O‘zbekiston | 20:52 / 23.03.2022
7346
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Tatariston prezidenti boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston hududlarining Tatariston bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Ilgari erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki mamlakat yetakchi korxonalari o‘rtasida sheriklik aloqalari va kooperatsiya rivojlanayotganining ilk muhim natijalari qayd etilgan.

«O‘zaro savdo hajmi ortib, nomenklaturasi sifatli kengaymoqda, qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bugun Toshkent viloyatida yangi «Chirchiq» texnologik parki qo‘shma loyihasiga start berildi. Gumanitar yo‘nalishda, shu jumladan, ta’lim va madaniyat sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasi, axborot texnologiyalari, transport va logistika, farmatsevtika va turizm sohalarida loyihalarni yanada ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan. Turli darajalardagi faol muloqotlarni va «yo‘l xaritasi» asosida birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib olingan.

Mavzuga oid