Jahon | 12:28 / 20.03.2022
8717
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina hukumati: Chornobayivkada yana bir general halok bo‘ldi

Ukrainadagi harbiy harakatlar chog‘ida Rossiya Janubiy harbiy okrugining 8-armiyasi qo‘mondoni, general-leytenant Andrey Mordvichev halok bo‘lgan. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich, shuningdek Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi hamda mamlakat IIV xabar berdi.

Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Donbassdagi harbiy harakatlarga jalb etilgan qism qo‘mondoni bo‘lgan Mordvichev Xerson oblasti Chornobayivka rayoni hududida Ukraina qurolli kuchlari tomonidan berilgan zarba oqibatida halok bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, gap aerodrom uchun janglar haqida ketmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabining 19 mart kungi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Rossiyaning shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlari soni 14,4 ming kishidan oshgan. Ammo bu raqam yaralanganlar va asirga tushganlarni ham o‘z ichiga olish-olmasligiga aniqlik kiritilmagan.

Rossiya tomoni Mordvichevning o‘limi haqidagi xabarni tasdiqlamagan. RF mudofaa vazirligi faqat bir marta o‘zining urushdagi yo‘qotishlari to‘g‘risida xabar bergan. 2 mart kuni vazirlik Ukrainada 498 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani, yana 1597 kishi yaralangani haqida ma’lum qilgandi.

Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra Andrey Mordvichev Ukrainadagi harbiy harakatlar hududida halok bo‘lgan beshinchi generalga aylandi.

Bungacha ukrainlar  Sharqiy harbiy okrugning 29-qo‘shma qurolli kuchlari qo‘mondoni general-mayor Andrey Kolesnikov hamda Markaziy harbiy okrugning 41-qo‘shma qurolli kuchlarining ikki general-mayori — Andrey Suxovetskiy va Vitaliy Gerasimov halok bo‘lgani haqida xabar qilgandi.

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash va axborot xavfsizligi markazining Rossiya qurolli kuchlari qo‘mondonlik shtabi Rosgvardiya general-mayori Magomed Tushayevning o‘limi haqida xabar bergan. Checheniston hukumati uning o‘limini tasdiqlamagan. Qurbonlar qatorida 150-motoo‘qchilar diviziyasi komandiri general-mayor Oleg Mityayevning nomi ham keltirilgan.

Harbiy harakatlar chog‘ida tomonlarning ma’lumotlarini mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid