O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi
Tomonlar vaziyatning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘ymaslik va mojaroni tez fursatda tartibga solish uchun siyosiy-diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birini tabriklab, samimiy istaklarini bildirdilar.
Ushbu tarixiy davrda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish borasida birgalikda katta ishlar qilingani, o‘zaro ishonch va sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yetakchilar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi amaliy hamkorlik holati va istiqbollarini ham muhokama qildilar, turli darajalarda muntazam siyosiy muloqot va faol aloqalarni davom ettirish muhim ekanini ta’kidladilar.
Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan savdo, investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Moliyaviy-texnik ko‘makni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni, eng avvalo, O‘zbekistonda nemis tilini chuqurlashtirilgan o‘qitish sohasida kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Prezidentlar xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. Vaziyatning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘ymaslik va mojaroni tez fursatda tartibga solish uchun siyosiy-diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Telefon muloqoti har doimgidek ishonch ruhida va do‘stona muhitda o‘tdi.
Mavzuga oid
21:48
Shavkat Mirziyoyev Muhammad bin Salmon bilan uchrashdi
19:17
Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topilishi muhimligini ta’kidladi
17:58
Britaniya va Fransiya Baydenni Ukraina Storm Shadow raketalaridan foydalanishiga ruxsat berishga ko‘ndirmoqchi
14:36