Jahon | 09:26 / 13.04.2022
12443
3 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyevning jiyani «Qozoqtelekom» aksiyalarini davlatga qaytardi

Nazarboyevning hibsga olingan jiyani Qayrat Sotiboldiga tegishli Qozog‘iston kompaniyalari «Qozoqtelekom»ning jami 28,8 foiz aksiyasini davlatga o‘tkazdi.

Foto: Kapital.kz

Qozog‘iston hukumati Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldiga tegishli kompaniyalar «Qozoqtelekom» aksiyalarining 30 foizga yaqinini davlat mulkiga qaytarganini e’lon qildi, Sotiboldining o‘zi noqonuniy o‘zlashtirishda gumon qilinib hibsga olingan. 

«Qozoqtelekom»ning aksiyadorlari - Skyline Investment Company S.A. va Alatau Capital Investment shirkatlari o‘zining 28,8 foizlik aksiyalari umumiy ulushini davlat mulkiga o‘tkazishga qaror qildi, deya xabar berilgan 12 aprel, seshanba kuni Qozog‘iston hukumati saytida. 

Qaror matnida mazkur kompaniyalarning takliflari qabul qilinib, «Qozoqtelekom» ustav kapitalining 24,95 foizini tashkil etuvchi 2 million 671 ming 481 dona oddiy aksiya Skyline Investment Company S.A.’dan respublika mulkiga beg‘araz o‘tkazilishi qayd etilgan. O‘z navbatida, Alatau Capital Investment «Qozoqtelekom» ustav kapitalining 3,85 foizini tashkil etuvchi 413 412 dona oddiy aksiyalarni davlatga o‘tkazadi. 

Mart oyi o‘rtalarida Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi xizmati Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldini «Qozoqtelekom»dagi mablag‘larni o‘zlashtirishda gumon qilib, hibsga olgan edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u «Qozoqtelekom»ning 24 foiz ulushiga ega bo‘lgan Skyline Investment Company S.A. ofshor kompaniyasining yagona ta’sischisi bo‘lgan. Bundan tashqari, OAV 2016 yilda Sotiboldi o‘zining Alatau Capital Invest kompaniyasi orqali «Qozoqtelekom» aksiyalarining 4 foizga yaqinini sotib olgani haqida xabar bergan.

Qayrat Sotiboldi - Nazarboyevlar oilasi a’zolaridan biri, respublika sobiq prezidenti ukasining o‘g‘li. U Forbes Kazakhstan talqiniga ko‘ra mamlakatning eng nufuzli biznesmenlari ro‘yxatiga kiritilgan, 2018 yilda uning boyligi 163 million dollarga baholangan. Qayrat Sotiboldi davlat xizmatida ishlagan, Qozog‘iston poytaxti hokimining o‘rinbosari bo‘lgan, milliy kompaniyalarda mas’ul lavozimlarda ishlagan. 

Nursulton Nazarboyev 2019 yilning mart oyida Qozog‘iston prezidenti lavozimini tark etib, xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalq assambleyasi raisi bo‘lgan. 2021 yilning aprelida u Qozog‘iston xalq assambleyasi rahbari vakolatlarini amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga topshirdi. Yanvar oyidagi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar paytida u Nazarboyevni nufuzli organ – xavfsizlik kengashi raisligidan chetlashtirdi.  Biroz vaqt o‘tgach, Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning yagona yetakchisiga aylangan To‘qayevga hukmron «Nur Otan» partiyasi raisligini ham topshirdi. 

Mavzuga oid