Jahon | 22:49 / 10.01.2024
19896
3 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyevning jiyani Qozog‘istondan noqonuniy olib chiqilgan 1,4 milliard dollarni davlatga qaytardi 

Hozir u 6 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. 

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi kurash xizmati sudlangan tadbirkor Qayrat Sotiboldi davlatga 650 milliard tengeni (1,4 milliard dollar) qaytarganini ma’lum qildi, deb yozdi Tengrinews. 

Departament rasmiy vakili Arman Tleukanovning aytishicha, Qayrat Sotiboldiga nisbatan jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish bo‘yicha 218-modda 3-qismi bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv ishlari yakunlangan. 

«Qayrat Sotiboldi jinoiy yo‘l bilan olingan mablag‘lar va noqonuniy orttirilgan daromaddan foydalangan holda turli xil mulk sotib olgan, shu jumladan chet elda. Bu ish hozir sudda. Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha yana bir epizod qayd etilgan bo‘lib, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», dedi u. 

Tleukanovning aniqlik kiritishicha, shu kungacha davlatga qaytarilgan mablag‘larning umumiy miqdori 912 milliard tengeni (2 milliard dollar) tashkil etadi. 

Qayrat Sotiboldi Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani. 2022 yil mart oyida u «Qazaqtelekom» aloqa operatoridan mablag‘larni o‘g‘irlash va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumonlanib hibsga olingan edi. 

Nazarboyevning jiyani «Qazaqtelekom» aksiyalarining 24 foizdan ortig‘iga egalik qiluvchi Skyline Investment ofshor kompaniyasi asoschisi bo‘lgan. 

O‘sha yilning sentabr oyida Sotiboldi mansab vakolatini suiiste’mol qilish va ikki kompaniyaning mablag‘larini o‘g‘irlashda aybdor deb topildi. U mol-mulki musodara qilinib, muayyan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. U aybini tan oldi va yetkazilgan zararni qopladi, bu esa yengillashtiruvchi holatga aylandi. 

2023 yil dekabr oyida Sotiboldi shartli ravishda ozod qilish to‘g‘risida ariza berdi. Ammo sud qamoqxonadagi xulq-atvori namunali emasligi va bir qancha qoidalarni buzganini ta’kidlab, arizani rad qildi.

Mavzuga oid