O‘zbekiston | 18:24 / 19.03.2022
16929
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqandning tubdan qayta qurilgan xalqaro aeroporti foydalanishga topshirildi

18 mart kuni Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali ochildi. Qayd etib o‘tish kerak, 2019 yilda boshlangan qurilish ishlari davomida aerovokzal binosi, aerodrom kompleksi to‘liq qayta qurilib, hattoki butunlay yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etildi.

Qayd etib o‘tish kerak, Samarqand xalqaro aeroportining mutlaqo yangilanishi asnosida aerovokzalning 4 qavatdan iborat binosi butunlay qayta qurildi. Uni yaratishda Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» kitobidan ilhom olingan va ochiq turgan kitob shaklida bunyod etildi.

Ochilish marosimida respublika va viloyat rahbarlari, aviatsiya sohasi faxriylari va xodimlari ishtirok etishdi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari, spotting-blogerlar ham hozir bo‘lishdi. Avval ramziy tasma kesildi.

Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va boshqalar aeroportni zamonaviylashtirish tashabbusi va amalga oshirilgan ishlar, uning ahamiyati haqida so‘zlab berishdi.

Aeroport binosi xalqaro va mahalliy parvozlar uchun birdek moslashtirildi. Samolyotlarga chiqish uchun ikkita darvoza va to‘rtta teleskopik trap barpo etildi. Natijada, terminalning yo‘lovchi o‘tkazish quvvati avvalgi 400 yo‘lovchidan soatiga 1000 yo‘lovchiga qadar — qariyb uch barobarga oshirildi.

Aerodrom kompleksida butunlay yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, 4 ta yangi burilish yo‘lkalari, 26 ta samolyotga mo‘ljallangan turargohlar barpo etildi.

Aerodrom zamonaviy radiolokatsiya va yoritish chiroqlari bilan ta’minlandi. Natijada aeroport chiroqlari osmonda 50 km masofadan ko‘zga tashlanadigan bo‘ldi. Bu jahondagi kamdan kam aeroportlarda mavjud qulaylik.

Alohida qayd etish lozimki, qurilish ishlari loyiha asosida mahalliy korxonalar va ishchilar tomonidan amalga oshirildi. Bu ham o‘z navbatida katta tajriba maktabi bo‘ldi va kelgusida bunday loyihalarni o‘z kuchimiz bilan amalga oshirish uchun asos yaratildi.

Endi Samarqandga har qanday tipdagi havo kemalari qo‘nishi mumkin, deydi «Uzbekistan Airports» AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Ra’no Jo‘rayeva, «Uzbekistan Airports» AJ boshqaruvi raisi

«2019 yilda aeroportni qayta qurish boshlanganida, ishlarni avvaliga «Uzbekistan Airports» AJ o‘zi mustaqil boshladi, keyin baribir DXSh to‘g‘risidagi qonun asosida loyiha qilishga qaror qildik. Investor ham topildi — «Air Marakanda».

Bu O‘zbekiston uchun shunday unikal tajribaki, bu yerda nafaqat yangi aeroport qurildi — garchi bu ham O‘zbekiston uchun kam kuzatilgan hodisa — rivojlantirishga investitsiya jalb qilishda rivojlangan bozorga asoslangan davlatlarning tajribasidan foydalanildi.

Shu sababli bu yerda orttirilgan tajriba O‘zbekiston aeroportlarini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi», — dedi R.Jo‘rayeva. 

Uning aytishicha, Samarqand aeroporti to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar sifatida ham,  O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab sayohat uyushtirish nuqtayi nazaridan ham butun dunyo aviakompaniyalari uchun qiziqarli nuqta.

«Bu yer ham ichki hab, ham xalqaro hab sifatida jozibali. Albatta, bu aeroportda yaratilgan sharoitlar katta o‘tkazish quvvatidan dalolat beradi.

Hozir bizda 2026 yilgacha O‘zbekistondagi barcha aeroportlarni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan. Barcha aeroportlar rekonstruksiya qilinadi, ayrim joylarda yangi vokzallar, yangi aerodrom komplekslari quriladi», — deya fikrini muxtasar qildi R.Jo‘rayeva.

Aerovokzal kompleksi eng so‘nggi rusumdagi texnologik yechimlar bilan ta’minlandi. Bagaj tekshirish va o‘tkazish, pasport nazorati, qayddan o‘tkazishda o‘z-o‘ziga xizmat qilish — bularning barchasi yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun qilingan. Aeroport binosida 29 ta qayddan o‘tkazish nuqtasi bor.

Shuningdek, yo‘lovchilar uchun yemakxonalar, suvenir va dyuti-fri do‘konlari, bolalar va onalar xonasi, ibodat xonalari ham qurib qo‘yilgan.

Yangi aeroport davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida «Air Marakanda» boshqaruv kompaniyasi tomonidan boshqariladi. Samarqand xalqaro aeroporti — xususiy kompaniya tomonidan boshqariladigan O‘zbekistondagi yagona aeroport bo‘lib turibdi.

Hilmi Yilmaz, «Air Marakanda» boshqaruv kompaniyasi direktorining o‘rinbosari.

«Yo‘lovchilarimizga Yevropa va jahon standartlarida xizmat ko‘rsatishni maqsad qilganmiz. Uchib kelayotganlar va ketayotganlar jahon andazasidagi barcha qulayliklarga ega bo‘lishlari, huzurli vaqt kechirishlarini ta’minlaymiz. 

Terminal binomizda eng so‘nggi texnologiyalardan foydalanganmiz. Bagaj tizimi, ro‘yxatdan o‘tkazish tizimida eng so‘nggi texnologiyalarni joriy etganmiz», — deydi «Air Marakanda» boshqaruv kompaniyasi direktorining o‘rinbosari Hilmi Yilmaz.

Butkul yangi qiyofaga ega bo‘lgan Samarqand xalqaro aeroporti endi mamlakatimizni turli davlatlar bilan bog‘lovchi muhim transport habiga aylanadi. Ko‘plab davlatlarga yangi yo‘nalishlar ochiladi. Reyslar soni hozirgi 40 tadan haftasiga 120 taga yetkaziladi.

O‘zbekistonda turizm sohasini yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim transport tuguni bo‘ladi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri

Operator va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid