Zelenskiy Ukraina osmonini yopishni so‘ramoqda. Bu nima degani?
Ukrainada 24 fevraldan buyon harbiy harakatlar davom etmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy NATO va AQShdan Ukraina osmonini yopishni so‘ramoqda. Zelenskiyning fikricha, Ukraina osmonining yopilishi mudofaa uchun hal qiluvchi omil bo‘ladi. Osmonni yopish nima degani? Bu qanday amalga oshiriladi?
No-Fly Zone
Ukraina so‘rayotgan narsa xalqaro miqyosda No-Fly Zone deyiladi. Ya’ni uchish taqiqlangan hudud. Bu butun mamlakat yoki uning bir qismiga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Ma’lum hududda parvozlarni taqiqlash o‘sha hududda havodan harbiy hujum amalga oshirilayotgan vaqtda kerak bo‘ladi. Hozir Ukraina aynan shunday holatda. Uchish taqiqlangan hududda qandaydir uskuna yordamida parvozni amalga oshirishga texnik jihatdan qarshilik qilib bo‘lmaydi. Bu bevosita qurol yordamida qilinadigan ish.
Masalan, biror davlat yoki harbiy blok falon davlatda uchish taqiqlanganini e’lon qiladi. Agar belgilangan hududga raketa, samolyot, vertolyot yoki boshqa uchuvchi texnikalar uchib kirsa, u urib tushiriladi. Bu ishni belgilangan hududda uchishni taqiqlagan tomon amalga oshiradi: hududni havo hujumidan himoya vositalari bilan o‘rab oladi yoki harbiy aviatsiya patruli tashkil etadi. Uchish taqiqlangan hudud kosmosdan ham maxsus nazoratga olinadi. Oddiy qilib aytganda, No-Fly Zone'ga «qush ham uchib kirolmaydi».
Bu nega kerak?
Ukraina G‘arbdan aynan shuni – Rossiya harbiy samolyotlari va uchuvchisiz dronlari uchun o‘z osmonini yopishni so‘ramoqda. Chunki Ukraina bu ishni mustaqil amalga oshira oladigan qudratga ega emas. Rossiya bilan to‘qnashuvlarda ko‘rindiki, Ukraina quruqlikda himoyalanishda kutilganidan ancha chayir bo‘lib chiqdi. Rossiya Ukraina yerda bu qadar jiddiy qarshilik qilishini kutmagandi. Rossiya harbiy harakatlar boshlaganidan buyon 24 kun o‘tdi hamki, Kiyev qulamayapti. Quruqlikdagi muvaffaqiyatlar ukrainaliklarning ruhiyatiga ham ko‘tarinkilik baxsh etgan. Havodan esa Ukraina Rossiyaga qarshilik qila olishi shunchaki fantastikadan boshqa narsa emas.
Hozirda Rossiya harbiy harakatlarga yuzlab qiruvchi samolyot jalb etgan. Ukraina qurolli kuchlari 24 fevraldan buyon Rossiyaning 118 ta vertolyoti va 96 ta samolyotini urib tushirganini aytmoqda. Ammo raketalarni urib tushirish samolyotlarni urishdan ancha qiyin. Chunki ular juda katta tezlikda harakatlanadi (19 mart kuni ilk marta qo‘llangan «Kinjal» aeroballistik raketasi hatto tovushdan tezroq uchadi). Rus raketasining asosiy ustunligi esa radarlarda ko‘rinmay, nishondan qocha olishi, ya’ni «sirpanchiqligi»da.
Quruqlikda ham Ukraina bir necha baravar kuchsiz edi, butun mamlakat armiyaga aylanib ketgani hisobigagina qarshilik jiddiy tus oldi. Ammo xalq havo hujumidan, raketa hujumidan mudofaaga yordam bera olmaydi. Bu Molotov kokteyli bilan tankni portlatish emas har holda.
G‘arb nega osmonni yopishga rozi bo‘lmayapti?
AQSh Kongressida nutq so‘zlagan Vladimir Zelenskiy yana bir marta AQShdan o‘z osmonini yopib berishni so‘radi. Ko‘p o‘tmay Oq uy rasmiy vakili Jyen Psaki AQSh buni qila olmasligini aytdi. «Biz uchinchi jahon urushi boshlanishini istamaymiz», dedi Baydenning matbuot kotibi.
Amerika Ukraina osmonini yopishni o‘z gardaniga oladigan bo‘lsa, Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga borishini biladi. Chunki Ukraina osmonini yopish uchun Amerika Rossiya uchoqlari yoki raketalarini urib tushirishi kerak bo‘ladi. Bu esa Bayden aytganiday uchinchi jahon urushi boshlanishi demakdir. Ikki yadro davlati to‘qnashuvi dunyo ko‘tara olmaydigan ofatlar olib kelishini anglash qiyin emas.
NATOda ham shunday xavotir bor. Alyans havo hujumidan himoya vositalari bilan Ukrainani o‘rab olishining o‘zi Rossiya «keyingi bosqichga o‘tishi uchun» yetarli bo‘ladi. Bir narsani tushunish kerak: gap AQSh va NATO Rossiyadan qo‘rqishida emas, bunaqa emasligini hamma biladi, G‘arb tavakkal qilib millionlab odamlarning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqchi emas.
Ukraina nima qila oladi?
AQSh va NATO Ukrainaga bir dona ham askarlari kirmasligini bot-bot takrorlamoqda. Ammo ittifoqchi o‘laroq Ukrainaga zamonaviy mudofaa qurollari berib turibdi. Slovakiya Ukrainaga o‘z ixtiyorida bo‘lgan Rossiyada ishlab chiqarilgan havo hujumidan himoya qiluvchi S-300 raketa kompleksini yetkazib bermoqchi. Evaziga AQSh Patriot raketa komplekslaridan berishi kerak bo‘ladi. Lekin bir davlat ixtiyoridagi S-300 majmualari osmonni yopish uchun yetarli emas.
NATOdan Ukraina osmonini yopish so‘ralgan xalqaro petitsiya ham e’lon qilindi. 3 mart kuniyoq petitsiya milliondan ortiq ovoz to‘pladi. Bu talab qilinganidan imzolar rejasi 107 foizga bajarildi degani. Shunday bo‘lsa-da, Ukraina bunday ko‘makka umid qilmasa ham bo‘ladi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyans Ukrainadagi voqealarga quruqlikdan ham, havodan ham aralashmasligini aytgan.
2013–2016 yillarda NATO qo‘shinlari bosh qo‘mondoni bo‘lgan general Bridlav No-Fly Zone e’lon qilish [Rossiyaga] urush ochish bilan teng ekanini aytdi. Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham shunday fikrda: «Axir Britaniya No-Fly Zone» e’lon qilsa, Rossiya samolyotlarini urib tushirishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv degani».
Ukraina har qancha rad javobini olsa ham, osmoni yopilishini so‘rab tinimsiz chiqishlar qilmoqda. Mamlakat bosh vaziri Dmitriy Kuleba ham shunday chaqiriq bilan chiqdi. «Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochish haqida har qancha o‘ylashingiz mumkin, ammo hozir bizga yordam bermasangiz, bu to‘qnashuv aniq yuz beradi. Shu uchun aynan hozir harakat qilish kerak», dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri G‘arbga murojaat qilar ekan.
Ukraina o‘z osmoni yopilishi uchun har qanday vositalarni ishga solmoqda. Masalan, BMT qoshidagi xalqaro atom energiyasi tashkilotiga murojaat qilgan Ukraina mamlakatdagi AESlar xavf ostida qolgani sabab NATOdan Ukraina osmonini yopishni so‘rashini iltimos qildi.
Osmonni yopish amalda bor tajribami?
Deyarli barcha mamlakatda No-Fly Zone mavjud. Davlatlar strategik obektlar, hukumat binolari, teatr, parklar, umuman, odamlar to‘planadigan joylar ustidan uchishini taqiqlab qo‘yib, No-Fly Zone joriy qiladi. O‘sha havo hududidan hech narsa uchib o‘tolmasligini aviatsiya yoki yer-osmon tizimidagi raketa komplekslari ta’minlaydi. Samolyotlar tablosida ham uchish taqiqlangan hudud borligi ko‘rinib, uchuvchi o‘sha yerni aylanib uchadi. Ya’ni osmonni yopish tajribasi faqat urush vaqtida amal qilmaydi. Hatto 2012 yil London olimpiadasi ochilish marosimi vaqtida stadion uzra No-Fly Zone joriy qilingan. Bu Britaniya hukumati tomonidan ramziy ma’noda amalga oshirilgani aytiladi.
1992 yil NATO Yugoslaviyada urush boshlagan vaqtda Bosniya osmoni yopiladi. Bu ish BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga asosan amalga oshiriladi. Boshlanishiga samolyotlar parvozni davom ettiradi, ammo NATO osmonda to‘liq patrul tashkil etgach, hech kim Bosniya osmonida harakatlana olmaydi. Hozir BMT bunday rezolyutsiya qabul qilishi imkonsiz, chunki Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolaridan biri Rossiya hisoblanadi. Kengashning doimiy a’zosi bo‘lgan AQSh, Britaniya, Xitoy, Fransiya va Rossiyaning veto huquqi bor, ulardan birining roziligisiz Xavfsizlik kengashi hech qanday qaror chiqara olmaydi.
2011 yil NATO Liviya osmonini yopgan. 2019-20 yillarda esa Liviya armiyasining o‘zi mamlakat osmonini yopadi. 1991 yilda Saddam Husaynga qarshi koalitsiya Iroq janubi va shimolida uchish taqiqlangan hudud joriy qiladi. AQSh va ittifoqchilari bu ishni BMT rezolyutsiyasisiz amalga oshirishadi. Ularning iddaosicha, osmoni yopilgan hududlarda Saddam Husayn kurdlarga tahdid qilgan.
Byurokratik to‘siq
Qisqasini aytganda, ayni damda Ukarina prezidenti aytayotgan osmonni yopish talabi texnik jihatdan emas, byurokratik jihatdan imkonsiz. NATO uchun Ukraina osmonini yopish muammo emas. Alyansning yon atrofidagi har qanday mamlakatdan turib buni amalga oshirish mumkin. Buning uchun kosmik razvedka va havo hujumidan himoya vositalari bo‘lsa kifoya. Ammo NATO bu ishni BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasisiz qila olmaydi. Kengashda esa har qanday qarorga veto qo‘ya oladigan Rossiya bor. NATO hali bu haqda gapirgani ham yo‘q, chunki Ukrainani har qancha qo‘llamasin, G‘arb o‘z fuqarolarini xavf ostiga qo‘ya olmaydi.
O‘tkir Jalolxonov
Mavzuga oid
22:59 / 26.11.2024
Ukraina – Janubiy Koreya: kutilmaganda paydo bo‘lgan ittifoq
20:59 / 26.11.2024
Prezidentga transport sohasidagi transformatsiya jarayonlari taqdim etildi
19:07 / 26.11.2024
Ukraina armiyasiga yollangan britaniyalik Rossiyada asirlikka tushdi
17:41 / 26.11.2024