Jahon | 00:54 / 03.03.2022
48261
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Rossiyadan urushni to‘xtatishni talab qilib rezolyutsiya qabul qildi

Foto: BMT

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralab rezolyutsiya qabul qildi. Unda Moskvadan tezda Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatib, qo‘shinlarini olib chiqib ketish talab qilingan. BMTga ko‘ra, urush Rossiyani diplomatik maydonda yakkalashga olib kelgan.

BMTga a’zo 193 ta davlatning 141 tasi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan. Favqulodda yig‘ilishda ishtirok etgan 35 davlat bu borada betaraf qolgan. Jumladan Xitoy ham. Tashkilot rasmiy saytida aytilishicha, bunday favqulodda yig‘ilish oxirgi marta 1982 yil chaqirilgan.

Rezolyutsiyaga Rossiya bilan birga Belarus, Suriya, Eritreya va Shimoliy Koreya qarshi chiqqan. Rossiyaning uzoq yillik ittifoqchisi Serbiya ham rezolyutsiyani qo‘llagan. BMT qabul qilgan bu rezolyutsiya majburlovchi xarakterga ega emas, ammo siyosiy jihatdan Moskvaga bosim yanada oshishiga xizmat qilishi mumkin.

Foto: BMT

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya yig‘ilishda Rossiya tinch aholini o‘qqa tutayotganini rad etdi. Uning aytishicha, G‘arb davlatlari assambleya ishtirokchilariga bosim qilgan va shu orqali rezolyutsiya qabul qilinishiga erishgan. Nebenzya Rossiya Ukrainada DXR va LXRga yordam berish uchun harbiy operatsiya o‘tkazayotganini ta’kidladi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid