Jamiyat | 11:46 / 11.04.2022
20652
3 daqiqa o‘qiladi

«Yasagan modellarim jahon bozorida sotilyapti» – imkoniyati cheklangan yosh dizayner

Muhammadayub Alimov tug‘ma II guruh nogironi. 2006 yilda tug‘ilgan Muhammadayub maktabda 9-sinfda o‘qiydi.

O‘qishdan tashqari Marg‘ilon shahridagi Raqamli texnologiyalar markazida tahsil oladi. Muhammadayub markazga 3D Max’ga (kompyuterda model va interer yaratish) ixtisoslashgan kursga kelishni boshlagan. Hozirda u frilanserlik faoliyatiga o‘tib, yasagan modellari jahon elektron bozorlarida sotila boshladi.

“2021 yilning yoz oyida Raqamli texnologiyalar markaziga kelganman. Shu paytgacha saytlarga modellar joylab, jahon bozorlarida daromad topyapman.

Asosan vanna va qandillar yasayman. Tajribamni oshirib, kattaroq, kuchliroq modellarni yasashga harakat qilyapman. Kelajakda shu yo‘nalishda bilim va tajribamni oshirmoqchiman.

Asosan modellarimning yasalishiga, dizayniga, ko‘rinishiga e’tibor beraman. Keyin ularni saytlarga joylab boraman. Yoshligimdan kompyuter yo‘nalishini o‘rganmoqchi bo‘lib, maktabdagi ustozlarimga bu haqda ko‘p aytardim. IT markazi ochilganini bilib kelib, kursga yozilib shu soha bo‘yicha izlanyapman”, – deydi u.

Muhammadayubning otasi tadbirkor, onasi uy bekasi. Ular oilada 3 nafar farzand bo‘lib, Muhammadayub o‘rtancha farzand.

“Boshlang‘ich kurslarimizdayoq Muhammadayubning shu sohaga qiziqishi, iqtidori borligini bilib, uni modellashtirishga yo‘naltirganmiz.

Asosiy yo‘naltirgan ishimiz chet el bozorlarida 3D modellar sotishdan iborat. O‘zi yasagan modellarni chet el bozorlarida sotishni boshlagandan keyin bunga qo‘shimcha qilib chet eldan buyurtmalar olish, ya’ni bozorga emas, buyurtmachilar uchun alohida ish qilishni shakllantirmoqchimiz.

Qandil modellari yasash uchun Muhammadayubga alohida yo‘nalish qilib berdik” – deydi markaz xodimi Abdusattor Egamberdiyev.

Muhammadayubning kelajakdagi maqsadi – ko‘proq modellar yaratish orqali frilanserlik faoliyatini kengaytirish hamda imkoniyati cheklanganlarga zamonaviy kasblarni o‘rgatishda o‘z bilim va malakasi bilan hissa qo‘shishdan iborat.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid