O‘zbekiston | 08:42 / 10.03.2022
22012
3 daqiqa o‘qiladi

Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi elektron shahodatnomaning davlat namunasi e’lon qilindi

Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi elektron shahodatnomaning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Prezidentning “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi “Elektron shahodatnoma” axborot tizimini joriy etish belgilangan.

Quyidagilar: 

  • tayanch o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi elektron shahodatnomaning davlat namunasi va uning tavsifi; 
  • umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi elektron shahodatnomaning davlat namunasi va uning tavsifi; 
  • psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabni (maktab-internat) tamomlaganlik to‘g‘risidagi elektron sertifikat namunasi va uning tavsifi;
  • umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida elektron shahodatnomalarni berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Xalq ta’limi vazirligi ikki oy muddatda “Elektron shahodatnoma” axborot tizimini ishlab chiqadi.

Belgilanishicha, “Elektron shahodatnoma” axborot tizimini yaratish hamda texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, integratsiya qilish masalalari bilan bog‘liq xarajatlar Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Tizimida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar, shuningdek, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (nodavlat ta’lim tashkilotlari bo‘yicha) ta’lim tashkilotlarida “Elektron shahodatnoma” axborot tizimiga 2022/2023 o‘quv yili va keyingi o‘quv yillari bitiruvchilar haqidagi ma’lumotlarni kiritib borilishini ta’minlaydi.

Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat test markazi 2022 yil 10 avgustga qadar “Elektron shahodatnoma” axborot tizimini “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali  “Abitur” maxsus elektron dasturiga integratsiya qiladi.

Mavzuga oid