Jahon | 17:25 / 11.03.2022
53954
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Ukrainadagi operatsiyasiga Yaqin Sharqdan ko‘ngillilar jalb qilinadi

Rossiya tomonining ma’lum qilishicha, Yaqin Sharqdan qariyb 16 ming kishi Donbassni “ozod qilish”da ishtirok etishni so‘rab murojaat qilgan. O‘tgan hafta g‘arb nashrlari Rossiya Ukrainadagi urushga “shahar sharoitida jang olib borish tajribasiga ega” suriyalik jangchilarni jalb qilishi haqida xabar tarqatgandi.

Foto: RIA Novosti

Yaqin Sharqdan qariyb 16 ming nafar ko‘ngilli Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini “ozod qilish” harakatida ishtirok etish istagini bildirdi, deya bayonot berdi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu. Bu haqda u 11 mart kuni RF Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin vazirning mazkur taklifini qo‘llab-quvvatladi.

“Agarda ko‘ngilli asosda, buning ustiga pul ishlash maqsadisiz Donbassdagi odamlarga yordam berishni istagan odamlar bo‘lsa, ularni qarshi olish va jangovar harakatlar hududiga o‘tishiga yordam berish kerak”, – dedi u.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, “g‘arblik homiylar” nizoda qatnashishni istagan “yollanma jangari”larni yig‘ayotganini yashirmayapti. “Buni xalqaro huquqning barcha me’yorlarini chetlab o‘tib, ochiqchasiga qilmoqda”, – ta’kidladi Putin.

11 mart kungi yig‘ilishda, shuningdek, Putin Shoyguning DXR va LXRga havo hujumidan mudofaa vositalari va tank hujumiga qarshi raketa komplekslari yetkazib berish taklifini ham ma’qulladi. Donbassdagi respublikalarga Ukrainada qo‘lga kiritilgan qurollar, jumladan Javelin va Stinger komplekslari ham taqdim etiladi.

Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Ukraina tarafida jang qilish istagini bildirgan xorijliklar soni 20 mingdan oshganini ma’lum qilgandi.

Rossiyaning Ukrainaga suriyalik yollanma jangchilarni yuborishi haqida, AQSh hukumatidagi manbalariga asoslanib, The Wall Street Journal 6 mart kuni xabar bergan edi. Xabarda “shahar sharoitida jang olib borish tajribasiga ega jangchilar” haqida so‘z borgandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid