Jahon | 14:01 / 28.02.2022
91538
12 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urushning to‘rtinchi kuni. Yakunlar

Moskva va Kiyev uzoq davom etgan muzokaralardan keyin baribir tinch muzokaralar o‘tkazishga kelishdi - ayni vaqtda Belarus hududida ikki delegatsiya uchrashuvi boshlanish arafasida. Rossiya mudofaa vazirligi harbiy harakatlari boshidan buyon ilk bor yo‘qotishlari haqida tan oldi.

Muzokaralar baribir bo‘lmoqda

Yakshanba kunining asosiy mavzusi Belarusning Gomel shahrida muzokaralar tashkillashtirish bo‘ldi, sobiq madaniyat vaziri, hozirda RF prezidenti maslahatchisi bo‘lgan Vladimir Medinskiy boshchiligidagi rus delegatsiyasi u yerda ukrainlarni kun bo‘yi kutishdi. Delegatsiya tarkibiga RF TIV va RF Mudofaa vazirligi vakillari, Rossiyaning Belarusdagi elchisi Boris Grizlov hamda Davlat dumasining xalqaro munosabatlar qo‘mitasi rahbari Leonid Slutskiy kirgan.

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan telefon muloqotidan keyin, hech qanday birlamchi shartlarsiz, ukrainaliklar delegatsiyasi xavfsizligi ta’minlanishi kafolati bilan muzokaralarni o‘tkazishga ko‘ndirdi.

Ayni vaqtda Ukraina delegatsiyasi ham Gomel hududidagi Priyapt daryosi bo‘yiga yetib kelgan va soat 14:00da muzokaralar boshlanishi belgilangan. Ukraina delegatsiyasiga «Sluga naroda» partiyasining Oliy radadagi fraksiyasi rahbari David Araxamiya rahbarlik qilmoqda, shuningdek, uning tarkibidan Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov va prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak o‘rin olgan. 

Ukrainlar uchun muzokaralarda qo‘yiladigan asosiy shartlar - zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni Ukraina hududidan olib ketish bo‘ladi.

«Noto‘g‘ri taktika»

Foto: SWNS / Scanpix / LETA

Urushning to‘rtinchi kunida, 27 fevral kuni ham rossiyaliklar armiyasi Ukraina hududida katta yo‘qotishlarga uchrashda davom etdi, ammo endi bu yo‘qotishlar evaziga biror hudud qo‘lga kiritilmayapti. Logistika va kommunikatsiyadagi inqiroz yomonlashmoqda, raqib qurshovida va frontda yanada ko‘p rus kolonnalari pistirmalarga duch kelmoqda. Ukrain harbiylari va mahalliy aholi tashlab ketilgan va yakson qilingan rus texnikalari videolari va suratlarini yanada ko‘proq tasvirga olib tarqatmoqda.

Rossiyaning «harbiy amaliyoti» g‘alati kechmoqda — har bir aholi punktidan o‘tish rossiyaliklar uchun katta yo‘qotishlar bilan tahdid qilmoqda. Bu nima bilan izohlanishi — noaniq. 

«Noto‘g‘ri taktika»dan Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham shikoyat qildi, uning jangchilari (rasman — Rosgvardiya polki) ayni vaqtda Kiyevdan shimoldagi hududga harakatlanmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, chechen armiyasi katta yo‘qotishlarga uchragan.

«Men uchun biz nega banderachilarning ko‘ngliga qarashda davom etayotganimiz tushunarsiz. Axir birinchi kundanoq millatchilar kuchdan boshqa tilni tushunishni istamasligi ayon edi. Xarkov va Kiyevni banderachilardan «Tigr», «Ural» va uaziklarda tozalab bo‘lmaydi. Ular tish-tirnog‘igacha zamonaviy qurollar, o‘q-dori, so‘nggi avloddagi og‘ir texnikalar bilan qurollangan, biz esa hamon Ukraina hukumati va qurolli kuchlari rahbariyati aqlni ishlatishiga umid qilmoqdamiz.

Agar maydanchilar o‘zini ham, o‘z xalqini ham ehtiyot qilmoqchi emas ekan, nega biz o‘z yigitlarimizni himoyasiz qoldirishimiz kerak? Aniq qaror qabul qilish hamda barcha yo‘nalishlarda va Ukraina hududida keng ko‘lamli operatsiyani boshlash vaqti keldi. Men shaxsan bir necha bor terrorchilarga qarshi taktika va strategiyalar ishlab chiqqanman, janglarda qatnashganman. Mening tushunishimcha, Ukrainada tanlangan taktikalar juda sekin. Bu uzoq davom etadi, va fikrimcha, samara bermaydi. 

Shahar va aholi punktlarini banderachilar, «Azov» va boshqa natsistlarda ozod etish kerak. Harbiy kuchlar harakatlarini to‘liq muvofiqlashtirish, kuchlarni to‘g‘ri joylashtirish va hal qiluvchi hujum. Bo‘ldi! Boshqa narsa kerak emas. Bizga yo‘qotishlar kerak emas», — deya yozgan Qodirov telegramdagi sahifasida (uning instagram sahifasi bloklangan).

Amerikadagi CNA (Central for Naval Analyses) harbiy tadqiqotlar institutining Rossiya yo‘nalishi bo‘yicha bo‘limi direktori Maykl Kofman ham Qodirovning RF mudofaa vazirligi tomonidan tanlangan taktikasi g‘alatiligi borasidagi fikrlariga qo‘shiladi: «Rossiya qismlari umumiy harbiy amaliyot qilishmayapti. Ular oldinga razvedka qismlari va harbiy-havo desantchilarini chiqarib, yo‘llar bo‘ylab katta bo‘lmagan otryadlarga bo‘linib harakatlanmoqda. Piyodalarsiz tanklar. Ularda barchasi yomon, chunki ular bunday urush olib borishga odatlanmagan».

Hujjatlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklar tomonidan tashlab ketilgan yoki yakson bo‘lgan harbiy texnikalar soni yuzdan oshgan. Ukraina mudofaa vazirligining 28 fevral kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi shaxsiy tarkibidagi yo‘qotishlar soni 5300 nafar atrofida. 

Frontdagi so‘nggi harakatlar

«Meduza» joylardagi guvohlar tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylayotgan video va fotolar orqali frontdagi vaziyatni tahlil qildi.

  • Kiyevdan shimolda turgan ukrain harbiylari poytaxtni g‘arbdan qamal qilgan rus qo‘shinlariga qarshi hujum boshladi. Shahar tashqarisida — Buchi va Irpendagi janglar vaqtida yakson qilingan rus texnikalari tasvirlari tarqaldi. Shu bilan birga, boshqa bir videoda rossiyaliklar armiyasi Kiyevni Ukraina g‘arbidan uzish uchun janub sari yanada ilgarilaganini ko‘rish mumkin.
  • Chernigov va Poltava yaqinida ruslarning ikki bo‘linmasi Kiyev tomon harakatlangan va katta yo‘qotishlarga uchrab, sekinlashgan. Shuningdek, Kiyev yaqinida joylashgan guruhlar ham katta talafotlar ko‘rmoqda - ularga Kiyev nazoratidagi hududlar orqali ta’minot va qo‘shimcha kuch yuborishning imkoni yo‘q.
  • Ikki kunlik janglardan keyin rossiyalik harbiylar Xerson yaqinida Dnepr daryosidan o‘tish xavfsizligini ta’minlashgan. Ikkinchi yo‘lni ham ochish uchun harakat qilinmoqda — Novaya Kaxovka yaqinida og‘ir janglar ketmoqda.
  • Mariupolni o‘rab olish hozircha amalga oshmadi: o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR orqali kelayotgan rus harbiylari oldinga siljishda davom etayotgan bo‘lsa, Qrimdan kirib, Melitopol va Berdyansk orqali o‘tgan va deyarli qarshiliksiz uzoq masofaga ildamlagan qo‘shinlar esa 26 fevraldan keyin deyarli oldinga yurmagan (katta ehtimol bilan, ta’minot kelishini kutmoqda).
  • Ukraina osmoni, Amerika razvedkasiga ko‘ra, hamon «rossiyaliklarniki» bo‘lgani yo‘q. 27 fevral kuni Ukraina armiyasi turklar tomonidan ishlab chiqarilgan «Bayraktar» orqali rossiyaliklar kolonnasiga zarba berdi (Xerson atrofida) va bir nechta «Buk» rusumli havo hujumidan mudofaa qurilmalarini yo‘q qildi. Ammo «Bayraktar»larni ham urib tushirishmoqda, Ukraina aviatsiyasi esa havoda ham, har tunda ruslarning ballistik raketalari bilan o‘qqa tutilayotgan aerodromlarda ham yo‘qotishlarga uchramoqda.

Yo‘qotishlar va tashkillashtirishdagi muammolarga qaramay, Rossiya armiyasi hamon kuch va vositalar bobida katta ustunlikni saqlab qolmoqda, shu bilan birga urush boshlanishidan oldin Ukraina chegarasida to‘plangan qo‘shinlarning barchasi ishga tushirilmagan.

