O‘zbekiston | 07:28 / 10.03.2022
7606
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan shaharchasining ikkinchi bosqichi loyihasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 mart kuni Yangi Namangan shaharchasining ikkinchi bosqichi loyihasi bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati xabarida aytilishicha, Namangan shahri ham iqtisodiyot, ham nufus jihatidan o‘sib bormoqda. So‘nggi besh yilda shahar aholisi 152 ming nafarga ko‘paygan. Shu davrda 300 dan ziyod ko‘p qavatli uylar qurilib, qariyb 65 ming fuqaro yangi xonadonga ega bo‘lgan.

Yangi Namangan shaharchasi loyihasining birinchi bosqichida 330 gektar maydonda 8 ming 500 xonadonli 184 ta uy-joy barpo etildi. Shuningdek, 145 gektar maydonda kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 10 ming yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bugungi kunda Namangan shahrida 30 ming fuqaroning uy-joyga ehtiyoji bor. Kelgusi yillarda shahar aholisi yiliga 25 ming nafarga ko‘payishi kutilmoqda.

“Shu bois, Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida Namangan shahrini “bir millionlik shahar”ga aylantirish va Yangi Namangan shaharchasini kengaytirishni aytgan edi. Taqdimotda ushbu shaharchaning ikkinchi bosqichi bosh rejasi ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unga ko‘ra, 272 gektar maydonda 20 ming xonadonga ega 171 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari uylarning sifati, infratuzilmasi qanday bo‘lishi bilan qiziqdi. Mutasaddilarga hozir ko‘p qavatli uylarda yashayotgan odamlar va talabgorlar bilan uchrashib, ularning takliflarini olish, shu asosida loyihani tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, batafsil rejalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Hududda uylarni va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini to‘g‘ri joylashtirish, binolarda milliy hunarmandchilikka xos bezaklardan foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Shaharcha hududida ish o‘rinlari tashkil etish, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda Yangi O‘zbekiston bog‘ini barpo etish ham rejalashtirilgan. Prezident bog‘ uchun daraxt ko‘chatlarini hozirdan yetishtirish, ko‘p qavatli uylar oldida va yo‘l bo‘ylarida ham daraxtlar ekish zarurligini ta’kidladi.

Namangan viloyatida kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash, ichki yo‘llar va ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Mutasaddilarga hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli ishini tashkil etish, mahallalarda sport maydonchalari, maishiy xizmat majmualari qurish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid