O‘zbekiston | 18:13 / 24.03.2022
9968
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an shu oy oxirida O‘zbekistonga keladi

2020 yil, Anqara. O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashida

Joriy yil 29-31 mart kunlari Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston - Turkiya munosabatlarining 30 yilligiga bag‘ishlangan maxsus tadbir ma’lumotnomasida aytilgan.

Avvalroq Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar yaqin kunlarda prezident Erdo‘g‘an O‘zbekistonga tashrif buyurishi va ikki mamlakat o‘zaro savdo aylanmasini 10 milliard dollarga oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.

“2019 yilda 2,3 milliard AQSh dollari ko‘rsatkichi bilan ikki tomonlama savdo hajmi bo‘yicha erishilgan rekord natija 2021 yilda yangilanib, 3,6 milliard dollarga yetdi.

Ikki davlat yetakchilari so‘nggi uchrashuvida tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish marra qilib qo‘yilgan edi. Keyinchalik buni 10 milliard dollarga yetkazish salohiyati borligi ma’lum bo‘ldi va yaqin kelajakda shu raqamlarga yetishga harakat qilyapmiz”, – degandi Olgan Bekar.

1 mart kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham elchi bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida, tomonlar turk maktabini kengaytirish uchun yer maydonini ajratish va Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomini Toshkent ko‘chalaridan biriga berish hamda Toshkentda qurilish bilan shug‘ullanayotgan turk kompaniyalari masalalari muhokama etilgandi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid