqt bu ikkisini tark etmasa kerak.
Katta xalqaro siyosat bunday vaziyatlarda ortiqcha his-tuyg‘uga berilmay, aql bilan harakat qilishi tayin, shu bois «nega NATO yordam bermayapti?», «AQSh qo‘rqoq ekan» kabi gaplardan foyda yo‘q. Insoniy sathda olganda esa, Ukraina namunasi insoniyatni ilhomlantira oldi. Butun dunyoda befarq bo‘lmagan odamlar ushbu mamlakatni qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqda, urushga qarshi global harakat Vetnam urushidan so‘ng ilk bor yana bosh ko‘tarmoqda. Bu harakat avvalo Rossiyaning o‘zida boshlangani rus xalqining asl kayfiyatini va jasoratini ko‘rsatmoqda: Rossiya, ming qilsayam, 70-yillardagi AQSh emas, hozir u yerda hukumatga qarshi fikr aytish, bunday mitinglar uyushtirish juda xavfli.
Bu masaladagi oxirgi xulosam shuki, Ukraina possovet muhitining ozodligi uchun ham kurashmoqda. Bu mamlakat osonlikcha taslim bo‘lsa, sobiq SSSR hududidagi madaniy dunyoga qo‘shilish harakati og‘ir zarbaga uchraydi, Rossiya orbitasidan chiqib ketish imkonsiz bo‘lib qoladi. Bu orbita esa hozirgi ahvolida bizga na farovon, na erkin hayot va’da qilyapti», deydi u.
Mavzuga oid
00:28
AQSh Ukrainani harbiy xizmatga chaqiruv yoshini 18 ga tushirishga chaqirmoqda
21:58 / 27.11.2024
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
21:03 / 27.11.2024
Uchinchi jahon urushidan qo‘rqqan podkaster Jo Rogan Zelenskiyni so‘kdi. Unga Klichko va boshqa ukrainlar javob qaytardi
17:32 / 27.11.2024