O‘xshamayotgan hujum rejasi

Siyosatshunos Sarvar Jalolov, «Tashqarida» kanali muallifi:

— Urush ehtimoli haqida munozaralar avj olgan oxirgi 2-3 oy davomida ko‘pchilik bo‘lgan siyosiy ekspertlar Ukraina chegaralari atrofida rus qo‘shinlari to‘planishi faqat qo‘rqitish uchun bo‘layotgani va urush bo‘lmasligini ta’kidlayotgan edi. Kamchilik bo‘lgan harbiy ekspertlar esa qo‘shinlarning bu darajada tartiblantirilishining yakuni urush bo‘lishi aniqligini aytayotgandi (Bayden aynan harbiy ekspertlarga tayanib bir necha marta hujum boshlanishini ma’lum qilgandi).

Amalda rus qo‘shinlari urushdan oldin harbiy ekspertlar chizib bergan yo‘nalishlar bilan deyarli bir xil yo‘sinda yurish qilyapti - Rossiya hududidan Xarkovga, DXR/LXR hududidan Lugansk va Donetsk viloyatlariga, Qrimdan Xerson va Odessaga hamda Belarus hududidan Kiyevga. Rejadagiday bo‘lmagan narsa - Ukraina qarshilik ko‘rsatayotgani.

Hozircha Ukraina Kiyev, Xarkov va Donetsk/Lugansk yo‘nalishlaridagi hujumlarni qaytara olyapti, yagona ochiq yo‘nalish Qrimdan Xerson va Donetsk viloyatlariga yurish. Ushbu janubiy yo‘nalishdan hozircha Odessaga hujum qilinmadi. Umuman, Putin qo‘shinlari birorta yirik shaharni egallagani yo‘q, tabiiy ravishda jangsiz qo‘yib berilgan kichik aholi punktlarigina egallangan. Eng muhim egallangan obekt - Chernobil AES.

Shu paytgacha Ukraina mudofaasiga berilgan eng ko‘p zarar - raketalar orqali harbiy infratuzilma obektlari yo‘q qilinishi bo‘lyapti. 27 fevralga o‘tar kechasi Kiyev yaqinidagi neft bazasi va Xarkov yaqinida gaz quvuri portlatilgan, radioaktiv chiqindilar omboriga ham raketa borgan, faqat tashqi devordan o‘tmagan. 

Aviatsiyadan hozircha faol foydalanilmayapti. Harbiy ekspertlar fikricha, bunga Ukraina havo hujumidan himoya tizimi ishlashi va Rossiya harbiy aviatsiyasining bunday tizimlarga qarshi tajribasi yo‘qligi sabab. Bundan tashqari, ruslarning dronlari ham yo‘q. Ukraina havo hujumidan himoya tizimi yo‘q qilingachgina Rossiya aviatsiyadan keng foydalanishi mumkin. Hozircha tizim 20dan ortiq rus samolyot/vertolyotlarini urib tushirgan.

Rossiya armiyasining eng kuchli tarafi - tanklar va artilleriyadan faol foydalana olmayotgani bir tomondan ularning harakati uchun sharoit yo‘qligi bo‘lsa, boshqa tomondan mavjud texnika juda eskirgan va ishdan chiqish arafasida bo‘lib, uzoq masofa o‘rtasida buzilib, o‘chib qolayotgan holatlarning guvohliklari ko‘p tarqalmoqda.

Shu sababli hozircha raketalar bilan birga asosan maxsus kuchlar harakatlanmoqda. Tabiiyki, yaxshi tayyorlangan va vatanini himoya qilish uchun kuchli motivatsiyaga ega ukrain askarlari bilan urushda katta talafotlarga uchrayapti. Ukraina tomonidan berilgan oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra 3500 dan ortiq (26 fevral ma’lumoti) rus askari o‘ldirilgan, jumladan Chechenistondan yuborilgan maxsus kuchlarning qo‘mondonlaridan biri ham yo‘q qilingan.

Ukraina ushbu urush davomida o‘zining millat sifatida shakllanganini ko‘rsata oldi va jipslashuvi bilan bosqinchini shokka tushirdi. Tirik chiqmasligi mumkinligini bilsa ham prezident Zelenskiy hech qayerga ketmasdan mudofaaga boshchilik qilyapti. Sobiq prezident, milliarder Poroshenko, Kiyev meri Vitaliy Klichko poytaxt himoyasida qatnashyapti. Aslida ular siyosatga kirishdan oldin yetarlicha boylik orttirgan va hozir dunyoning istalgan nuqtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan odamlar. Saylangan yetakchilar mas’uliyatni qanday his qilishini etalon bo‘lib ko‘rsatishmoqda. Optimistik kelajakda bunday inson resurslari bilan tezda oyoqqa turishiga umid bor.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid