Toshkentda AYoQSh ishchisiga qabr kovlatgan «reketchi»larga hukm o‘qildi
Sudlanuvchilar avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi ishchisini Do‘mbirobod qabristoniga olib borib, o‘zi uchun qabr qazishga majburlashgan. Kovlangan qabrga uni ko‘mib tashlash bilan tahdid qilishgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida tuman sudi raisi o‘rinbosari Akmal Mirzaxonov raisligida muqaddam sudlanganiga qaramasdan, bundan xulosa chiqarmagan shaxsga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
1997 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi Chilonzor tumanida joylashgan benzin quyish shoxobchasida ishlovchi fuqaroning yosh jihatidan kichik ekanidan foydalanib, uni kaltaklaydi. U AYoQSh ishchisidan har kuni ishlab topadigan pulining bir qismini berib turishini, aks holda ustidan rahbariga shikoyat qilib ishdan bo‘shattirishini, bundan tashqari, o‘zi va onasini kaltaklashini aytib qo‘rqitadi.
Shu tariqa, zo‘ravon ojiz ahvoldagi shaxsdan har kuni turli miqdorida pul olib keladi. Sudda u jabrlanuvchidan umumiy hisobda 4 mln so‘m miqdorida pullarni olib, ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani ma’lum qilindi.
Sudlanuvchi bu jinoiy harakati bilan kifoyalanmaydi. Balki uch nafar tanishi bilan til biriktirib, AYoQSh ishchisiga zo‘rlik ishlatib, Chilonzor tumanidagi Do‘mbirobod qabristoniga olib borishadi. Reketchilar uni o‘zi uchun qabr kovlashga majburlab, yo‘rig‘iga yurdirish uchun tanasining bir necha joyini pichoq bilan jarohatlashadi. Mushtumzo‘rlar kovlangan qabrga yigitning o‘zini ko‘mib ketishlarini aytib tahdid qilishadi. Ular jarayonni telefonda videoga olib, agar ularning ustidan biror joyga shikoyat qiladigan bo‘lsa, videoni internetga tarqatib yuborish bilan po‘pisa qilishadi.
Sudda sudlanuvchilar jabrlanuvchi sintetik narkotiklarga ruju qo‘ygani bois uni bu yo‘ldan qaytarish uchun qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lishgani, buni jabrlanuvchining o‘zi iltimos qilganini aytishgan.
«Jabrlanuvchini yoshligidan ukamizday ko‘ramiz. Yomon yo‘lga kirib qolgan ekan. Bir-ikki marta tushuntirdik. Foydasi bo‘lmadi. Oxirgi marta tushuntirganimizda o‘zi yana bir marta shu yo‘lga kiradigan bo‘lsam, ya’ni tabletka ichsam yoki sintetik kley hidlasam, mozorga olib borib qabr kovlatib, meni qo‘rqitinglar deb aytgandi. U shunday qilsanglar bu yo‘ldan qaytaman, boshqa iloji yo‘q, borgan sari bu yo‘lga chuqur kirib ketyapman, degandi.
Shu gapidan so‘ng yana giyohvandlikka o‘ralashib qolganini bilib qoldim va kechqurun uni qidirib topdim. Keyin «o‘ris» mozorga olib borib o‘zi so‘ragan ishni qildik. Uni pichoqlamaganmiz, qolaversa, pichoq uniki edi, faqat pichog‘i bilan qo‘rqitganmiz xolos», deb aytgan jinoiy guruh yetakchisi.
O‘zlarini o‘tmishdagi «reketchi»lardek tasavvur qilgan jinoiy guruh a’zolari boshqa bir fuqaroni ham mashinaga solib, Do‘mbirobod qabristoniga olib borishadi. Uni ham kaltaklab o‘ziga qabr kovlashga majburlashadi va shu yerga ko‘mib ketish bilan qo‘rqitishadi. Ushbu holatni ham o‘zlari videoga olishadi. Jabrlanuvchidan 1,8 mln so‘mlik RedMi-8 markali telefon qurilmasini olib qo‘yib, bo‘lib o‘tgan voqea haqida qayergadir shikoyat qilsa, videoni internetga tarqatib yuborish bilan qo‘rqitishadi.
Sud majlisida zo‘ravonlar ayblarini tan olishgan.
«Jabrlanuvchilarning biridan 4 mln, boshqasidan 1,5 mln olingan ekan. Bu pullarning hammasini qaytardik. Hech narsasi qolmagan bizda. Ikkita telefon olingan. O‘zimiz bilmagan holda yomon yo‘lga kirib qoldik. Hozir ich-ichimizdan pushaymonmiz. Bir kunimiz bir oy-u qirq kundek o‘tyapti», degan sudlanuvchi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi tomonidan sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlandi. Jumladan, uch nafar sudlanuvchi 10 yil-u 2 oy, 6 yil hamda 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, ikki nafar voyaga yetmagan shaxsning biriga 3 yil muddatga ozodlik cheklash jazosi tayinlangan, ikkinchisiga ikki yil sinov muddati berilgan. Ulardan biri jabrlanuvchining o‘zi bo‘lib, u 241-modda (Jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) bo‘yicha sudlangan.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024